
Ko‘pchilik mushuklarning xatti-harakatini insoncha talqin qilishga urinadi. Shu bois ularning ayrim qiliqlari bizga g‘alati, hatto tushunarsiz tuyuladi. Aslida esa mushuklarning xulqi hissiyotlar emas, balki tabiiy instinktlar, evolyutsion tajriba va nevrobiologik mexanizmlar asosida shakllangan.
Jon Bredshouning “Mushukning yashirin hayoti” asari aynan shu nuqtaga e’tibor qaratadi. Muallifning ta’kidlashicha, mushuklar inson kabi his-tuyg‘ularga ega mavjudot emas. Ular to‘liq uy hayvoniga aylanib ketmagan, yakkamoxov hayot tarziga moyil bo‘lgan hayvonlardir.
Mushuk inson bilan munosabatni mehr yoki emotsional bog‘liqlik orqali emas, balki foyda va qulaylik nuqtayi nazaridan qurishi mumkin. Ular kayfiyati o‘zgargandek tuyulsa-da, bu aksar hollarda hissiy reaksiya emas. Oddiy qilib aytganda, mushuk o‘z hududini, masofani yoki shaxsiy chegarasini nazorat qilayapti, xolos.
Itlardan farqli ravishda, mushuklar ijtimoiy muhitda yashashga moslashmagan. Ular doimiy muloqotga ehtiyoj sezmaydi. Asosiy strategiyasi — yakkalikda ov qilish va o‘z hududini saqlash. Shu sabab mushuk faqat o‘zi xohlagan paytda aloqaga kirishadi va bu har doim uning shartlari asosida bo‘ladi.
Mushuk ketib qolsa yoki uzoqlashsa, bu xafa bo‘lganini anglatmaydi. Bu uning tabiiy xulq-atvoridir. Odatda mushuk insonni o‘z atrof-muhitining bir qismi sifatida qabul qiladi, lekin bu munosabat hissiy emas, muhit bilan bog‘liq bo‘ladi.
Mushuklar sezgirlik chegarasi past bo‘lgan hayvonlar hisoblanadi. Shu bois insonning haddan tashqari e’tibori, quchoqlash yoki uzoq vaqt silash ularda noqulaylik uyg‘otishi mumkin. Tishlash ham ko‘p hollarda tajovuz emas, balki “yetarli” degan ogohlantirish signali hisoblanadi.
Ko‘pchilik uchun pishillash quvonch belgisiday tuyuladi. Ammo aslida bu ko‘p funksiyali xatti-harakat bo‘lib, mushukning o‘zini tinchlantirishi yoki insonga signal yuborishi bo‘lishi mumkin. Xuddi shuningdek, mushuklarning inson oyoqlari yonida uxlashi mehr ifodasi emas, balki xavfsizlik hissi va tezda chekinish imkoni bilan bog‘liq.
Mushuk insonni yalaganda ham bu o‘pich yoki mehr ramzi emas. Bu orqali u hududni belgilaydi yoki o‘zini xotirjam qiladi. Agar yalashdan keyin tishlash kuzatilsa, bu ortiqcha zo‘riqishdan darak beradi.
Umuman olganda, mushuklar tabiatan hududiy va yakkamoxov jonzotlardir. Ular boshqa mushuklarni ko‘pincha stress manbai sifatida qabul qiladi. Birga yashash faqat yetarli joy va oziq-ovqat bo‘lgandagina mumkin.
Shuningdek, mushuklar ov qilishni faqat ochlik sabab emas, balki instinktlarini qondirish uchun ham davom ettiradi. Qorni to‘q bo‘lsa ham, harakatga javob berish va o‘ljani ta’qib qilish ehtiyoji ularda saqlanib qolaveradi.
Qisqacha aytganda, mushukni tushunish uchun uni insonga o‘xshatish shart emas. Uni qanday bo‘lsa, shunday qabul qilish — haqiqiy mushukparvarlikning asosidir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.