11:02 / 30.01.2018
10 768

Toshkentda sovuq suv narxi oshdi: narx qimmatmi yo arzon?

Toshkentda sovuq suv narxi oshdi: narx qimmatmi yo arzon?
Toshkentda sovuq suvning bir kub metriga 100 so‘m miqdorida ustama haqi qo‘shilib, umumiy narxi 600 so‘mga yetdi. Bir kubning 1000 litr ekanini hisobga olsak, bir litr sovuq ichimlik suvining narxi endi 60 tiyinni tashkil etadi. Bu arzonmi yoki qimmat?

Hisob-kitoblarga ko‘ra shaharlik odam qo‘lini bir marta sovunlab yuvganda o‘rtacha 8 litr suv ishlatar ekan, tish uchun esa 6-8 litr atrofida suv sarflanadi. Hojat uchun ham har safar o‘rtacha 8-10 litr ketadi (agar unitaz nosoz bo‘lib, suv oqib yotmasa). Ko‘ngillari vannada cho‘milishni ixtiyor etsalar, o‘rtacha 200-300 litr suvning bahridan o‘tadilar (standart 170x50x70 hajmli vannaga 600 litrga yaqin suv ketadi). Dushda cho‘milganimizda ham ozmuncha suvni isrof qilib yuboramiz. Umuman olganda, hisob-kitoblar bo‘yicha shaharda ishlatayotgan suvning 80 foizi behuda sarflanib, kanalizatsiyaga oqib ketadi, deb yoziladi O‘zAda.

Bir metr kub, ya’ni 1000 litr suvni esa shaharliklar:
13 marta vannada cho‘milish;
14 marta avtomat-mashinada kir yuvish;
30 marta dush qabul qilish;
111 marta hojatxonada unitazni yuvib yuborishga sarflab, buning uchun 600 so‘mdan pul to‘lashadi, xolos.

Menga qolsa sovuq suv narxini avval bir so‘mga chiqarib, so‘ngra uni bosqichma-bosqich oshirib, yaqin ikki-uch yilda bir litr suvning narxini hech bo‘lmasa 5 so‘mgacha yetkazgan bo‘lardim. Shu bilan birga, oila a’zolari sonidan kelib chiqib sarflanadigan sovuq suv uchun qat’iy limit o‘rnatib, belgilangan miqdordan oshgan suv narxini to‘rt-besh barobarga qimmatlashtirardim.

Menimcha, bir litr toza ichimlik suvi narxi 5 so‘m bo‘lsa, hech kim kasodga uchramasa kerak, aksincha, odamlar ancha-muncha tejamkor bo‘lardi. Tishini bir stakan suv bilan yuvardi, dush qabul qilganda jo‘mrakni kerakli vaqtda ochib, zarurat bo‘lmaganda o‘chirib qo‘yardi. Hojatxona masalasida bir narsa deyishim mushkur, har holda nosoz unitaz bo‘lsa uni tezda ta’mirlagan yoki yangisiga alishtirgan (kichik va katta hojat uchun alohida suv quyadiganiga) bo‘lardi.

Suvni tejash – baxillik emas. Aksincha, uni isrof qilish bir qultum suvga zorlar oldidagi ma’naviy jinoyat. Hatto tahorat olayotganda suvni isrof qilgan odam gunohkor bo‘ladi. Ammo ma’naviyat, isrof, insof, tejamkorlik degan so‘zlarni tushunmaydigan, inkor yoki “ignor” qiladigan odam uchun eng yaxshi va samarali chora – narxlarni qimmat qilib qo‘yish.
Sanjar Rustamov, bloger

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda sovuq suv narxi oshdi: narx qimmatmi yo arzon?