1 185
Ukrainada boshlangan harbiy amaliyot xorij kompaniyalari faoliyatida qanday aks-sado beradi?
Foto: «Financial Times»
Rossiya Ukrainada boshlagan harbiy amaliyot jahon bozori, dunyo kompaniyalari faoliyatiga qanday ta’sirini o‘tkazadi? «Financial Times» Rossiya va Ukraina eksportiga bog‘liq yoki shu davlatlar hududida ishlayotgan xorij kompaniyalari faoliyatini tahlil qildi.
Vaziyatni hamma xavotir bilan kuzatyapti, kompaniyalar avvalo o‘z xodimlari xavfsizligidan tashvishda. Ayrim kompaniyalar, ya’ni faoliyatini mahalliylashtirishga ulgurgan yoki xom ashyoni yetarlicha g‘amlab olganlari qisqa istiqbolda uzluksiz ishlab turishdan umidini uzmagan.
Oziq-ovqatdan avtomobillargacha, o‘g‘it ishlab chiqaruvchilardan aviasozlargacha — deyarli hech bir soha zarbadan chetda qolmaydi.
Neft va gazning yirik eksportchisi — Rossiya, Ukraina bilan birga, dunyo bozoriga eng ko‘p don yetkazib beruvchi. Jahon bug‘doy eksportining salkam uchdan bir qismini shu ikki mamlakat qoplaydi.
Rossiya global sanoatning nikel, titan, palladiy va alyuminiy kabi muhim xom ashyolari ta’minotchisi. Titandan Boeing, Airbus va Rolls-Royce singari kompaniyalar aviodvigatellar tayyorlaydi, palladiy esa katalizatorlar, elektrodlar va elektronikada muhim ashyo.
Rabobank global strategi Maykl Everi ta’kidlashicha, cho‘zilgan nizo va qattiq sanksiyalar xuddi Covid-19 paytidagi singari shok holatini keltirib chiqarishi mumkin.
Energetika va tog‘-kon sanoati
Energetika sohasi Yevropada gaz fyucherslari 50 foizga sakrab megavatt-soat uchun 126 yevroga, neft esa 8 foizga qimmatlab 2014 yilgi darajaga yetganidayoq uzilishlarga hozirlik ko‘rishni boshlagan.
Hozircha ta’minotda uzilishlarga dalillar yo‘q, biroq Rossiya nefti va gazi o‘rnini qoplovchi cheklangan zaxira quvvatlari sharoitida, sanksiyalar yoki nizolar sababli oqimlar qisqarar ekan, narxlar oshishi kutiladi.
Jefferies investitsiya banki ma’lumotlariga ko‘ra, British Petroleum (BP) va TotalEnergies Yevropada rus «qora oltin»iga eng ko‘p qaram neft ishlab chiqaruvchilari sanaladi. BP Rossiyaning yirik neft qazib oluvchi kompaniyalaridan — Rosneft aksiyalarining deyarli 20 foiziga egalik qiladi. O‘tgan yili ushbu ulush VRga 2,4 mlrd. dollardan ziyod daromad keltirdi, shundan britan kompaniyasi 640 mln. dollar dividend foyda qildi.
Rossiya kuniga 10 mln. barrel atrofida neft qazib oladi — dunyodagi uchinchi yirik ishlab chiqaruvchi. Jahondagi yirik xom ashyo kompaniyalaridan biri — Trafigura bayonotiga ko‘ra, Rossiya neftining narxi pasaymoqda, xaridorlar bu mamlakat mahsulotiga yot qarashni boshlagan.
Jefferies tahlilchisi Jakomo Romeoning aytishicha, ehtimoliy ssenariylardan biri — Ukraina gaz quvurlariga shikast yetkazilishi yoki Rossiya ushbu mamlakat orqali gaz yetkazishni to‘xtatishi. O‘tgan yili ukrain quvurlari orqali Yevropaga gazning qariyb 8 foizi yetkazilgan. Gaz narxining keskin o‘sishi Rossiya gaziga 40 foiz bog‘liq Yevropadagi yirik sanoat iste’molchilari foydalanadigan energiya kelgusida qimmatlashishda davom etishini anglatadi.
Alyuminiy — ichimliklarni qadoqlashdan tortib avtomobillarni ishlab chiqarishgacha qo‘llaniluvchi muhim sanot xom ashyosi. Xitoyni hisoblamaganda, Rossiyaning global alyuminiy bozoridagi ulushi 14 foizga teng. Shuningdek, avtomobillar chiqaradigan zaharli tutunlarni tutib qolishda ishlatiluvchi platina va palladiy kabi qimmatbaho metallarni ishlab chiqarishda ham ushbu mamlakat salmoqli o‘ringa ega.
«Rossiyadan platina yetkazib berish uzilishi ehtimoli juda yuqori, chunki global platinaning 12 foizi, palladiyning 40 foizini shu mamlakat yetkazib beradi», — dedi JPMorgan tahlilchisi Natasha Kaneva.
Ukrainadagi Ferrexpo — yuqori sifatli temir zoldirlarini eksport qiluvchi jahondagi uchinchi kompaniya. Londonda ro‘yxatdan o‘tgan ushbu kompaniya bayonot berishicha, uning Ukraina markaziy qismida joylashgan tog‘-kon va ishlab chiqarish korxonalari odatiy tartibda ishlamoqda, hobuki, mamlakat hukumati temir yo‘l tashuvlarini to‘xtatgan. Payshanba, 24 fevral kuni (shu kuni erta tongda Rossiya Ukrainaga hujum boshlagan) kompaniya aksiyalari 42,5 foizga quladi, bu FTSE 250 indeksidagi eng yirik qulash.
Yarimo‘tkazgichlar
Rossiya va Ukraina — yarimo‘tkazgichlar tayyorlash uchun suv va havo kabi zarur C4F6 va neon kimyoviy gazlarining asosiy ishlab chiqaruvchilari. Ukrainadan ta’minotdagi uzilishlar uzoq muddatga cho‘zilsa, bundan eng ko‘p jabrni mikrosxemalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tortadi.
Ukraina qator inert gazlar, xususan, mikrosxemalarda elementlarni kavsharlovchi lazerlar uchun neon yetkazib beruvchi yirik mamlakatlardan biri.
Ayrim ukrain kompaniyalari Rossiyada po‘lat ishlab chiqarishning yon mahsuloti hisoblangan neonni qayta ishlash bilan shug‘ullanib kelgan. Noyob gazlar bo‘yicha mustaqil maslahatchi Richard Betsendalning aytishicha, Ukrainada jahondagi neonning to‘rtdan bir qismi ishlab chiqariladi. Xitoy qishki Olimpiada munosabati bilan po‘lat quyish zavodlarini yopishi natijasida so‘nggi olti oyda neonning narxi uch baravar oshgan. Yarimo‘tkazgichlar uchun muhim ksenon va kripton taqchilligi muammoasi yanada chuqurlashadi, qo‘shimcha qildi u.
Jahondagi eng yirik xotira mikrosxemalari ishlab chiqaruvchilaridan biri — Micron (AQSH) kompaniyasi neonni turli mamlakatlardagi har xil ta’minotchilardan olishini, uzoq muddatli shartnomalar tufayli muammoga yo‘liqmasligini, xom ashyoni yetarlicha g‘amlab qo‘yganini ma’lum qildi.
Yana bir Amerika kompaniyasi — Intel ham hozircha muammoga duch kelmadi, kompaniya yuqoridagi raqobatchisi singari har xil davlat va ta’minotchilardan iborat universal tizimga egaligini bildirgan.
Yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan hech biri Ukrainadan qancha miqdorda neon olishini ochiqlamagan, agar bu mamlakatdan ta’minot uzilsa, ishlab chiqarishga yetadigan zararni hisoblash ilojsiz.
Banklar
G‘arb banklari Kreml 2014 yilda Qrimga kirganidayoq Rossiyadan uzoqlashishni boshlagandi. Biroq bu yerda qolgan yevropalik sarmoyadorlar 24 fevral kuni yaxshigina adabini yedi.
Rossiyadan daromadining uchdan birini ishlovchi Raiffeisen banki (Avstriya) aksiyalari 20 foizga quladi, UniCredit (Italiya) va Société Générale (Fransiya) qimmatbaho qog‘ozlari 11 foizdan ko‘proq qadrsizlandi
Société Générale ning Moskvadagi sho‘’basi — «Rosbank» 550 filial, 3,1 mln. mijozga ega, UniCredit esa Rossiyada 103 filial va 2 mln. mijoz bilan ishlaydi. O‘tgan oy UniCredit Rossiya hukumati nazoratidagi «Otkritiye» bankini sotib olish rejasidan qaytgan edi.
Har uch bank voqealar rivojini diqqat bilan kuzatayotganini va «to‘liq talabga muvofiq» ishlash uchun imkoniyatga ega ekanliklarini ma’lum qilgan.
Professional xizmatlar
Rossiyada faoliyat yurituvchi xorijiy yuridik firmalar va konsalting kompaniyalari payshanba kuni, Moskva G‘arb sanksiyalariga javob choralari ko‘rishini ehtimolda tutib, harakatlar rejasini ishlab chiqqan.
McKinsey & Company va Boston Consulting Group konsalting kompaniyalarining har biri Moskvada 400 nafardan xodimga ega. Britaniya «sehrli doirasi»ga mansub yuridik firmalar esa Rossiyada taxminan 150 nafar yuristga ega.
Yirik xalqaro yuridik firmalar, jumladan, CMS, Dentons va Baker McKenzie payshanba tongida Ukrainadagi ofislarini yopib, xodimlarini Yevropa ittifoqiga ko‘chirishga kirishdi. Ukrainada birinchi bo‘lib ofisini ochgan xalqaro yuridik firma — Baker McKenzie o‘z saytida yozishicha, bu mamlakatda 100 nafar xodim bilan ishlagan, CMS esa Kiyevda 67 nafar yurist bilan faoliyat olib borgan.
Ukrainada uch ofisga ega PwC buxgalterlik va konsalting kompaniyasi maksimal darajada me’yorda ishlashda davom etishini bildirdi, biroq payshanba kuni 750 nafar xodimiga uylaridan chiqmaslikni tavsiya qildi. KPMG auditorlik kompaniyasi esa Rossiyada 4 000, Ukrainada 600 nafar xodimga ega bo‘lib, faoliyatini saqlab qolishdan umidini uzgani yo‘q.
Avtomobil sanoati
Ukrainada avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqariluvchi zavodlar joylashgan, ular ham Rossiya, ham keng Yevropa avtomobilsozlari bilan bevosita ta’minot zanjiri orqali bog‘langan.
Asosiy xalqaro ta’minotchilar, jumladan, Bosch va Aptiv Ukraina g‘arbida, Polsha chegarasiga yaqin hududlarda zavodlarga ega bo‘lib, avtomobillar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqaradigan yirik markazlar hisoblanadi. Bosch bevosita avtozavodlarga mahsulot yubormaydi, balki faqat ehtiyot qismlar bozori uchun tiklovchi qismlar chiqarish bilan shug‘ullanadi, dedi kompaniya vakili.
Yuqorida aytilgan palladiydan tashqari, akkumulatorlar ishlab chiqarishda muhim ashyo — nikel ta’minotida ham muammolar kuzatilishi mumkin. Dominik Trayb (Vendigital konsalting kompaniyasining ta’minot bo‘yicha mutaxassisi), shuningdek, Indoneziya va Filippin ham yetkazib beruvchi nikel narxining oshishi avtomobilsozlarni o‘z elektromobillari uchun muqobil ashyolar topishga undayotganini aytdi.
Rossiyada xorij avtomobilsozlari ozchilik emas — Renault, Stellantis, Toyota, Kia va Nissan. Renault, qolaversa, rus milliy avtomobil kompaniyasi — «AvtoVAZ»ga ham egalik qiladi, turgan gapki, zarbaning eng kuchlisini qabul qilishiga to‘g‘ri keladi. Kompaniyaning Rossiyadagi sho‘’basi ikkita zavod, Renaultning o‘zi bevosita Moskvada bir zavodni ishlatmoqda. Rossiyada sotilayotgan deyarli har uchinchi mashinani fransuz kompaniyasi ishlab chiqargan.
Kompaniya bosh direktori Luka de Meo o‘tgan haftada «Financial Times»ga favqulodda holatlar uchun harakatlar rejasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgandi. «AvtoVAZ» butlovchi qismlarning 10 foizidan 20 foizigacha xorijdan keltiradi, Renaultning Moskvadagi zavodi esa 30–40 foiz butlovchi qismni import qiladi.
Stellantis — Rossiyadagi avtomobilsozlar orasida asosan Yevropaga eksportdan daromad qiluvchi yagona kompaniya. Jeep va Fiat ga egalik qiluvchi kompaniya o‘sib borayotgan talabdan kelib chiqib, Moskvadan 120 mil janubda furgonlar ishlab chiqarishni rejalashtirayotgandi. Bir hafta avval Stellantis ijrochi direktori Karlos Tavares, agar reja o‘xshamasa, bu ishni Yevropaga ko‘chirishni ma’lum qilgan.
Oziq-ovqat mahsulotlari
Ukraina g‘alla va kungaboqar yog‘i tayyorlashda jahonda yetkachilardan biri, uning hududida g‘alla savdosi bilan shug‘ullanuvchi, oziq-ovqat va pivo ishlab chiqaruvchi G‘arb kompaniyalari juda ko‘p. Rossiya qo‘shini Ukraina hududiga kirganidan so‘ng ularning ayrimlari faoliyatini to‘xtatdi.
Cadbury shokoladi va Oreo pechenelarini tayyorlovchi Mondelez kompaniyasi Ukrainadagi ikkita zavodini (Trostyans va Vishgorod), shuningdek, mahalliy brendlar — «Yubileynoye» pechenelari va «Korona» shokoladlarini chiqarishni to‘xtatishini ma’lum qildi.
Jahondagi uchinchi yirik pivo ishlab chiqaruvchi — Carlsberg Ukrainadagi uchta zavodni to‘xtatdi. Zaporoje va Kiyevdagi zavodlar harbiy harakatlar, Lvovdagi zavod tabiiy gaz ta’minotidagi uzilish sababli to‘xtagan.
Qora dengiz bo‘yida, Odessa yaqinida don tashish bo‘yicha yirik faoliyatni yo‘lga qo‘ygan Cargill (AQSH) oziq-ovqat kompaniyasi ham jangovar harakatlardan so‘ng mavhumlik sharoitiga tushib qoldi. Ushbu kompaniya 2014 yilda Donetskdagi kungaboqar pistasini yanchish zavodini qurolli bosqindan so‘ng tashlab chiqqandi.
Nestlé — jahondagi yirik oziq-ovqat kompaniyasi, Ukrainadagi 5 800 nafar xodimiga uyiga javob berib yubordi. Rossiya hujumidan so‘ng ko‘plab xorij kompaniyalari qatori Ukrainadagi faoliyatini vaqtincha to‘xtadi. “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi