22:24 / 02.08.2018
4 737

Kirish imtihonlarida qing‘irliklar davom etmoqdami?

Kirish imtihonlarida qing‘irliklar davom etmoqdami?
Kechadan boshlab deyarli barcha ommaviy axborot vositalarida «Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari ochiqlik va shaffoflik bilan o‘tkazilayotgani» haqida jar solinmoqda. Sodda xalqimiz ham bu so‘zlarga ishonmoqda, ko‘pchilik nihoyat adolat qaror topishidan umid qilmoqda. Guyoki hammasi risoladagidek. Lekin, tanganing ikkinchi tarafi ham mavjud. Rostan ham hamma yerda test imtihonlari adolatli olib borilmoqdami?

«Kun.uz» ijodiy jamoasi 1 avgust imtihon kuni qanday o‘tkazilayotganini kuzatish uchun xududlarga bordi. Imtihonlar ayni damda Toshkent shahrida quyidagi binolarda tashkil etilmoqda:

1. «O‘zEkspomarkaz» Milliy ko‘rgazmalar majmuasi;
2. Oliy o‘quv yurtlariaro sport majmuasi;
3. Xalq iste’mol tovarlarining ko‘rgazma yarmarka savdosi Respublika markazi;
4. Respublika ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internati;
5. «Tennis» sport majmuasi;

Barcha binolarga ham borishni rejalashtirdik. Lekin, bir bino borki, u yerga borilmasa bo‘lmasdi. Bu bino Xalq iste’mol tovarlarining ko‘rgazma yarmarka savdosi Respublika markazidir. Toshkent shahrining Olmazor tumani hududida, shundoqqina «Beruniy» metrosi yonida joylashgan.

Negaligini so‘rayapsizmi? Chunki, bu yer Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti va shu kabi boshqa nufuzli oliygohlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar imtihondan o‘tkaziladigan makon. Sirli makon.

Bu ta’lim dargohlari haqida qiziq faktlar bilan o‘rtoqlashsak. Bular iqtisod, siyosat, yurisprudensiya, moliya sohalarida yetuk davlat kadrlarini tayyorlashi kerak bo‘lgan oliygohlar hisoblanadi. So‘nggi yillarda kirish ballari «osmonga uchgan» ta’lim maskanlari, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bir vaqtlar xalq orasida har xil «o‘yinlar» bo‘lgan oliygohlar degan gaplar ham tarqalgan.

Oddiy misol: 2009 yil Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro huquq (o‘zbek) fakultetiga kirish balining o‘zi 200,4 ballni tashkil qilgan. O‘sha davrda kamida 3ta blok bo‘yicha 36ta testdan kamida 32tadan yechmagan abituriyent talaba bo‘la olmas edi. Buning uchun siz tarix fanining o‘zidan kamida 250 varaq bo‘lgan 11ta darslikni yodlab tashlashingiz talab etilardi. Ko‘chalarda esa o‘sha «X» variantlarni ko‘rish mumkin edi. Bu hamma bilgan haqiqat. «Oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi», deydi dono xalqimiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda birinchi kundanoq bu safargi kirish imtihonlarida ham odatdagi kabi auditoriyalardan variantlar olib chiqib ketilgani, telefonlardan foydalanilgani va boshqa turli nayranglar ishlatilgani, nohaqliklar kuzatilgani haqida bot-bot yozishdi. Internetda tarqalgan, imtihonlar o‘tkazilgan hududlarda olingan suratlar ham joylarda ishlar «Eski hammom, eski tos»ligicha qolganini ko‘rsatmoqda.

Bugun 2 avgust kuni shu binoga yana bordik. U yerdagi imtihon jarayonlarini boshidan oxirigacha kuzatib, hech kimga xalaqit bermaslikni, o‘z navbatida bizga ham hech kim xalaqit bermasligini istagandik. Davlat test markazi tegishli ruxsatnomalarni tayyorlab bergan edi. Binolarda erkin harakatlanib, shaffoflik ta’minlanishiga xizmat qilishni istagan edik. Lekin u yerdagi Davlat xavfsizligi xizmati va Davlat test markazi xodimlari bizga «Faqatgina jarayon boshlanishidan avval 5 daqiqa rasmga olasizlarda, ketasizlar» deyishdi. Biz ularga sizlar kabi adolat ta’minlanishiga xizmat qilmoqchimiz, deyishimizga qaramay, u yerda qolishimizga qarshilik qilishdi. Afsus, shuncha davlat tashkilotlari sig‘gan joyga to‘rtinchi hokimiyat vakili sig‘may qoldi.

Yaqindagina prezident Shavkat Mirziyoyev matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga yo‘llagan tabrigida «Biz jamiyatimizda oshkoralik, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashda, huquqiy demokratik davlat asoslarini mustahkamlashda sizlarga, sizlarning bilim va iste’dodingizga tayanamiz» demaganmidi? Nega amalda ko‘pchilik prezident siyosatiga rioya qilishni istamaydi? Jurnalistlar shunchaki xalqqa va davlatga xizmat qilmoqchi, amalga oshiriladigan islohotlarga o‘z hissasini qo‘shmoqchi axir!

Bu holat bo‘yicha albatta tegishli tashkilotlardan kerakli izohlarni kutib qolamiz. Nega jarayonda bevosita qatnashishimizga ruxsat berilmagani tushuntirib beriladi, degan umiddamiz.

Yana umid qilamizki, joylardagi boshqa shubhali holatlar yuzasidan surishtiruvlar o‘tkazilib, islohotlar mohiyatini hali anglamagan yoki «o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas» qabilida anglashni istamayotgan mas’ullarga tegishli jazo beriladi va bunday xufyona ishlarga chek qo‘yiladi. Axir xalqimiz davlatdan birinchi navbatda adolat istaydi.
Zafar Solijonov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kirish imtihonlarida qing‘irliklar davom etmoqdami?