Qizil kitobdagi qush ovlanishi jamoatchilikni xavotirga soldi

Surxondaryo viloyatida noyob qushlarni ovlash bilan bog‘liq holat aniqlandi. Viloyat Ekologiya boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Jarqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro tanishlari bilan Termiz tumanidagi Uchko‘l massiviga borgan vaqtida ikki bosh noyob qush ovlanib, keyin iste’mol qilinganiga guvoh bo‘lganini ma’lum qilgan.
Holat yuzasidan taqdim etilgan foto va video materiallarda bir necha fuqaroning jonsiz pushti saqoqqush bilan suratga tushgani aks etgan. Tekshiruv davomida ushbu shaxslar vaziyatni “shunchaki qiziqish” bilan izohlashga uringan. Ammo tabiatga yetkazilgan zarar, ayniqsa, Qizil kitobga kiritilgan jonzotlar haqida gap ketganda, bunday bahona bilan oqlanmaydi.
Ekopolitsiya tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida mazkur fuqarolarning ovchilik bilan shug‘ullanib kelgani hamda ularda ov qurollari mavjudligi aniqlangan. Shundan so‘ng qurollar vaqtincha saqlash uchun ichki ishlar bo‘limi tomonidan olib qo‘yilgan.
Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, Qizil kitobga kiritilgan noyob qushning tabiatdan noqonuniy ravishda ajratib olinishi oqibatida hayvonot dunyosiga 206 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Bu raqam oddiy jarima emas, balki tabiatga nisbatan mas’uliyatsiz munosabatning qanchalik og‘ir oqibatlarga olib kelishini ko‘rsatadi.
Pushti saqoqqush kabi noyob qushlar tabiat muvozanatida muhim o‘rin tutadi. Ularning har biri tabiiy muhitning bir bo‘lagi, kelajak avlodlar ham ko‘rishi kerak bo‘lgan boylikdir. Shu sababli bunday jonzotlarni ovlash nafaqat qonunbuzarlik, balki tabiatga nisbatan hurmatsizlik sifatida ham baholanadi.
Holat bo‘yicha to‘plangan barcha hujjatlar huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborilgan. Endi mutasaddilar ushbu ishga qonun doirasida baho berishi va aybdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rishi kutilmoqda.
Qisqasi, bu voqea yana bir bor barchamizga muhim haqiqatni eslatadi: tabiat — ovunchoq emas. Qiziqish uchun qilingan bir harakat butun ekotizimga zarar yetkazishi mumkin. Noyob jonzotlarni asrash — faqat ekologlarning emas, har bir insonning vijdon ishi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!