12:53 / 11.05.2018
7 185

Tunda yo‘qlagan arvoh...

Tunda yo‘qlagan arvoh...
Bu voqea ancha yillar avval sodir bo‘lgandi. O‘shanda mahallamizga yosh er-xotinlar ko‘chib kelishdi. Ularning uch nafar farzandi ham bor edi. Turmush o‘rtog‘i yaxshi joyda ishlardi. Ayoli esa uyda farzandlar tarbiyasi bilan band edi. Xullas, baxt­li oilalardan biri edi. Lekin oradan bir yil o‘tar-o‘tmas ularning oilasiga ko‘z tegdimi, xullas, baxtsizlik sodir bo‘ldi.

Oila boshlig‘i avtohalokatga uchrab, vafot etdi. Yoshgina juvon bir kunda uchta bolasi bilan beva bo‘lib qoldi. Uzoq-yaqindan oilaning do‘st-birodarlari, qarindoshlari kelib, ayolning turmush o‘rtog‘ini dafn qilishdi. Dafn marosimlari tugagach, hamma sekin-asta uy-uyiga tarqaldi. Ayol uyda bolalari bilan yolg‘iz qoldi.

Ana shundan so‘ng ayolning uyida g‘alati hodisa sodir bo‘la boshlagan. Uyda yolg‘iz qolgan kunining o‘zida, yarim tunda eshik taqillagan. Qo‘rqib ketgan ayol eshik yoniga kelib, “Kim?” deb so‘ragan. Eshik ortidan esa marhum erining ovozi eshitilgan: “Men keldim. Och eshikni!”

Bu ovozni eshitgan ayol aqldan ozay degan. Qo‘rqib ketganidan lom-mim demay, bolalarining xonasiga qamalib olgan. Ertasiga uyg‘ongach esa “Alahsiradim yoki qo‘rqib ketganimdan menga shunday tuyuldi, shekilli”, deb ayol bu hodisani hech kimga aytmagan. Lekin ertasi kuni tunda bu hodisa yana takrorlangan. Bu gal ayol eriga javob berishda o‘zida kuch topgan: “Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas. Keting. Siz o‘lgansiz-ku?!” “Yo‘q, mana, men oldingga qaytdim. Och eshikni”, degan javobni olgan ayol yana bolalarining yoniga qamalib olgan. Eng qizig‘i, kelgan odam eshikni faqat taqillatgan, xolos. Uni buzishga harakat qilmagan.

Bu hol har kuni takrorlana boshlagach, ayol chorasizlikdan bu haqda onamga aytib bergan. Juvon onam bilan ancha yaqin bo‘lib qolishgandi. Onam ham uning gaplariga ishonmagan. “Sho‘rlik darddan jinni bo‘lib qolmasa bo‘ldi”, deb o‘ylagan ekan onam. Shu sabab bir kuni onam otamga bahona qilib, o‘sha beva ayolnikiga kechqurun yotgani borgan. O‘sha tunda qanday hodisa sodir bo‘lmagan. Ayol hayron bo‘lgan. Ertasiga yolg‘iz qolgach esa o‘sha voqea sodir bo‘lavergan.

Onam nima qilarini bilmay, juvonni uzoqroqda turadigan ko‘pni ko‘rgan ayolning oldiga olib borgan. Voqeani eshitib ko‘rgan ayol fol ochgan. “Eh, bolam, o‘zi shundoq ham taqdiring bo‘lgan insonni o‘zingga o‘qitib olgan ekansan-da”, degan folbin ayol.

Bu gapni eshitgach, qizarib ketgan ayol barcha gapni aytib beribdi.

Ma’lum bo‘lishicha, marhum turmush o‘rtog‘i avval dugonasining yigiti bo‘lgan ekan. Lekin keyin bu ayol o‘rtaga tushib, ularni urishtirib olib, yigitni o‘ziga isitib, turmushga chiqqan ekan. Bu gaplarni eshitgan onam hangu-mang bo‘lib qoladi. Ammo bo‘lar ish bo‘lib bo‘lgandi. “Mana endi shu ishingning natijasini ko‘ryapsan. Ozgina sabr qilganing-da, taqdiring bir edi sizlarning. Balki, shunda bu falokat ham bo‘lmasmidi. Mayli, bo‘lar ish bo‘libdi. Duo juda kuchli bo‘lgan. Shu sabab ham u qabrda sensiz tinch yotolmayotpti. Seni o‘zi bilan olib ketmoqchi. Lekin hali juda erta. Bolalaring juda yosh. Ular senga muhtoj. Hozir esa senga yagona maslahatim, bolalaringni olgin-da, uzoqroqqa ko‘chib ket. Uchalasini oyoqqa qo‘yganingdan so‘ng ulardan ko‘ngling xotirjam bo‘lgachgina qaytib kel. Faqat boshqa yerda jon berishni xayolingga ham keltirma. Bo‘lmasa, bu qarg‘ish bolalaringga, ulardan nevaralaringga o‘tadi. Keti uzilmaydi”, — debdi.

Bu gaplarni eshitgach, ayol o‘sha kuni akalarini chaqirib, bir kunning o‘zida mahallamizni tark etdi. Keyin mana 30 yildirki, u haqda hech narsa eshitmadik. Yaqinda esa uning yana mahallamizga qaytib kelganini eshitdim.
FARANGIZ yozib oldi.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tunda yo‘qlagan arvoh...