07:06 / 09.11.2022
3 383

Suriyalik doktor: “Onamning sakkiz yolg‘oni”

Suriyalik doktor: “Onamning sakkiz yolg‘oni”
Marhum suriyalik rejissyor doktor Mustafo al-Aqqad o‘z hayotidan shunday hikoya qiladi.

"Ilgari men onalar yolg‘on gapirmaydi, deb o‘ylar edim, ammo mening onam menga sakkiz marta yolg‘on gapirganidan so‘ng, gumonim noto‘g‘ri ekanligini tushunib yetdim.

Mana, onamning menga yolg‘onlarini aytib beraman.

Yolg‘onlar tarixi mening tug‘ilganimdan boshlangan. Men juda kambag‘al oilaning yolg‘iz farzandi bo‘lganman. Uyimizda hech qachon qorin to‘yadigan yegulik bo‘lmagan. Mabodo ochlikdan o‘lmasligimiz uchun, qayerdandir ozgina bo‘lsada guruch olib kelinsa, onam o‘zining haqqini ham yemasdan, menga berar edi.

O‘zining kosasidagi guruchni mening kosamga ag‘darayotib; "Bolam, sen yegin, mening qornim to‘q", - der edi.

Bu uning birinchi yolg‘oni edi.

Yoshimga biroz yosh qo‘shilganidan so‘ng, onam kichkina bir ariqdan zo‘rg‘a bir dona maydagina baliq tutib kelsa, ochligimdan baliqni tezda yeb qo‘yar edim.

Mabodo, Allohning marhamati bilan ikki dona tutib kelsa, men yegan baliqning chiqindilarini o‘zi yer, ikkinchi baliqni yeyish uchun qo‘l cho‘zganimda, menga ikkinchi baliqni ham berar va menga bemalol yeyishimni va u och emasligini aytar edi.

Bu onamning ikkinchi yolg‘oni edi.

Yoshim maktab yoshiga yetganida ham bizda hech qanaqangi pul yo‘q edi. Maktab xarajatlariga pul topish uchun onam bozordagi kiyim-kechak do‘koni egasi bilan ishlashga kelishdi.

U kechga bozordan qattiq charchagan holda uyga zo‘rg‘a kelar, shunday bo‘lsa-da, menga qarab: "Bolaginam charchaganim yo‘q", – der edi.

Bu uning uchinchi yolg‘oni edi.

O‘quv yili oxiriga yetgach, imtihon topshiradigan bo‘ldik. Shunda onam ham “Sen bilan birga boraman”, deb qattiq turib oldi. U chidab bo‘lmas jazirama oftob ostida imtihondan chiqishimni kutib o‘tirdi. Imtihondan chiqqanimda, onam men uchun bir chashkada suv sotib olgan edi.

Men suvni chanqoqlik bilan icha boshladim. Shu payt ko‘zim onamning yuziga tushdi. Issiq ta’siridan uning yuzlaridan ter oqar, lablari suvsizlikdan qaqshab qolgan edi. Men darhol qo‘limdagi suvni unga tutqazdim. Onam esa;: "Bolaginam, chanqaganim yo‘q, o‘zing ichaver", - dedi.

Bu uning to‘rtinchi yolg‘oni edi.

Otamning vafotidan so‘ng, onam bevaning hayotini kechira boshladi. Oiladagi javobgarlik uning boshiga tushdi, hayotimiz qiyinlashdi va endi bizni haqiqiy ochlik qiynay boshladi.

Bizning ahvolimizni ko‘rganlar, onamga "Hali yoshsan, ikkovingizni ham boqishi uchun yana turmush qurgin", – deb maslahat berishdi. Ammo onam: "Boshqa turmush qurmasam ham bo‘laveradi, menga er kerak emas", – deb javob berdi.

Bu onamning beshinchi yolg‘oni edi.

Maktabni tugatganimdan so‘ng, universitetda o‘qidim, uni ham tugatib, yaxshigina daromadli ishda ishlay boshladim.

Shundan so‘ng o‘z-o‘zimga: "Endi onamning menga qilgan xizmatlari, hayotda tortgan qiyinchiliklari uchun rohatini ko‘radigan payt keldi. Bundan keyin ro‘zg‘or mas’uliyatini o‘z bo‘ynimga olaman", – deb o‘yladim.

Bu paytga kelib onam sog‘ligini yo‘qotgan, shunday bo‘lsa-da, har kuni ertalab bozorga chiqib sabzavot sotar edi. Men onam ishlamasligi uchun unga o‘z ish haqimning ma’lum miqdorini ajratishga qaror qildim. Ammo onam bu safar ham: "Bolaginam, mening pulim o‘zimga yetarli, puling o‘zingda qolaversin", - deb javob berdi.

Bu uning oltinchi yolg‘oni edi.

Ish davomida magistrlik o‘qishini ham tugatdim. Bu mening ish haqim yanada oshishiga sabab bo‘ldi. Endi men ishlab yurgan nemis kompaniyasi menga bu yerdagi filialida emas, balki Germaniyaning o‘zida joylashgan asosiy ishxonasida ishlashga imkon berdi.

Bundan men juda baxtiyor edim. "Haqiqiy baxtli hayotim endi boshlandi", – deb quvona boshladim.

Germaniyaga borib, yashash sharoitlarimni joyiga qo‘yganimdan so‘ng, onamga kelishini taklif qilib, qo‘ng‘iroq qildim. U esa meni notinch qilib qo‘yishni xohlamadi va menga: "Yo‘q, bolam, men unaqa hayotda yashab o‘rganmaganman", – deb javob berdi.

Bu uning yettinchi yolg‘oni edi.

Oradan yillar o‘tdi. Onam qarib, saraton kasalligiga chalingan edi. Men bor-yo‘g‘imni tashlab uyimizga – uning oldiga jo‘nab ketdim.

Kelganimda, u amaliyotdan chiqib, uyimizda – choyshabga o‘ralganicha bir ahvolda yotar edi.

Meni ko‘rgach, men tomonga zo‘rg‘a qarab, jilmayishga harakat qilib ko‘rdi. Uning bu ahvolda ko‘rish men uchun juda og‘ir edi, ammo onaginam yana meni tinchlantirishga harakat qilib: "Bolam, yig‘lama, men og‘riqni sezmayapman", – dedi.

Bu uning sakkizinchi yolg‘oni edi.

U menga shunday dedi-yu, ko‘zlarini yumganicha boshqa ochmadi"...

Obidxon Abdulhamidxon tarjima qildi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat