2025 yilning 3 yanvar kuni JIB Toshkent shahar sudi apellyatsiya instantsiyasida Gʻayrat Doʻstov ishini koʻrib chiqdi. Garchi birinchi instantsiya sudi tomonidan 15 sutkaga qamalgan kirakashning hibs muddati 8 sutkaga qisqartirilgan va u sud zalidan ozod qilingan boʻlsa-da, apellyatsiya sudida aniqlangan qator qonun buzilishi holatlariga huquqiy baho berilmadi.
Gʻayrat Doʻstov
Foto: Videodan skrinshot
Nega mahbus poytaxt IIBB ertoʻlasida saqlangan?
Amaldagi tartibga koʻra, ma'muriy qamoq jazosi tayinlanganlar Toshkent shahar IIBB ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonasida saqlanadi. Bu “Ma'muriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida”gi qonunda belgilab qoʻyilgan.
Qonunda jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudi sudyasining qarori ma'muriy qamoqni oʻtash uchun asos boʻlishi belgilangan. JIB Bektemir tuman sudining 2024 yil 26 dekabrdagi qarorida ham Gʻayrat Doʻstov 15 sutkalik ma'muriy qamoq jazosini maxsus qabulxonada oʻtashi va buning uchun ketadigan xarajatlar fuqaroning hisobidan qoplanishi qayd etilgan.
Biroq Gʻayrat Doʻstov apellyatsiya sudi bergan koʻrsatmasida faqatgina bir kun, ya'ni 26 dekabrda tunni xalq orasida “Panelniy” nomi bilan mashhur muassasada, qolgan 7 kun davomida esa Toshkent shahar IIBB ertoʻlasida saqlanganini ma'lum qildi.
Qonunning 19-moddasida ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarning maxsus qabulxona hududidan chetga chiqishi tartibi keltirilgan boʻlib, unga koʻra ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarga alohida hollarda, masalan, yaqin qarindoshning vafoti yoki yaqin qarindoshning hayotiga tahdid soluvchi ogʻir kasallik, ma'muriy qamoqqa olingan shaxsga yoki uning oilasiga ancha miqdorda moddiy zarar etkazgan hodisa munosabati bilan bir sutkadan koʻp boʻlmagan muddatga maxsus qabulxona hududidan chetga chiqishga ruxsat berilishi koʻzda tutilgan.
Biroq na qonunda va na ichki ishlar vazirining 2018 yil 14 avgustdagi 220-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalarning ichki tartib-qoidalarida sud tomonidan ma'muriy javobgarlikka tortilgan shaxs bir necha kun davomida boshqa muassasada saqlash mumkinligiga doir norma belgilangan.
Foto: HabiKatura
Advokatlarning savoliga javoban fuqaro poytaxt IIBBda saqlangan vaqtida soʻroq qilinganini, biroq uni soʻroq qilganlarning ism-familiyalarini bilmasligini ta'kidladi. Shuningdek, u birinchi instantsiya sudida IIBB ertoʻlasida ushlab turilgan vaqtida advokat bilan ta'minlashni soʻraganiga qaramay uning iltimoslari qanoatlantirilmaganini aytadi. Hayratlanarlisi, sud ushbu holatlarning hech biriga e'tibor qaratgani yoʻq.
Boshga kiydirilgan qop
Sud majlisida Gʻayrat Doʻstov yaqinlari va advokatlarining savollariga javob berar ekan, Toshkent shahar IIBB ertoʻlasida saqlangan vaqtda boshiga qop kiydirilganini aytgandi.
“Ma'muriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida”gi qonunning 15-moddasida ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarning shaxsiy xavfsizligi ta'minlanishi, maxsus qabulxona ma'muriyati va xodimlari ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarning hayoti va sogʻligʻiga tahdidlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan darhol choralar koʻrishi shart”ligi mustahkamlab qoʻyilgan.
Sud majlisi davomida tobi qochgan vaqtda Gʻ.Doʻstov xuddi oʻzi bilan oʻzi gaplashayotgandek dabdurustdan “Nima boʻlganda ham vatanga xiyonat qilmadim, xiyonatchi emasman” deya bir necha marta takrorladi. Bu esa Toshkent shahar IIBB ertoʻlasida boʻlgan vaqtda yoki sudda olib kelinayotganda unga nisbatan ruhiy yoki boshqa turdagi bosim va tazyiq oʻtkazilgan boʻlishi mumkinligi borasidagi savollarni oʻrtaga chiqaradi.
Biroq apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqqan sudya Farrux Ergashev qonunga koʻra maxsus qabulxonada saqlanishi kerak boʻlgan Gʻayrat Doʻstov nima uchun poytaxt IIBBga olib ketilgani va 7 kun davomida ertoʻlada saqlanganiga qosh ham qoqib qoʻymaganiday uning hibsda boʻlgan vaqtda boshiga qop kiydirib qoʻyilganiga pinagini ham buzmadi, bu davrda fuqaroga nisbatan tazyiq yoki qiynoq qoʻllanilganini soʻramadi ham.
Natijada qop kiydirish kimning tashabbusi boʻlgani, bundan qanday maqsad koʻzlangani noma'lumligicha qoldi, tabiiyki, aybdorlar jazoga tortilmadi. Bu esa jamoatchilikda kelgusida ma'muriy javobgarlikka tortiladigan har qanday shaxs mana shu taxlit bosim, gʻayriinsoniy muomala yoki qiynoqqa solinishi mumkinligi xususida xavotirlarni tugʻdirdi.
Aslida amaldagi tartib-qoidalar qoʻpol ravishda buzilgani sababli sudya F.Ergashev IIV hamda Toshkent shahar IIBB mas'ullarini sudga guvoh sifatida chaqirishi yoxud masalaning ushbu qismini alohida ish yurituviga olishi lozim edi.
“Yopishmagan gajaklar”
Apellyatsiya instantsiyasida Doʻstov ustidan jabrlanuvchi sifatida IIBga arz qilgan Niyoz Hasanovning ham vajlari tinglandi. U Doʻstov oʻzini va metan zapravka ishchilarini haqorat qilganini aytdi. Biroq birinchi instantsiya sudining qarorida huquqbuzar ularni nima deb haqorat qilgani, aynan qaysi soʻzlarni ishlatgani keltirilmagan. Gʻayrat Doʻstov bu iddaolar tuhmat ekanini ta'kidlab, hech kimni haqorat qilmaganini, buni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video ham tasdiqlashini aytdi.
Biroq jabrlanuvchi internetda tarqalgan video montaj qilingani, huquqbuzar haqorat qilgan joylari kesib tashlanganini aytdi. Doʻstov uning soʻzlarini inkor qilib, video kesilmagani, holat qanday roʻy bergan boʻlsa, shundayligicha tasvirga olinganini bildirdi.
Gʻayrat Doʻstov ustidan jabrlanuvchi sifatida IIBga arz qilgan Niyoz Hasanov (chapda)
Foto: Videodan skrinshot
Oʻsha kuni soat toʻqqizdan uchgacha ishlashimiz kerak edi, asosiy magistral quvurda gaz bosimi tushib ketgani sababli maktab, bogʻcha va shifoxonalarga gaz etkazib berish maqsadida bizga ishlashga ruxsat berilmadi. Bungacha navbatda turganlarning 70 foiziga gaz quyib bergandik, ular chiqib ketgandi. Ishni toʻxtatishimizni aytganimizdan keyin bittasi operatorni urmoqchi boʻlyapti deb aytishdi. U erga borsam bittasi operator derazasini urib: “Seni chavaqlab tashlayman, menga gaz quyib berasan, “p*z”, “g*n”, haromxoʻrlar deb haqorat qilib oʻtiribdi.
Oldiga borib yoshim undan katta boʻlsa ham qoʻlimni koʻksimga qoʻyib: “Aka, unday qilmang, zapravka ishga tushishi bilan birinchi navbatda sizga gaz quyib beraman” dedim unga. U: “Menga gazing kerak emas, hammaga gazni navbatsiz qilib qoʻygin” deb taklifimni rad etdi. Keyin orqamga qarasam bular videoga olib oʻtiribdi. Qarasam ularning gaz olish niyati yoʻq, ijtimoiy-siyosiy oʻyin qilayotganini bilib, orqamga qaytib chiqib ketdim. Uzoqdan qarab tursam har xil videolarni olib, yuqorida turgan mansabdor shaxslarniyam soʻkkanini ijtimoiy tarmoqdagi videodan koʻrgansizlar, deya koʻrsatma berdi jabrlanuvchi.
Sudya N.Hasanovga murojaat qilib, Gʻ.Doʻstov uni haqorat qilganda atrofda boshqa fuqarolar ham boʻlgan-boʻlmaganini soʻradi. Bunga javoban zapravka muhandisi Doʻstovning 10-20 nafarcha tarafdorlari qoʻlida telefon bilan barcha jarayonni tasvirga olib turishganini bildirdi. Gʻayrat Doʻstov esa roʻy bergan vaziyatni tasvirga olgan yigitlarni tanimasligi, videoni ijtimoiy tarmoqda tarqalib ketganidan keyin koʻrganini aytdi.
Jabrlanuvchi oʻz koʻrsatmasida huquqbuzar hodisaning ertasi kuni ham kelib zapravka hududida toʻpolon koʻtarganini iddao qildi. Advokatning aniqlashtiruvchi savoliga javoban Gʻayrat Doʻstov qoʻlida telefon bilan blogerlik qilib yurganini nazarda tutganini tan oldi (aftidan u mana bu videoni aytyapti) va “Nima bu toʻpolon hisoblanmaydimi?” deya pisanda qildi.
IIB xodimlari olib ketgan kamera yozuvlari
Sudda advokatlarning savoliga javoban Niyoz Hasanov metan zapravkada kameralar mavjudligi va hodisa roʻy bergan kuni ular ishlab turganini ma'lum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, ichki ishlar xodimlari zapravkaga kelib videoyozuvlarni koʻrishgach, ularni oʻzlari bilan olib ketishgan.
Ammo JIB Bektemir sudining 2024 yil 26 dekabrdagi qarorida ushbu videoyozuvlar mavjudligi haqida lom-mim deyilmaydi.
Huquqbuzar Gʻ.Doʻstovning mazkur huquqbuzarlikni sodir etganlikdagi aybi ish hujjatlaridagi N.Hasanovning Gʻ.Doʻstovga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻrab yozgan arizasi, tushuntirish xatlari, Gʻ.Doʻstovning jamoat tartibini buzganligi holati boʻyicha internetning Instagram tarmogʻini koʻzdan kechirish va videotasvirni olish bayonnomasi hamda ma'muriy ishda toʻplangan boshqa hujjatlar bilan toʻliq oʻz isbotini topgan, deyiladi sud qarorida.
Nima uchundir apellyatsiya sudi sudyasi jabrlanuvchining koʻrsatmasida keltirilgan videoyozuvlarning taqdiri bilan qiziqib ham koʻrmadi.
Foto: YouTube
Yana bir muhim jihat: Oʻzbekiston Respublikasining yangilangan konstitutsiyasi 28-moddasida “agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas”ligi belgilab qoʻyilgan esa-da, “Doʻstov ishi”da N.Hasanovning arizasi va Gʻ.Doʻstovning qilmishidan pushaymonligini tan olib yozgan tushuntirish xati huquqbuzarlikni dastaklovchi asosiy dalil vazifasini oʻtagan.
Apellyatsiya instantsiyasida Doʻstovga huquqiy yordam koʻrsatgan 12 nafar advokatdan biri – Abdumalik Abdullayevning savoliga javob berar ekan, jabrlanuvchi N.Hasanov Gʻ.Doʻstov bilan munosabatga kirishganlik fakti videotasvirga olinganligini inkor etmadi, buni Doʻstov ham tasdiqladi, bunday holda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videotasvirlar dalil boʻlib xizmat qilsa, videoyozuv yuridik tahlil qilinib, tegishli baho berilishi kerak edi. Shunday ekan, jabrlanuvchi koʻrsatuvi bilan Doʻstov tushuntirishidagi qarama-qarshilik birga bir boʻlgani uchun ham bu holat huquqbuzarlikda ayblanayotgan shaxs foydasiga ishlashi kerak edi.
Sudyaning xatosiga huquqiy baho berilmadi
Birinchi sud instantsiyaning qaroridagi noaniqliklar faqat shulardangina iborat emas. Bu haqda advokat Abdumalik Abdullayev Telegram kanaliga quyidagilarni yozdi.
Mazkur keysda 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlagan Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Bektemir tuman sudi raisi Durdona Dadaxanovaning odil sudlovni amalga oshirishdagi qoʻpol xatosi — sudga ishi tushgan Doʻstovning adolatli eshituvga boʻlgan huquqini ta'minlamagani.
Adolatli eshituvga boʻlgan huquqni ta'minlash sudlovning odilligiga hissa qoʻshadigan muhim elementlardan biri boʻlib, u eshitilishdan tashqari eshitilgan har bir vajlarga tegishli huquqiy munosabat bildirilishini ham qamrab oladi.
Lekin ish hujjatlaridagi qaydlarda buni koʻrmaysiz.
Sudga ishi tushgan har qanday shaxs jinsi, irqi, millati, tili, dini, e'tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qat'i nazar, sud oldida teng. Shunday ekan, odil sudlovni amalga oshirishda shaxsning adolatli, ishonchli eshituvga boʻlgan huquqi ta'minlanishi shart.
Bunday holda “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunning 11-moddasi (qonun va sud oldidagi tenglik) talabi buzilgan.
Shuning uchun ham Durdona Dadaxanovaning bunday harakatsizligiga tegishli huquqiy baho berilishi kerak, deb yozgan advokat.
Apellyatsiya sudida advokatlar birinchi instantsiya sudi tomonidan yoʻl qoʻyilgan yana qator kamchiliklar yuzasidan ham e'tiroz bildirishdi. Jumladan, advokatlar Allayev hamda Sharipov protsessual tartib-qoidalar va amaldagi qonunchilik normalarini buzgan Toshkent shahar IIBB va JIB Bektemir tuman sudining mansabdor shaxslariga nisbatan taqdimnoma kiritishni soʻradi.
Foto: “Daryo”
Advokat Ruslan Mahamadiyevga koʻra, sud hujjatlarida Gʻayrat Doʻstovning aybini tasdiqlovchi biror bir dalil yoʻq, internetda tarqalgan videoda uning jamoat tartibini buzganligi koʻrinmaydi. Qolaversa, birinchi instantsiya sudi tomonidan Oliy sud plenum qarorlariga amal qilinmagan.
Sudda Gʻayrat Doʻstov manfaatlarini himoya qilgan Maharamqul Ermatov JIB Bektemir tuman sudi raisi Durdona Dadaxonova tomonidan fuqaroning konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanib bildirgan tanqidiy fikrlarini mayda bezorilik deb malakalanishi xato ekanini ta'kidlagan.
Birinchi instantsiya sudi Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 2 va 3-moddalari talablarini qoʻpol ravishda buzgan. Himoyam ostidagi Gʻayrat Doʻstov tomonidan mayda bezorilik sodir etilmagan. U zapravkada 6–8 soatlab turib, ayni navbati kelganda gaz berish toʻxtatilgani sabab kuchli ehtiros bilan hayajonlanib gapirgan. Prezidentning aholini gaz bilan ta'minlash boʻyicha topshiriqlarini bajarmayotgan mas'ullarnigina tanqid qilgan. Shuning uchun biz tanqidni mayda bezorilik deb aytishimiz mumkin emas. Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi ishni tugatishni soʻrayman.
Yana bir gap. Jabrlanuvchining koʻrsatmalaridan ayon boʻldiki, IIB xodimlari zapravkadagi kuzatuv kameralari yozuvlarini olib ketishgan ekan. U holda nega ushbu videoyozuvlar ish hujjatlariga qoʻshilmagan?Bundan bitta xulosa kelib chiqadiki, Gʻ.Doʻstovning birovlarni haqorat qilgani bu videoyozuvlarda aksini topmagan. Shuning uchun bu videoyozuvlarni ish hujjatlariga qoʻshmagan, degan M.Ermatov.
Advokat Ibragimov Doʻstovning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan chiqishida haqorat yoki tuhmat alomatlari yoʻqligi, shu sababli unga nisbatan birinchi instantsiya sudi tomonidan Ma'muriy javobgarlik kodeksi 183-moddasiga asoslanib tayinlangan jazo qonun normasidan ogʻishish hisoblanishi, chunki bu MJtK 183-moddasi dispozitsiyada koʻrsatilmaganini ta'kidlaydi.
Yana bir gap, JIB Bektemir tuman sudining 2024 yil 26 dekabrdagi qarorida koʻpchilik diqqat qilmagan yana bir xato bor. Qaror avvalida huquqbuzar jazoni maxsus qamoqxonada oʻtashi qayd etilgan. Katta bir tumanning jinoyat ishlari boʻyicha sudiga raislik qilayotgan shaxs maxsus qabulxona va maxsus qamoqxonaning farqiga bormaydimi yoki u Toshkent shahar IIBB ertoʻlasiga olib ketilgani avvaldan ma'lum boʻlgan-u, shunga asos boʻlishi uchun hujjatning qaror qismi jumlasi atay shunday tuzildimikin?
Sudya Farrux Ergashev
Advokatlar tomonidan keltirilgan shuncha vajlarga qaramay, sudya F.Ergashev apellyatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirdi xolos. Garchi qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgani roʻy-rost koʻrinib turgan hamda ish hujjatlari, tomonlarning koʻrsatmalariga muvofiq isbotini topgan boʻlsa-da, u birinchi instantsiya sudi va surishtiruv organi jazo tayinlashda toʻgʻri xulosaga kelgan deb topdi. Jabrlanuvchining tuhmat qilgani holati, uning iddaosini tasdiqlovchi dalillar mavjud emasligi yuzasidan esa huquqiy baho berilmadi.
Apellyatsiya instantsiyasi qaroridan norozi tomonlar 6 oy ichida Oliy sudga taftish tartibida shikoyat berish yoki protest kiritish huquqiga ega. Gʻayrat Doʻstov buzilgan haq-huquqlari tiklanishi uchun oxirigacha kurashadimi yoki yoʻq, bu endi vaqt masalasi.
Jamshid Niyozov
Manba: Daryo.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Oltin kovlashga chiqqan samarqandlik ikki fuqaro vafot etdi
Fargʻonalik 2 yoshli qizaloqning qornidan 135 ta magnit sharcha chiqarib olindi
Chust tumanidagi korxona rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
Oʻzingizga tegishli boʻlmagan er uchastkalarini egallab olmang...
Viloyatlararo 10 ta yangi yoʻnalishda avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi
Toshkentda prokuratura tergovchisi pora bilan ushlandi (video)
Boʻstonliqda qoʻngʻir ayiq oʻldirib ketildi
Markaziy bank: qoʻngʻiroqqa javob berish bilan kartadagi pullar avtomatik echib olinmaydi