10:50 / 15.08.2018
6 357

Senator Iqbol Mirzo: "Biz qora tush ko‘rayotgandek edik..."

Сенатор Иқбол Мирзо: "Биз қора туш кўраётгандек эдик..."
E’tibor bergandirsiz, kunlarimiz shitob olib, vaqt yildirimdek o‘tib boryapti. Avvallari bir oy nari-berisida olinadigan axborotimiz bir kun-yarim kunda paydar-pay yog‘ilib, aqlimizni shoshiryapti. Deyarli hammasi ichu tegramizda yuz berayotgan voqealar, yurtimizga daxldor yangiliklardan iborat.

Ma’lumotlar ham, ularni yetkazishga oshiqqan manbalar ham soat sayin ortayotgani chin. Chunki, aytsa arizigulik, yozsa yaragulik, maqtansa yarashgulik voqealar ro‘y beryapti: yangi shaharlarga asos solinib, qishloqlar qayta bunyod etilyapti, davlatlararo buzilgan ko‘priklar tiklanib, sog‘inishgan qardoshlar bir-birining yelkasiga bosh qo‘yib shukrona aytyapti, yo‘llardagi to‘siq-g‘ovlar olib tashlanyapti, erkin iqtisodiy hududlar tashkil etilib, ishbilarmonlarning qo‘lbog‘i yechilyapti, millat ertasi uchun yangi vazirligu qo‘mitalarga asos solinib,mana shu ishlarni jadallashtirish uchun farmonlaru qarorlar qabul qilinyapti...

Muhimi, hech biri xo‘jako‘rsingamas, hammasi odamlar manfaati, orzu-niyati, xohish-istagiga xosu mos, muxtasar aytganda, xalqni rozi qilish uchun!

Davlatchilikning bu mutlaqo yangi yo‘rig‘ini ko‘rib ko‘pchilik “bo‘lar ekanu!” deyayotgani, ayrim mulohazalilar esa “avval nega bo‘lmagan ekan?” savoli bilan hayratlanayotgani shubhasiz.

Gap shundaki, ko‘p yillar davomida o‘zimizni aldab, o‘zimizga mahliyo bo‘lib, bino qo‘yib yashadik. Yon qo‘shnilarimizni bezdirib, do‘stdan dushman yasadik, ta’limni isloh etamiz deb, bolalarimizni ko‘rsavod qildik, tibbiyot g‘orat bo‘ldi, erkin so‘zning tomog‘idan xippa oldik. Natijada kun ko‘rish uchungina yashaydigan, yuragiga qo‘rquv uya qurgan, qorindan boshqa narsani o‘ylamaydigan, qo‘shnisiga qayishmaydigan, loqayd va karaxt muhit paydo bo‘ldi. Shu asnoda iste’dodlar chetga surilib, ustoz adiblar e’tiborsiz qoldirildi. Dardi ichiga tushgan millatsevar ziyolilar uzlatga chekindi. Ko‘pchilikning ko‘ngli tubidagi kelajakka umid shamlari bir-ketin o‘cha boshladi. Biz umumiy qora tush ko‘rayotgandek edik. Ha, ulug‘ adibimiz aytganidek, qancha-qancha umrlar tushda kechdi, uyquda zoye bo‘ldi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qayta-qayta “eng katta ichki dushmanimiz - befarqlik”, deb ta’kidlayotgani, bu baloga qarshi ma’rifat bilan kurashish kerakligini kuyunib uqtirayotgani bejiz emas. Davlat rahbari va xalq oldida mashaqqatli dovon turibdi: endi biz chorak asr amalga oshirilmagan ishlar bilan birga bugungi zamon talab qilayotgan vazifalarni ham uddalashimiz kerak.

Butun dunyo adabiyotni iqtisod changaliga tashlab, o‘zing uchun o‘l yetim, deb turganida nega bizning Prezident adib-ziyolilarni buncha siylab, marhamat ko‘rsatyapti? Boisi, tarixan millatning yetakchilari, oydinlari bo‘lib kelgan Cho‘lponu Qodiriylar, Behbudiy va Avloniylar elparvarligi, ma’rifati, shijoati, g‘ayrati va fidoyiligi bugun g‘oyat zarur.

O‘tgan haftada yurtimizda “O‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib qilishning dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etilishi va tadbir ishtirokchilariga Prezidentning tabrik yo‘llashi, poytaxtimiz ko‘chalariga Maxtumquli, Chingiz Aytmatov, Yakub Kolas nomlari berilishi adabiy aloqalar abadiy do‘stlik aloqalari sifatida bezavol yashashiga xizmat qiladi, albatta. Bundan ko‘rinadiki, yurtboshimizning adabiyot, ma’naviyat bilan bog‘liq maqsad-muddaolari ulug‘, qamrov-o‘lchami benihoya ko‘lamdor.

Ikkinchi Jahon urushi davrida yurtimizga ko‘chirilgan millionlab kishilar orasida Belarus xalq shoiri Yakub Kolas ham Toshkentda jon saqlaganidan xabaringiz bor. Shoir poytaxtimiz muhitiga, anhorlariga mahliyo bo‘lib “Salor”, “Bo‘zsuv” nomli samimiy she’rlar yozgan.Mehmonlarga ham ilhom ulashgan Bo‘zsuv nafasi ufirib turgan hududda Prezident tashabbusi bilan qalam ahli uchun bugun ko‘rkam xonadonlar qad rostladi, so‘lim sayilgoh bunyod etildi. Davlatimiz rahbari mazkur maskanga tashrifi chog‘ida yozuvchi-shoirlar suv yoqalab, sayilgohni kezib, ilhom olib, ma’rifat tarqatishini ko‘zlab mana shu xayrli ishlar amalga oshirilganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

Bu ezgu orzularning ro‘yobi, avvalo, ijodkor ziyolilarning islohotlar shiddatini, salobatini qanchalar chuqur anglashi, his qilishi va yonib yashashiga bog‘liq. Zero, yongan yurak ziyoli bo‘ladi, boshqalarga ham yog‘du ulashadi.

Davlat ravnaqi, xalq saodati, avlodlar baxtu kamoli uchun befarqlikka qarshi chinakam hayot-mamot kurashi boshlandi. Xalqimizning oltin kitobi “Devonu lug‘atit-turk”da aytilganidek, “Alp – yog‘iyda, alchaq – yog‘ida”, ya’ni botir – dushman oldida, jangda, olchoq esa bahslarda sinaladi. Bizning qay toifaga mansubligimizni Vatan taqdiriga munosabatimiz, amaliy ishlarimiz yaqqol ko‘rsatadigan sinov davridamiz, do‘stlarim.
Iqbol MIRZO, O‘zbekiston xalq shoiri

Manba: “Xalq so‘zi”

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Senator Iqbol Mirzo: "Biz qora tush ko‘rayotgandek edik..."