Fermerlar uchun xushxabar: chorvachilikda yangi yengilliklar joriy etildi

O‘zbekistonda chorvachilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va uni jadal rivojlantirish maqsadida yangi imtiyoz va yengilliklar joriy etilmoqda. Prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda sohani modernizatsiya qilish, mahsuldorlikni oshirish hamda fermer va aholi xo‘jaliklarini rag‘batlantirishga qaratilgan qator muhim chora-tadbirlar ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, endi nasldor chorva mollarini xorijdan olib kiruvchi tadbirkorlar 2029 yilga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod etiladi. Bu esa import xarajatlarini kamaytirib, sifatli nasldor mollarni ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, xonadon va fermer xo‘jaliklarida sun’iy urug‘lantirish orqali olingan har bir nasldor buzoq uchun 500 ming so‘m miqdorida subsidiya ajratilishi belgilandi. Bu chora aholi o‘rtasida zamonaviy veterinariya usullarini keng joriy etish va yuqori mahsuldor zotlarni ko‘paytirishga turtki beradi.
Bundan tashqari, embrion ko‘chirib o‘tkazish (transplantatsiya) jarayonlari uchun ham davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kuchaytirilmoqda. Xususan, har bir bunday amalga oshirilgan jarayon uchun 700 ming so‘mdan mablag‘ to‘lab beriladi. Ushbu innovatsion usul orqali qisqa vaqt ichida yuqori zotli chorva sonini oshirish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur tashabbuslarni amalga oshirish uchun davlat budjetidan qo‘shimcha ravishda 50 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa sohadagi islohotlarni tizimli davom ettirishga zamin yaratadi.
Yig‘ilishda, shuningdek, chorvachilikni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish, sohadagi boshqaruvni takomillashtirish maqsadida yangi agentlik tashkil etish hamda maxsus dasturlarni ishlab chiqish vazifalari belgilab berildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!