
7 dekabr kuni Xorazm viloyati Hazorasp tumanida qayta ta’mirlangan "Hazorasp" temir yo‘l vokzalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda mahalliy hokimiyat vakillari, transport sohasi mutasaddilari, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi va yaqinlashib kelayotgan Yangi yil munosabati bilan tashkil etildi. Marosimda qayd etilishicha, rekonstruksiya ishlaridan so‘ng vokzal binosi zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lib, yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratilgan.
Ta’mirlash jarayonida vokzalning asosiy qismi to‘liq yangilandi. Ichki xonalar qayta jihozlandi, isitish tizimi almashtirildi, yangi yoritish tizimi o‘rnatildi, bino issiqlik izolyatsiyasi va oynalash ishlari amalga oshirildi.
Shuningdek, mebel va uskunalar yangilandi. Yo‘lovchilar va mehmonlar uchun yashil maydonlar, gulzorlar va teraslar barpo etildi.
VIP mijozlar va xodimlar uchun alohida kirish yo‘lagi tashkil qilindi. Bundan tashqari, xorijiy sayyohlar uchun qulay xizmat ko‘rsatish shart-sharoitlari yaratildi.
Rekonstruksiya ishlaridan so‘ng vokzal bir soatda 200 nafar yo‘lovchiga, eng yuqori yuklama davrlarida esa 1 ming nafar kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.