date

O‘zbekiston Yevroosiyo logistika bozorida yetakchilik qilmoqda

O‘zbekiston Yevroosiyo logistika bozorida yetakchilik qilmoqda

O‘zbekiston omborxona mulklari va logistika sohasida jadal rivojlanmoqda hamda Yevroosiyo logistika bozorining muhim ishtirokchisiga aylanmoqda. Yevroosiyo taraqqiyot banki (YETB) ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilga kelib mamlakatdagi omborxonalarning umumiy maydoni 600 ming kvadrat metrga yetadi.

2021-yildan boshlab ushbu ko‘rsatkich qurilish sur’atini hisobga olganda barqaror o‘sishda davom etmoqda. Rossiya, Belarus va Qozog‘iston bilan birgalikda O‘zbekiston mintaqaning yangi logistika tizimining asosini shakllantirmoqda, deyiladi hisobotda.

Mutaxassislar taxminiga ko‘ra, 2040-yilga borib omborxona maydonlariga bo‘lgan talab deyarli ikki barobar oshib, 120 million kvadrat metrdan ortiqni tashkil qilishi mumkin. Xalqaro savdo hajmi 2023-yilda 1278 million tonnadan 2040-yilga kelib 1420-1809 million tonnagacha oshishi kutilmoqda.

Bu esa Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Rossiyaning sharqiy hududlarida yangi logistika markazlari va omborxonalar qurilishini taqozo qiladi. Internet-savdoning tez rivojlanishi ham muhim omillardan biri bo‘lib, 2040-yilga kelib uning chakana savdodagi ulushi 20-25 foizni tashkil qilishi mumkin.

Bu esa buyurtmalarni bajarish markazlari, shahar omborxonalari va logistika tizimining avtomatlashtirilishini rivojlantirishni rag‘batlantiradi. YETB prognozlariga ko‘ra, 2040-yilga kelib omborxonalarga bo‘lgan talab 2025-yil boshidagi 58 million kvadrat metrdan 101-123 million kvadrat metrgacha oshadi.

Ushbu o‘sishning asosiy sabablari sifatida internet-savdo, chakana sektor, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, tranzit tashuvlar va autsorsing asosidagi logistika ko‘rsatilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekiston Yevroosiyo logistika bozorida yetakchilik qilmoqda