Rossiyada qorong‘u materiyani izlovchi yangi gamma-teleskop yaratildi

Rossiya Milliy tadqiqot yadro universiteti (MIFI) olimlari zamonaviy astrofizikaning dolzarb muammolarini hal qilishga qaratilgan yangi gamma-teleskop prototipini ishlab chiqdi. Mazkur qurilma yuqori energiyali gamma-nurlanishni o‘rganish, shuningdek, qorong‘u materiya va sirli gamma-chaqnashlar signallarini aniqlash uchun mo‘ljallangan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi ishlanmaning asosiy afzalligi — gamma-kvantlarni zaryadlangan kosmik zarralardan ajratib olish qobiliyatining yuqoriligidir. MIFI vakillarining ta’kidlashicha, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha qurilma Amerikaning mashhur Fermi gamma-teleskopidan ham ustunlik qiladi. Bu esa kosmik kuzatuvlar aniqligini sezilarli darajada oshiradi.
Gamma-astronomiya sohasida nurlanishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri fokuslash imkonsiz bo‘lgani sababli, olimlar uni bilvosita usullar bilan qayd etishadi. Yangi tizimda gamma-kvant konverter-trekerga tushib, elektron-pozitron juftligini hosil qiladi, ularning harakati esa maxsus detektorlar orqali kuzatiladi. Tizimga o‘rnatilgan vaqtga sezgir himoya mexanizmi shovqinlarni yo‘qotib, foydali signalni aniq ajratib olish imkonini beradi.
Prototip allaqachon Troitskdagi «Paxra» tezlatgich majmuasida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tdi va o‘z samaradorligini tasdiqladi. Kelgusida ushbu teleskopni kosmik apparatga o‘rnatish rejalashtirilgan. Uning asosiy vazifasi pulsarlar, quyosh chaqnashlari va koinotdagi eng murakkab hodisalarni tadqiq qilishdan iborat bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!