22:00 / 29.07.2023
665

O‘zbekistonda ijtimoiy kayfiyat qanday? Davlatga ishonch va ishonchsizlik sabablari nimada?

O‘zbekistonda ijtimoiy kayfiyat qanday? Davlatga ishonch va ishonchsizlik sabablari nimada?

Har bir jamiyatning ijtimoiy psixologiyasi, ya’ni psixologik holati mavjud. Jumladan, jamiyatning davlatga, hokimiyatga va davlat mulozimlariga bo‘lgan munosabatini ko‘rsatuvchi qarashlari bo‘ladi. Jamiyatning hukumatga ishonchi yoki ishonchsizligiga o‘tmishdagi munosabatlar sabab bo‘ladi.

Xo‘sh, bugun o‘zbekistonliklarning davlatga, hukumatga munosabati qanday? Xalqning davlatga ishonch darajasini qanday baholash mumkin? Afsuski, bizda bu borada aniq va ishonchli javob bera oladigan sotsiologik tadqiqotlar mavjud emas. Bu 36 millionlik O‘zbekiston uchun – katta nuqson. Lekin, bunday sotsiologik tadqiqotlarning yo‘qligi, masalaning dolzarbligini pasaytirmaydi.

Nima uchun zamonaviy dunyoda jamiyatning davlatga ishonch darajasini kuzatib borish muhim? Chunki bu bilan jamiyatning holatini, potensial xatti-harakatlarini ta’bir qilish mumkin. Ijtimoiy barqarorlikning qanchalik tabiiy ekanini bilishga, shuningdek, davlatning legitimligi naqadar mustahkam yoki zaif ekanini tushunishga imkon beradi.

2016 yilga qadar O‘zbekistonda davlat va jamiyat o‘ta qutblashgan nuqtalarda edi. Davlat jamiyatni eshitishni emas, uni bostirishni, qo‘rqitishni – samarali boshqaruv usuli sifatida ko‘rardi. Hokimiyat ijtimoiy tafakkurni yangi qo‘rquv porsiyalari bilan boyitishni, boshqaruv texnologiyasi sifatida o‘zlashtirgan edi. Odamlardagi norozilikdan ko‘ra, qo‘rquv darajasi kattaroq edi. Barqarorlik formulasi edi bu.

Natijada jamiyatda ham davlat bilan kurashish zehniyati chuqur ildiz otgandi. 1991-2016 yillar davomida, O‘zbekiston ijtimoiy tafakkurida “demokratiya bo‘lishi uchun, davlatni zaiflashtirish, uni yiqitish kerak, shundagina real demokratik islohotlarga imkoniyat ochiladi”, degan qarash shakllanib bordi.

Bunday qarashning shakllanishida, juda ko‘plab omillar rol o‘ynadi. Jumladan, axborot tashabbusining O‘zbekistondan tashqariga chiqib ketgani, xorijdagi muxolifat, siyosiy tizim doirasida xalq bilan muloqot imkoniyatlarining nihoyatda torayib ketgani va eng asosiysi – davlat o‘ta yopiq va repressiv korporatsiyaga aylanib qolgani edi.

2016 yilda, hokimiyat o‘zgargach, ikkinchi ma’muriyat oldingi siyosiy tizimga o‘ta tanqidiy baho berdi. Bu tanqidiy baholar jamiyatning yashirin, lekin chuqur qarashlari bilan bir xil yoki yaqin edi. 2016 yildan boshlab, kuchishlatar tizimlar repressiv modeldan chiqish topshirig‘ini olishdi. Ayni paytda bu tuzilmalar jamiyatdagi xavfsizlik va barqarorlikni ushlab turishlari lozim.

Yuqorida aytilgan “demokratiyaga erishish uchun hozirgi hokimiyat almashishi kerak” degan qarash qanchalik o‘zgardi va agar o‘zgargan bo‘lsa, bu qarashning o‘rnida qanday pozitsiya shakllandi?

Ikkinchi ma’muriyat ushbu qarashni o‘zgartirishga ancha yaqinlashdi. Chunki jamiyatning davlat bilan kurashish tafakkuri zaiflashib, ma’naviy inqirozga uchragandi. Lekin ayni paytda davlat islohotlarni yetarli darajada tezlashtira va chuqurlashtira olmagani uchun, jamiyatda skeptitsizim saqlanib qoldi. Oxirgi 2-3 yilda esa, skeptitsizm nafaqat saqlanib qolmoqda, balki yana kengayib boshladi.

Natijada “o‘zgarishlarga erishish uchun davlatni, davlat mulozimlarini jazolash kerak” degan psixologik pozitsiya, asta-sekinlik bilan yana kengayib boshlayapti. Bu bilan bir tomondan jamiyat o‘zining birinchi ma’muriyatdagi o‘chini ikkinchi ma’muriyatdan ham olmoqchi bo‘lyapti. Boshqa tomondan, joriy hokimiyat, islohotlarni yetar hajmda qila olmagani, xalq bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘ya olmagani uchun ham ishonchsizlik ko‘lami oshib boryapti.

Xalqaro maydonda davlatlarning legitimligi – alohida o‘rganilib boriladigan masalalardan. The Global Economy xalqaro tashkiloti dunyo hukumatlarining legitimlik indeksini yillar davomida o‘rganib keladi. Bu indeksga ko‘ra, davlatlardagi fuqarolar naqadar erkin, naqadar hukumatga o‘z e’tirozlarini bildira oladi va hokimiyat ham xalqni naqadar eshita oladi, degan parametrlardan kelib chiqib, reyting belgilanadi. Ya’ni davlat bilan xalqni bog‘lovchi institutlar kuchli yoki kuchsiz ekani, ular o‘rtasida tirashuv, kurashishlar naqadar jiddiyligidan kelib chiqib, indeks xulosalari aniqlanishi aytilgan.

Ushbu indeksga ko‘ra, hukumat legitimligi eng yuqori davlatlar bular – Yaponiya, Shveysariya, Norvegiya, Niderlandiya, Luksemburg va boshqalar. Legitimligi eng past davlatlar esa Gvineya, Suriya, Shimoliy Koreya, Yaman va boshqalar. Qo‘shni Turkmaniston – salbiy 7-o‘rinda, Tojikiston esa – salbiy 18-o‘rinda. O‘zbekistonning reytingi ham juda past – salbiy 20-o‘rinda, Ozarboyjon esa – salbiy 21-o‘rinda.

Bu reytingdagi O‘zbekistonning salbiy mavqeyi davlatchilikni va jamoatchilikni tashvishga solishi kerak. Hokimiyatning legitimligi o‘nglanishi uchun shu kabi tashqi dunyoda katta ta’sir kuchiga ega bo‘lgan indekslarni o‘rganish kerak bo‘ladi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda ijtimoiy kayfiyat qanday? Davlatga ishonch va ishonchsizlik sabablari nimada?
ePN