
2026 yil 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksika sahnalarda namoyon etadigan yirik futbol anjumani — Jahon chempionatiga qur’a tashlandi va unda ishtirok etuvchi 48 ta terma jamoa rasman guruhlarga ajratildi. Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi juda murakkab raqiblar bilan bir guruhga tushdi.
O‘zbekiston jamoasiga Krishtianu Ronaldu boshchilik qilayotgan Portugaliya hamda Xames Rodriges yetakchiligidagi Kolumbiya terma jamoasi raqiblik qilishi belgilandi. “K” guruhining so‘nggi qatnashchisi esa Kongo Demokratik Respublikasi, Yangi Kaledoniya yoki Yamaykadan biri bo‘ladi — pley-off g‘olibi orqali aniqlanadi.
Qur’a yakunlanganidan so‘ng futbol mutaxassislari mundialga yo‘l olgan jamoalarning imkoniyatlarini tahlil qila boshladi. Italiyaning “Fodja”, “Bolonya” klublarida to‘p surgan va Rossiya terma jamoasi sobiq hujumchisi bo‘lgan Igor Kolivanov o‘z fikrlarini bildirib, o‘zbekistonlik futbol muxlislarining e’tiborini tortdi.
Kolivanovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu chempionatning o‘ziga xos jihati — har bir guruhda ikki favorit va bir nechta o‘rta imkoniyatli jamoalarning jamlanishidir. Umumiy maqsad — mundialga ko‘proq terma jamoalarni jalb qilish va raqobatni kengaytirish.
Mutaxassis fikricha, qiziqarli va keskin bellashuvlar guruh bosqichidan ko‘ra pley-off o‘yinlarida ko‘proq kuzatiladi. Ammo ba’zi guruhlarda kutilmagan natijalar, syurprizlar bo‘lishi ehtimoli ham yuqori.
O‘zbekistonning imkoniyatlari haqida so‘z ketganda, Kolivanov juda ehtiyotkor va real baholashni tanladi:
“Mening fikrimcha, O‘zbekiston hozircha jiddiy da’vo qila oladigan darajada emas. Shuningdek, ulardan sensatsiya kutilishini ham tasavvur qilmayman. Albatta, o‘zbeklar jangovar va kurashchan jamoa, ular maydonda borini beradi. Ammo Portugaliya va Kolumbiyaning klassini hisobdan chiqarib bo‘lmaydi”, — dedi u.
O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixidagi birinchi jahon chempionati bahsini 18-iyun kuni Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi. Bu uchrashuv nafaqat ishqibozlar, balki jahon futboli tahlilchilari uchun ham qiziqarli duel bo‘lishi kutilmoqda.
Muxlislar eng sabrsizlik bilan kutgan Portugaliyaga qarshi bellashuv esa 23 iyunda bo‘lib o‘tadi. “K” guruhidagi hal qiluvchi so‘nggi o‘yin — 27 iyunda pley-off saralashidan muvaffaqiyatli o‘tgan raqibga qarshi o‘tkaziladi va aynan shu uchrashuv guruh taqdirini belgilashi mumkin.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun bu mundial — tarixiy imkon, qiyin sinov va o‘z so‘zini aytish uchun katta imkoniyat. Muxlislar esa jamoadan yangi ruh, yangi xarakter va yangi sahifalar kutishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.