11:30 / 25.08.2017
6 120

O‘g‘lining uyiga sig‘magan ona...

O‘g‘lining uyiga sig‘magan ona...
Hashamatli hovlining naqshinkor eshigi sekingina ochilib, undan keng etak ko‘rindi. Etakka o‘ralashgan bir oyoq timirskilanib ostonada chalkashib yotgan poyabzallar orasidan o‘zining uniqqan, qalin matodan tikilgan og‘ir shippagini topdi. Oyog‘i yerda mustahakam turib olganiga ishonch hosil qilgach, eshik dastasiga ikki qo‘llab osilgancha pardek jussali kampir ko‘rindi.

Ozg‘inligidan egnidagi ko‘ylagi halpillagan, gap uqmas oq sochlari ro‘mol tagida yotishni xohlamay tarqoq «mo‘ralab» turgan, tishi yo‘qligidan og‘zi ichga tortib, iyagi oldinga turtib chiqqan kampir zina ayvonchasiga eson-omon chiqib olgach, atrofga alangladi. Keyin har ehtimolga qarshi xuddi endi uyg‘ongan kishidek ko‘zini ishqab qo‘ydi.

Lekin bu gal o‘g‘lining «Oyi, uyqudan turdingizmi?» degan gapi eshitilmadi. Aslida, bu hovliga ko‘chib kelgandan buyon bu gapni o‘g‘lidan bor-yo‘g‘i bir marta eshitgan va soddaligiga borib, «Allaqachon turgandim, bolam, oyoq tagida o‘ralashmay, deb xonamdan chiqmay, tasbeh o‘girib o‘tiruvdim», deya javob bergandi. O‘shanda negadir o‘g‘lining qovog‘i uyulgan. O‘g‘li ishga ketgandan keyin esa kelinidan eshitadiganini eshitgandi: «Erim bilan oramni buzmoqchimiz? Kichik o‘g‘lingiz qamalmay deb, bor-yo‘g‘ini sotib ko‘chada qolgani uchun sizga rahmimiz kelib, uyimga olib kelishga rozi bo‘lsam-u, shumi yaxshilikka rahmatingiz! Ertalab erimni ishga, bolalarni maktabga jo‘natgunimcha xonangizdan chiqmay, indamaygina o‘tiring, tushundingizmi? Hammani jo‘natib, o‘zim ham ishga borishga tayyorlanishim kerak, keyin chiqib choy ichsangiz ham bo‘ladi-ku! Baribir, bekor o‘tiribsiz, shoshadigan joyingiz yo‘q!» dedi kelin ilondek vishillab.

Kampir nima deyishni bilmay qolgandi o‘shanda. Chunki u katta o‘g‘limnikida yashayman deb kelgan, bu hovlida kelin xo‘jayinligi tushiga ham kirmagandi. Bir umr barvaqt turib o‘rgangan ayol odatiga ko‘ra bir-ikki marta tong otgandan hovliga chiqib, bekor o‘tirmaslik uchun, rezina ichakda suv sepgandi. Lekin bu ham keliniga yoqmagan. Ro‘zg‘or yumushlariga yordamlashish uchun qilgan harakatlarini kelini nega noto‘g‘ri tushunishiga sira aqli yetmasdi.

Surunkali kasalliklar o‘z ishini qilib, kuz yaqinlashish bilan suyaklari zirqirardi. Kichik kelini uning xastaligini bilib qolgani uchun kuz kelishi bilan surtadigan dorilardan olib kelardi. Katta o‘g‘linikiga shaharga ko‘chib kelayotganida o‘sha dorilarni o‘zi bilan olish esidan chiqibdi.

Suyaklari qaqshayvergach, uxlamay bolasining yo‘lini poyladi. Mashinasi ovozini eshitib, sekin xonasidan chiqib oshxonaga yo‘l oldi.

Kelin eriga allanimalarni gapirib kulishgancha ovqatlanishardi. Eshik ochilishi bilan ikkalasi ham o‘girilishdi.

— Keling, ona, bormisiz? — dedi o‘g‘il salomlashgach. — Bitta uyda turib ham, bir-birimizni ko‘rmaymiz-a? Ish ko‘p-da, onam, ish ko‘p. O‘ziz yaxshimisiz?

— Yaxshiman, bolam, Xudoga shukr. Ishni ko‘p bo‘lgani yaxshi, ilohim omadingni bersin!

— Bu yerda ish kam ekan... — xo‘rsindi onaizor.

— Obbo, onamey, hali ham ishlasam deysizmi? Endi dam oling, mana, biz ishlaymiz...

— Sizga maz kerakmi? — onasining tortinib gapirishidan o‘g‘il xijolat bo‘ldi. — Shuni shuncha tortinib gapirasizmi, ona? Menga falon dorini olib ber, desangiz bo‘lmaydimi? — u onasiga e’tiborsizligini saxiyligi bilan yuvishga sabab topilganidan quvonib kulib qo‘ydi.

— Malohat, — dedi keyin oshxonaga qarab. — Ertaga onamni do‘xtirga olib borib, tashxis qo‘ydirib kel. — Xotini javob bermaganiga e’tibor ham bermay volidasiga o‘girildi: — Keyin do‘xtir aytgan dorilarni olamiz, to‘g‘ri kelgan mazni moydori ekan deb surtib yuravermang , xo‘pmi?.

— Xo‘p... — ona o‘g‘lining mehridan erib, u yoq-bu yoqdan gaplashmoqchi bo‘ldi. Shu payt oshxonada nimadir qarsillab sindi va kelinning «voy» degan ovozi eshitildi.

— Xola, faqat, o‘g‘lingiznikida yashayvermay, biznikiga ham mehmonga boring-da, onam o‘rnida onamsiz axir, — gina qildi jiyan. — Keliningiz har kuni sizni so‘raydi, bugun sizni olib bormasam, meni uyga kiritmasa kerak.

— Iye, tobingiz bo‘lmayaptimi, xola? Aytmaysizmi? Keliningiz hamshira-ku, o‘zi davolab qo‘yadi.

— Essiz, sizlarni ham ovora qildim.. Esim qursin-a, akang bilan kelinoying ham bir dunyo dori olib bergandi-ya...

— E, qo‘ysangiz-chi, xola, ovorasi bormi?

— Xotin, akam qo‘ng‘iroq qilib, onamni qachon qaytarib berasan, deb so‘rab yotibdi, — dedi bir kuni ovqat boshida.

— Hali-beri bormaydi, qishni biznikida o‘tkazadi demadingizmi? — dedi jiyan-kelin.

— Dedim! Katta hovlida qishda qiynaladi, bizniki «dom», hamma sharoit ichida dedim.

— Bugun o‘g‘limga aytay, shu zinasiga suyanchiq yasatsin... Qariyapman shekilli, tushib-chiqishga qiynalayapman, — o‘ziga-o‘zi gapirdi kampir xonaga alanglab. Tumbochkasi ustida turgan choynak og‘zini ochib ko‘rdi, unda ikki oy oldin damlangan choy shamalari mog‘orlab qolgandi. Labi qurigan kampir tamshanib o‘rniga cho‘zildi.

Qoshlari chimirilgan kelinga qo‘rqa-pisa nigoh tashlab olgan kampir divanning bir burchagiga omonatgina cho‘kdi.

Kelin qaynonasiga choy ham uzatmasdan dasturxon boshidan turdi.

— Shaharda zerikmayapsizmi? — so‘radi o‘g‘il ovqatdan bosh ko‘tarmay.

O‘g‘il kulib yubordi.

Oshxonadagi idish-tovoqlar qattiqroq taraqlay boshlagach, kampir bezovtalandi, tezroq turish uchun shoshib gapirdi:

— Shu... bolam, tiramoh kelishi bilan suyaklarim qaqshaydi-da... Ukang olib bergan moydori bor edi, shuni surtsam, biroz tinchlanardi, bu dard o‘lgur. O‘sha moydorini o‘zim bilan olib kelish esimdan chiqibdi. Agar...

O‘g‘li «nima bo‘ldi?» degancha oshxonaga shoshilganini ko‘rib, kampir o‘zi qo‘l ham urmagan dasturxonga fotiha o‘qib o‘rnidan turdi.

Ertasi kuni o‘g‘lining gapidan dadillangan kampir bisotidagi eng yangi, ikki yil oldin kichik kelini bozordan olib bergan ko‘ylagini kiyib hovliga chiqdi.

O‘g‘li va nabiralari ketib bo‘lishgan, yasan-tusan qilgan kelin ham yo‘lga otlangandi.

Qaynonasining yasanib chiqqanini ko‘rib, avval hayron bo‘ldi, keyin sababi esiga tushib, istehzoli jilmaydi:

— Bugun vaqtim yo‘q siz bilan do‘xtirma-do‘xtir yurishga. Ishxonamda zarur tadbir bor. Ish tartibimni chamalab ko‘ray-chi, bo‘sh vaqtim bo‘lsa, do‘xtirga borib kelamiz, — dedi va poshnasini qarsillatgancha chiqib ketdi.

Mushtipar ayol uning ortidan «Unda dori olakeling...» degancha qolaverdi.

Kampir ertasi kuni o‘g‘lining ishdan kelishini kuta-kuta uxlab qoldi. Undan keyingi kun ham.

Bo‘g‘inlari zirqiraganiga chidolmay oyog‘ini uch-to‘rt qavat ro‘mol bilan o‘rab olgan kampir, kaftlari bilan to‘pig‘ini bosib-bosib qo‘yar, mashina ovozi eshitilarmikan deb, derazadan tushib turgan ayvon chiroqlariga umid bilan qarardi. Xotiniga topshiriq bergan o‘g‘li ertasiga ikki haftaga komandirovkaga ketayotganini onasiga aytmagandi.

Aksiga olib, kuzning ham qovog‘i ochilmas, bulutlar ham kampirga qasd qilgandek osmonda aylangani-aylangan.

Xudoning unga rahmi kelib, o‘sha kunlarda jiyani ko‘rgani kelib qoldi.

Kampirga jon kirgandek bo‘ldi, oyoqlari ham og‘riqni unutib, bir paytlardagidek chaqqon harakatlanishdi. Ajin qoplagan yuzi ostida ko‘rinmay qolgan ko‘zi g‘ilt-g‘ilt yoshga to‘lib tugunchasini ko‘tarib chiqdi.

Jiyan–kelin uni quchoq ochib kutib oldi. U ham ishlardi, lekin xolasini o‘tqizgani joy topolmay parvona bo‘lardi.

Og‘riq bo‘sh kelavermagach, kampir sekingina jiyaniga: — Moydorim akangni uyda qolib ketipti-da...

hayal o‘tmay, kelin ko‘tarib kelgan bir paket dori-darmonni ko‘rib ayolning ichi uvishdi.

Kelin kampirning oyog‘iga kuniga ikki marta malham surtar, uch mahal dori ichishini nazorat qilar, bundan tashqari, allaqanday dorivor giyohlardan oyog‘iga vanna qilardi. Bunaqa parvarishni umrida ko‘rmagan kampir xijolat bo‘lardi.

Parvo yaxshiligidan onaizorga biroz jon kirib, et oldi. Faqat o‘n kundan buyon na o‘g‘li, na kelini xabar olmaganidan jiyanlarining oldida xijolat bo‘lardi.

Uning siqilayotganini jiyani ham sezdi.

Kampirning ko‘zlari charaqlab ketgandek bo‘ldi.

Kampir shu kuni uyquga ketguncha «qo‘ng‘iroq qilgan» o‘g‘lini duo qilib yotdi.

Jiyaninikida ikki oy qolib ketgan kampir, oxirgi paytlarda yuragi g‘ash bo‘layotganidan zorlanib, jiyaniga akangnikiga olib borib qo‘y deb turib oldi. Kampirni ko‘ndira olmagan jiyani kecha uni akasining hovlisiga olib kelgandi. O‘g‘li odatdagidek uyda yo‘q edi, kelin kampirni sovuqqina kutib oldi. Yo‘lda charchagan kampir ovqat ham yemay uxlab qoldi.

Tong yorishsa-da, hech kim nonushtaga chaqirmagach, sekin-asta xonasidan chiqib, eshik dastasiga osilgancha turib qoldi.

Aylana shaklida yasalgan keng zinaning ushlaydigan tutqichi yo‘qligi sabab doim tushib-chiqishga qiynalardi.

hozir boshi aylanib turgan vaqtda undan tushish kampir uchun azobga aylandi. U qadam bosishga ikkilanib bor-yo‘g‘i beshta bo‘lgan pog‘onalarga qarab o‘ylanib qoldi. Undan suyanchiqsiz tushib olishga ko‘zi yetmay, yana xonasiga qaytib kirdi.

«O‘g‘limning ishi ko‘p-da, bo‘lmasa allaqachon zinaga suyanchiq yasab qo‘yardi», o‘yladi kampir va qush uyqu ustunlik qilib mizg‘idi. Birozdan keyin mamnun jilmaydi, tushida kichik o‘g‘li bilan yashagan keng, suv sepilgan, rayhon ifori taralib turadigan shinam hovlisida yayrab yurardi...

Dilfuza SOBIROVA


Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘g‘lining uyiga sig‘magan ona...