Mamlakat iqtisodiyotning milliy tarmoqlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning, shu jumladan imtiyoz va preferensiyalar berishdan ko‘zlangan maqsad sohani rivojlantirish, raqobatbardoshlikni oshirish hamda to‘laqonli sog‘lom raqobat muhitida ishlashga tayyorlashdir.
Biroq, amaliyot shuni ko‘rsatadiki, taqdim etilgan imtiyozlar va preferensiyalardan samarasiz foydalanish tarmoqlarning rivojlanishiga salbiy ta’sir qilib, bozor monopollashuvini rag‘batlantirishi mumkin.
Shuningdek o‘rganish natijalariga ko‘ra, respublikamizda imtiyozlar va preferensiyalardan soliqdan qochish vositasi sifatida foydalanish oqibatida suistemolliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi, xujalik yurituvchi sub’ektlarga imtiyozlar taqdim etilishining shaffof mexanizmlari joriy etilmaganligi, ularni taqdim etishdan kuzlangan maqsadlarga erishilganligini baholash va foydalanish ustidan tizimli monitoring o‘rnatilmaganligi, muddatsiz imtiyozlarni berish holatlari ortib borayotganligi, imtiyoz berish shartlari hamda uni tugatish va bekor qilishning huquqiy asoslari mavjud emasligi kabi omillar sabab bo‘layotganligi aniqlandi.
Bugungi kunda, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga soliq va bojxona to‘lovlarini to‘lamaslik yoki ularni kamroq miqdorda to‘lash, tender savdolarsiz xarid qilish, imtiyozli kreditlash, ayrim turdagi faoliyat turlarini imtiyozli ravishda amalga oshirish va boshqa turli hil eksklyuziv huquqlar taqdim etilgan. Shu bilan birga, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga taqdim etilayotgan afzalliklarning qaysi turi imtiyoz hisoblanishi, imtiyozlar kanaka ko‘rinishda bo‘lishi amaldagi qonun hujjatlarida aniq belgilab berilmagan.
Soliq kodeksining 75-moddasiga ko‘ra, soliq to‘lovchilarning ayrim toifalariga boshqa soliq to‘lovchilarga nisbatan soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan afzalliklar, shu jumladan soliqni to‘lamaslik yoki ularni kamroq miqdorda to‘lash imkoniyati soliq imtiyozlari deb e’tirof etiladi.
Preferensiya (lot. praeferentia — afzal ko‘raman) — biror bir faoliyat turini qo‘llab quvvatlash uchun ayrim davlatlar, korxonalar, tashkilotlarga beriladigan afzalliklar, imtiyozlar. Preferensiyalar soliqlarni kamaytirish, bojxona bojlaridan to‘lovlardan ozod qilish, imtiyozli kreditlar taqdim etish shakllarida amalga oshiriladi.
Soliq kodeksining 75-moddasida keltirilgan ta’rifda “soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan afzalliklar” iborasi keltirilgan, lekin bu afzalliklar imtiyozlar va preferensiyalarning to‘liq mazmunini qamrab olmaydi hamda qonun hujjatlarida imtiyozlar asosan qanday ko‘rinishlarda taqdim etilishi belgilanmagan. Natijada, ushbu holat nosog‘lom raqobat muhitini shakllanishi bilan birgalikda imtiyozlarni suistemol qilish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan yuridik shaxslarning javobgarligini belgilash imkonini bermasdan qolmoqda.
Qonunchilik hujjatlari tahlili shuni ko‘rsatdiki, 2016 yilning 1 yanvaridan 2021 yilning sentabrgacha bo‘lgan davrda jami 300 dan ortiq, shu jumladan, 55 ta davlat korxonalari va uyushmalariga yakka tartibdagi individual xarakterdagi soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar berilgan. Taqdim etilgan 300 ta imtiyozdan 120 tasi amal qilish muddati ko‘rsatilmagan holda (muddatsiz), 54 ta imtiyoz 3 yildan ortiq muddatga berilgan.
Imtiyoz va preferensiyalarni taqdim etishda davlatning talablari va shartlari, ulardan foydalanuvchilar tomonidan erishilishi lozim bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlar aniq belgilab berilmasdan qolmoqda. Natijada xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda imtiyozlardan unumli va samarali foydalanish mas’uliyatsizligini keltirib chiqarib, faqatgina soliqdan qochish manfaatini kuchayishiga olib kelmoqda.
Imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llash samaradorligini monitoring qilish va baholash tizimi mavjud emas. Amaldagi qonunchilikda, shu jumladan bevosita soliq masalalarini tartibga soluvchi Soliq kodeksi hamda boshqa qonun hujjatlarida taqdim etilgan imtiyozlar va preferensiyalarni qo‘llash samaradorligini baholash va monitoring qilish masalalari deyarli tartibga solinmagan. Shuningdek, mazkur vazifa biron bir vakolatli organga yuklatilmagan. Oqibatda, imtiyozni qo‘llash muddatini oldindan bekor qilish masalasini o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi hamda samarasiz foydalanilgan imtiyoz summalarini budjetga majburiy qaytarishga imkon bermasdan qolmoqda.
Imtiyoz va preferensiyalardan foydalanish natijadorligi bo‘yicha ma’lumotlar ochiq e’lon qilinmaydi hamda ulardan foydalangan tashkilotlar ro‘yxati ochiqlanmagan.
Xo‘jalik boshqaruvi organlariga berilgan imtiyozlarning samaradorligini ochiq e’lon qilish tizimining joriy etilmaganligi bozordagi nosog‘lom raqobat muhitida faoliyat yuritishiga olib kelmoqda.
Kvazi-davlat sektori uchun imtiyozlar berish tizimini o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, ularga, shuningdek, ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga, jami 250 dan ortiq individual imtiyoz va preferensiyalar berilgan, bu o‘z navbatida, ichki bozor raqobatbardoshligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, alohida imtiyoz va preferensiyalarga ega xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning tadbirkorlik faoliyati faolligini pasaytiradi va xususiy sektorning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi.
Buyuk Britaniyada imtiyozlar samaradorligini baholashni Iqtisodiyot va moliya vazirligi (HM Treasury), Foyda va bojxona xizmati (Her Majesty's Revenue and Customs, HMRC) va Soliq tizimini soddalashtirish Boshqarmasi (Office of Tax Simplification, OTS) tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur imtiyozlar samaradorligini baholash metodologiya asosida amalga oshirilib, natijalar asosida hisobot tuziladi. Xisobot G‘aznaga yuboriladi hamda kelgusi yil uchun budjetni rejalashtirishda hisobga olinadi.
Buyuk Britaniyada rasmiy manbalarda chop etiladigan soliq imtiyozlarini baholash hisobotlarini yuritish amaliyoti muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda. Xususan 108 ta soliq imtiyozlari, ularning qo‘llash samaradorligi baholash natijalari bilan soliq imtiyozlari reyestrida e’lon qilib boriladi.
Germaniyada 20 ta eng muhim soliq imtiyozlarini baholash Federal moliya vazirligining buyrug‘i bilan uchta tadqiqot guruhi tomonidan tanlov asosida amalga oshirildi. Ijrochilar orasida Kyoln shahri universiteti, “Copenhagen Economics ApS” Daniya konsalting kompaniyasi va Mangeymdagi Yevropa ilmiy tadqiqotlar markazi bor. Har bir markaz muayyan soliq imtiyozlarini ekspertiza qilish va baholashni amalga oshirdi.
Ma’lumot uchun: Imtiyozlar samaradorligini baholash mexanizmi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Baholash xisoboti uch qismdan iborat bo‘ldi: 1) imtiyozni saqlab qolish, o‘zgartirish yoki bekor qilish bo‘yicha mutaxassislar tavsiyasi hamda bajarilgan baholash natijalarining xulosasi; 2) har bir imtiyozni baholash natijalari taqdimotini o‘z ichiga olgan doklad; 3) imtiyoz natijadorligining budjetga ta’siri to‘g‘risidagi hisobot.
Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqib, xorijiy davlatlar tajribasiga asoslanib quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif etiladi:
1) imtiyoz va preferensiyalarni inventarizatsiyadan o‘tkazgan holda, ularning iqtisodiyotga va sog‘lom raqobat muhitiga salbiy ta’sirini chuqur tahlil qilish va qonun hujjatlariga muvofiq tubdan qayta ko‘rib chiqish;
2) imtiyoz va preferensiyalarni taqdim etishda davlatning talablari va shartlari, ulardan foydalanuvchilar tomonidan erishilishi lozim bo‘lgan maqsadli ko‘rsatkichlarni aniq belgilash mexanizmini joriy etish;
3) imtiyoz va preferensiyalarning tushunchasini, turlari va shakllarini to‘liq ifodalaydigan ta’rifini qonun hujjatlarida nazarda tutish.
Dildora Anvarova,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot
instituti bosh maslahatchisi
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot
instituti bosh maslahatchisi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin