
Germaniyalik muhandis Mikaela Benthaus pastki tana qismi falaj bo‘lishiga qaramasdan, suborbital kosmik parvozni muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, parvoz Blue Origin’ning New Shepard kosmik kemasida 20 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan va taxminan 11 daqiqa davom etgan. 33 yoshli Benthaus shu tariqa belidan past qismi falaj bo‘lgan holda kosmosga chiqqan dunyodagi ilk inson sifatida tarixga kirdi. U 2018 yilda velosipedda yurish paytida yiqilib og‘ir jarohat olgan va shundan beri nogironlar aravachasida harakatlanadi.
Qo‘nishdan keyin Benthaus ushbu parvozni hayotidagi eng unutilmas tajriba deb atadi. Uning ta’kidlashicha, inson hech qachon orzularidan voz kechmasligi kerak, chunki ularni amalga oshirish uchun hatto kichik imkoniyat ham yetarli bo‘lishi mumkin. Shuningdek, u bolaligidan kosmosga qiziqib kelgani va bunga “Yulduzlar jangi” filmi turtki bo‘lganini aytgan.
New Shepard ekipaji tarkibiga Benthausdan tashqari yana besh nafar ishtirokchi kirgan. Ular orasida germaniyalik aerokosmik muhandis Hans Kyonigsmann ham bo‘lib, u 2021 yilgacha SpaceX kompaniyasida faoliyat yuritgan. Kyonigsmann parvozdan so‘ng Yer va uning atmosferasi manzarasini juda ta’sirli, kosmos qorong‘uligini esa kutilganidan ham chuqurroq deb ta’rifladi.
Qayd etilishicha, mazkur missiya milliarder Jeff Bezosga tegishli Blue Origin kompaniyasining 16-pilotli parvozi hisoblanadi. So‘nggi yillarda 80 ga yaqin badavlat inson qisqa muddatli kosmik sayohatlarda ishtirok etgan. Parvoz chiptalari narxi esa rasman oshkor qilinmagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.