Toshkent metrosida yo‘lovchilar oqimi sezilarli darajada oshdi

Toshkent metropolitenida 2026 yil may oyida yo‘lovchilar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli o‘sish qayd etdi. Ayniqsa, haftaning payshanba va juma kunlari metro stansiyalari eng gavjum nuqtalar sifatida ajralib turmoqda.
Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil 8 may kuni metropoliten xizmatlaridan 986 ming 916 nafar yo‘lovchi foydalangan bo‘lsa, 2026 yil 7 mayda bu ko‘rsatkich 1 million 105 ming 883 nafarga yetgan. Natijada yo‘lovchilar oqimi 12 foizga oshgani qayd etilgan.
Shuningdek, 2025 yil 15 may kuni metro orqali 953 ming 220 nafar yo‘lovchi harakatlangan bo‘lsa, 2026 yil 14 may kuni ushbu raqam 1 million 44 ming 736 nafarni tashkil etdi. Bu esa 9,6 foizlik o‘sishni ko‘rsatmoqda.
Eng katta ko‘rsatkichlardan biri sifatida 2026 yil 8 may kuni Toshkent metropoliteni bir kunda 1 million 117 ming 61 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatib, yangi rekord o‘rnatdi. Bu natija o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 80,5 foiz yuqori ekani bilan ahamiyatli hisoblanadi.
Mutaxassislar fikricha, yo‘lovchilar oqimining bunday o‘sishi shaharda transportga bo‘lgan talab ortib borayotgani va metro xizmatlariga ishonch kuchayganini anglatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!