Muhammad Salah Arne Slotning taktik uslubini tanqid qildi

Liverpul hujumchisi Muhammad Salah jamoaning Aston Villa bilan o'yindagi mag'lubiyatidan so'ng bosh murabbiy Arne Slotning taktik qarorlariga ochiqchasiga e'tiroz bildirdi. Misrlik futbolchi klub o'zining Jurgen Klopp davridagi mashhur "heavy metal" futbol uslubiga qaytishi kerakligini ta'kidladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Salah ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishida jamoa o'zining qo'rqinchli qiyofasini yo'qotib qo'yganini qayd etdi. Uning so'zlariga ko'ra, Liverpul shunchaki g'alaba qozonadigan emas, balki raqiblarini bosim ostida ushlab turadigan va sovrinlar uchun kurashadigan jamoa bo'lishi shart.
Arne Slot jamoada nazorat va to'pga egalik qilishga asoslangan o'yinni yo'lga qo'ymoqchi bo'lsa-da, Salah bu falsafani klub an'analariga zid deb hisoblaydi. Uning fikricha, klubga kelgan har bir inson Liverpulning o'ziga xos hujumkor uslubiga moslashishi kerak.
Ayni damda Liverpul Angliya Premer-ligasida Chempionlar ligasi yo'llanmasi uchun kurashmoqda. Mavsum yakunida klubni tark etishini e'lon qilgan Muhammad Salah so'nggi turda Brentfordga qarshi o'yinda jamoasiga yordam berib, mavsumni munosib yakunlamoqchi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!