Karimov davrida, O‘zbekistonning geosiyosiy oriyentiri har doim juda aniq bo‘lardi: 90-yillarning birinchi yarmida Turkiya, ikkinchi yarmidan to 2004 yilga qadar – AQSH, so‘ngra 2009 yilga qadar Rossiya, 2010 yildan to 2016 yilga qadar “geosiyosiy oriyentirsizlik” yoki “sahnani tark etish” davri bo‘ldi.
Bugun O‘zbekiston, geosiyosiy nuqtayi nazarda, shu paytga qadar o‘zining aniq oriyentirini tanlagani yo‘q. Rasmiy Toshkent geosiyosati nafaqat ko‘pvektorli, balki mana shu vektorlar orasida, tengvektorli kursni ushlashga harakat qilib kelyapti.
Bugun, Rossiya bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik juda yuqori. Hatto mintaqalar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorliklar ham yo‘lga qo‘yilgan. Lekin, O‘zbekiston Rossiyaning eng asosiy loyihalariga qo‘shilmadi, bular – Yevrosiyo Ittifoqi va KXSHT.
AQSH bilan ham munosabatlar yaxshi. AQSH O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi tarafdori, buning uchun rasmiy Vashington o‘z yordamini ham bermoqda. Ayni paytda, O‘zbekiston mintaqada AQSH manfaatlari tamsilchisi emas. 2005 yilga qadar bo‘lgan NATO bilan hamkorlik tiklangani yo‘q.
Bryussel bilan ham, xuddi shunday. Hamkorlik yuqori darajada, lekin bu aloqalar “boshqalarga qarshi” tabiatga ega emas.
Xitoy Xalq Respublikasi esa, keyingi yillarda O‘zbekistonning birinchi savdo-iqtisodiy hamkori darajasiga ko‘tarildi, Rossiya esa ikkinchi o‘ringa tushib qolgan bo‘ldi. Pekin bilan iqtisodiy hamkorlik juda yuqori, lekin, geosiyosiy jihatdan, ma’lum masofa mavjud edi va saqlanib qolyapti.
O‘zbekistonning Turkiya bilan aloqalari, ikkinchi ko‘tarinki davrni boshdan kechiryapti. Saudiya Arabistoni, Eron, Pokiston, Hindiston bilan ham aloqalar ijobiy va yuqori darajada.
Qudratli davlatlar orasida, yildan yilga ziddiyatlar kuchayib bormoqda. Rossiya, AQSH, Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida yechib bo‘lmas ziddiyatlar shakllanib ulgurdi. Bu davlatlar o‘zaro munosabatda, bir-birini “dushman” yeki “strategik raqib” deb biladi.
O‘zbekistonda hokimiyat almashganiga 7 yil bo‘lyapti. Lekin, shu paytga qadar O‘zbekiton o‘zining aniq geostrategik oriyentirini belgilagani yo‘q. Yaqinda prezident Ozarbayjonda o‘tgan “Halqaro qo‘shilmaslik harakati” sammitida ishtirok etib, Moskva, Vashington va Pekinga “men hech bir harbiy bloklarga qo‘shilmayman, o‘zaro ziddiyatlarda men betaraf qolaman” degandek bo‘ldi.
Prezident Mirziyoyev Sudxondaryoda jamoatchilik oldida “O‘zbekiston kim tarafda?” degan savol qo‘ydi. Davlat rahbarining pozitsiyasini soddalashtirsak, “O‘zbekiston ko‘pvektorli va tengvektorli geosiyosat yo‘lini tanladi va shu yo‘lda davom etadi”ni anglatadi. Bu pozitsiya hech bir tarafni to‘liq qoniqtirmasligi aniq, lekin, hech bir tarafning g‘azabini ham keltirmaydi.
Rossiya tarafiga o‘tish – o‘z mustaqilligiga bolta urushni anglatadi, Rossiyaga qarshi borish esa – Moskvaning mintaqa davlatlariga qarshi provokatsiyasiga bahona beradi. Shuning uchun, mintaqa, ehtiyotkorlik bilan kutadi... Rossiya siyosatining normallashishini, Moskva imperiyachilik vasvasasidan qutulishini kutishadi...
Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)