Raphinha transfer mish-mishlariga keskin munosabat bildirdi

Barselona hujumchisi Raphinha o‘zining klubdagi kelajagi borasida tarqalayotgan xabarlardan noroziligini yashirmadi. Braziliyalik futbolchi matbuotda uning jamoadan ketishi haqida yozilayotgan gap-so‘zlarni mutlaqo yolg‘on deb atadi va ayrim jurnalistlarni ataylab vaziyatni izdan chiqarishda aybladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
ESPN nashriga bergan intervyusida Raphinha Barselonaga kelgan ilk kunidanoq uning ketishi haqida mish-mishlar tarqatilayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim OAV vakillari uning klubda qolishini istashmaydi va ataylab noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatish orqali jamoa ichidagi muhitga ta’sir o‘tkazishga urinishmoqda.
Futbolchi hozirda barcha e’tiborini Real Madridga qarshi bo‘lib o‘tadigan El-Klasikoga qaratganini bildirdi. Barselona ayni damda La Liga turnir jadvalida yaqqol peshqadamlik qilmoqda va ushbu bahsda g‘alaba qozonish chempionlik masalasini deyarli hal qiladi.
Raphinha uchun eng muhim vazifa raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar, chempionlik unvonini qo‘lga kiritishdir. Uning fikricha, aynan Real Madrid ustidan qozoniladigan g‘alaba orqali sovrinni naqd qilish muxlislar uchun ikki karra quvonchli voqea bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!