
Bir kuni telegramdagi qarindoshlar o‘zaro yozishadigan guruhga jiyanlarimdan biri “Totalizator o‘yinlar qimorga tenglashtirilgani to‘g‘risida qaysidir telegram tarmog‘i xabarini yubordi. Xabarni to‘liqroq o‘qish uchun o‘sha kanalga o‘tdim. Yo‘q, xabar juda batafsil emas ekan. Bor-yo‘g‘i manba ko‘rsatilmagan holda “Fatvo: Totalizator o‘yinlarini o‘ynash va reklama qilish – shar’an harom. Qimor sudxo‘rlikdan ham oldinroq harom qilingan.
O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Fatvo bo‘limiga ko‘ra, bu kabi ishlarni targ‘ib qilayotganlarning barchasi barobar gunohkor hisoblanadi”, deyilgan ekan. Bugungi kunda telegram tarmoqlari ko‘p. Ularda rostu yolg‘on, bo‘lgan- bo‘lmagan xabarlar aralashib yotibdi. Ba’zan foydali, ijobiy fikrlar ham chiqib qoladi. Shuning uchun bu kanalni o‘chirmadim. Ayni kanal qimor va “1Xvet” o‘yini bilan shug‘ullanganlar uch million so‘mgacha jarimaga tortilishi haqida xabar berdi. Keyin aynan o‘sha kanalda “1Xvet” o‘yini targ‘iboti chiqdi. Kanalning 200 ming obunachisi bor. Demak, reklama yaxshi ishlayapti.
Murojaatlar bo‘limida qoldirilgan telegram manzilga chiqib, Totalizator o‘yinlarga qimor deb fatvo berilgani va o‘zlari reklama qilgan ikki xabarni tashladim. O‘sha manzildan “Bu kanal bilan bizning aloqamiz yo‘q”, degan javob oldim. Unda nega murojaat uchun shu manzil qoldirilgan? U yog‘i loyqa suv tubida nima borligini bilishdek qiyin masala.

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar o‘tirib mulohaza qilishga undadi.
“2022 yil yanvar oyida Sirdaryo viloyati Guliston shahrida yashovchi fuqaro B.S. ariza bilan murojaat qilib, noma’lum shaxs unga tegishli bo‘lgan bank kartasidan jami 3.800.000 so‘m pullarni yechib olganligini bildirib, noma’lum shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, pullarni o‘zlashtirgan shaxs B.S.ning o‘g‘li 6 sinf o‘quvchisi A.F. ekanligi aniqlangan.
Holat yuzasidan surishtiruv ishlari davomida A.F. “PUBG” onlayn o‘yiniga katta qiziqish orqali, o‘yin akkaunt hisobiga ushbu pullarni o‘tkazib yuborganligi ma’lum bo‘ldi”.
6-sinf bola 14 yoshli o‘spirin degani. Ota boshini qaysi devorga ursin. Voqealar rivoji bo‘yicha taxmin – bola telefoni olib qo‘yilib jazolanadi balki. Ota o‘zi jazolanib bo‘lgan. Hech kim bolasi bilan sinalmasin. Keyin o‘ylaverib, fikrlarim chigallashib ketdi.

Bu borada bolalarga kattalar o‘rnak emasmi? Televizorda ko‘rsatiladigan qimor-shoularda katta-katta odamlar ishtirok etadi. Ba’zi oilalar jamuljam bo‘lib o‘sha shoularni tomosha qiladi. Bolalarga teskari o‘rnak emasmi bu? Ota-ona qimor tomosha qilgunicha bola qimorlarda yutib, yutqazib yuribdi.
Uzoq qarindoshlarimdan biri qo‘ng‘iroq qildi. Sababi bolasi onlayn qimor o‘ynab katta pul yutqazgan ekan. Endi bankdan kredit olib yopayotgan emish. Oila boshlig‘ining topgan puli kredit to‘lashga ketarkan. Shu onlayn qarzni qanday o‘chirib yuborish bo‘yicha maslahat so‘rayotgan ekan. O‘g‘liga har xil qo‘ng‘iroqlar bo‘lar ekan. Bu ishlarga aqlim yetmasligini aytdim.
Afsuski, qo‘limdan hech narsa kelmaydi. Birovga aytguligi ham yo‘q. O‘g‘liga bir nima desa, men yo‘q bo‘lsam hammasidan qutilasizlar deb o‘z joniga qasd qilish bilan qo‘rqitar, bechora ota-ona bolasini poylab kun kechirayotgan ekan. Shu gaplarni eshityapmanu (eshitmaganim yaxshi edi) miyamda portlashlar bo‘layotgani quloqlarimga eshitilyapti. Dastlab tashlangan bitta xato qadam gunohga, keyin kattaroq va eng yomon gunohlarga boshlagani o‘rtab yubordi. Na taskin, na tasalli va na biror maslahat bera olmadim. Lekin xayolim shular bilan band.
Ancha yil oldin bir talaba qiz ishxonamizga amaliyotga keldi. Juda chaqqon va pishiq qiz ekan. Bekor qolsa telefon titkilaydi. Unga ayni o‘qib-o‘rganadigan payti umrni bekor o‘tkazmang, deb dakki berdim. Onlayn o‘yinlarga “arzimagan” pul tikib, “arzimagan” pul yutish mumkinligini yutqaza boshlasa, o‘ynamay qo‘yishini aytdi. Men o‘sha qizga yaxshi nasihat qildim. Davom etaversa, amaliyot qog‘ozini to‘ldirmayman va imzo qo‘ymayman dedim. Ancha kun o‘tgach menga rahmat aytdi. Kechalari xotirjam uxlashni boshlagani, avvallari o‘yin tufayli doim ko‘zi qizarib yurganini gapirdi. Kursdoshlaridan biri katta qarzga kirib ketibdi... Shunga afsuslandi.
Bloger Dilshod Boltaboyev onlayn qimor tufayli qarzga botib joniga qasd qilayotgan yoshlar xususida ko‘p yozdi, misollar keltirdi. Jamiyatni ogohlikka chaqirdi...
Ukamning qizi sobiq sinfdoshi – talaba ayni onlayn qimorda yutqazib joniga qasd qilganini aytdi... Bu misollar uchrab turgani, bitta bo‘lsa ham borligi achinarli.
Aslida telefon va kompyuter o‘yinlariga pul tikmay ham berilish vaqtning uvoli ekanini bilisharmikan? Mamlakatimizdagi oliy ta’lim dargohlaridan birida ishlaydigan dugonam bir talabasi onlayn o‘yinlarga berilib ketib, ko‘zlari g‘alati bo‘lib qolgani, dars qulog‘iga kirmasligini sezib qolgan. Olis viloyatdan ota-onasini chaqirtirgan. Talabani kuzatishsa, faqat o‘yin o‘ynar ekan. Miya shu darajada zaharlanib ketganki, o‘yindan ajrala olmas emish. Ota-ona psixologlarga, o‘quv yurti ustozlariga murojat qilib, bir necha oyda o‘yindan chiqarib olishibdi.
Oramizda yana qancha onlayn o‘yinlardan qarzdorlar, o‘yin qurbonlari borligini bilmaymiz. Hamkasbimning aytishicha, do‘stini yo‘lda bir yigit to‘xtatib telefonidan foydalanib turishni so‘ragan. Bu telefonini bergan va notanish bola kimgadir telefon qilgan. O‘sha kundan boshlab telefon egasining tinchi yo‘qolgan qarzni talab qilib telefon qilisharkan. Oxiri ko‘chada notanish bola telefonidan foydalanganini aytib, zo‘rg‘a g‘alvadan qutilibdi. Qaysidir telefon o‘yini haqida eshitdim, oxirida shaytonga sajda qilish bilan nihoyalanar ekan. Bunga mening aqlim yetmaydi. Eshitdim, xolos. Ilohim, yolg‘on bo‘lsin. Lekin beshakllar ishtirokida uchun o‘yin borligi va uning zarari haqida bir saytdan o‘qidim.
Dahshatga tushishdan boshqa chora yo‘q. Afsuski, bola-chaqali odamlar ham mana shu o‘yin deb yarim kechagacha o‘yinxonalarda umr o‘tkazar ekan. Bolasi yig‘lasa ishi yo‘q, onasi kasal bo‘lsa ishi yo‘q, otasini pisand qilmaydi... Mana shu emasmi o‘yinlardan olinayotgan samara. Bugungi kun jo‘lomonlarini tayyorlash uchun tuyaning terisini boshga tortish shart emas. Shundoq telefon olib berib, nazortasiz qoldirilsa bo‘ldi. Oltinchi sinf bolasiyam qolganini amallaydi. Aytmatovning manqurtidan nima farqi bor ularning.
Bitta umid bor – davolash mumkin. Qalbning va aqlning shifosi imon yo‘li. Shuni avvalo ota-onalarga, keyin yoshlarga singdira olsak bo‘ldi. Farzandlarimiz ortidan ikki dunyoda xursand bo‘lish nasib etsin har birimizga.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq saytimizda “O‘zbekistonda onlayn qimor o‘yinlari uchun javobgarlik belgilanmoqda” nomli xabar e’lon qilindi. Bu ish tezroq amalga oshsa, yaxshi bo‘lar edi. Avvalo kattaroq javobgarlikdan qo‘rqish, har bir amalimiz va har bir onimizdan so‘ralishimiz singdirilsa, nur ustiga nur bo‘lar edi.
Manzura Shams
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar