09:27 / 27.10.2018
3 588

Sirdaryoda terimchi ayollarni olib ketayotgan tirkama ag‘darilib ketdi

Sirdaryoda terimchi ayollarni olib ketayotgan tirkama ag‘darilib ketdi
Foto: Turon24
Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida 25 oktyabr kuni traktorga ulangan tirkama ag‘darilib ketgan. Bu vaqtda tirkamada 28 kishi bo‘lgan. Mazkur hodisada jabrlanganlar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Sirdaryo viloyati filialiga keltirilgan, deb yozadi Turon24.

Bosh shifokor Nisbatullo Nurullayevning ma’lum qilishicha, jabrlanuvchilar 25 oktyabr kuni soat 13:30 dan 14:00 gacha qabul qilingan. Ularning 14 nafariga birinchi yordam ko‘rsatilgach, uylariga ruxsat berilgan. Qolgan 14 nafari esa statsionar muolaja zarurligi sababli shifoxonaga yotqizilgan. Jabrlanuvchilar asosan suyaklarning chiqishi va sinishi bilan bog‘liq jarohatlar olishgan. Ayni paytda ularning ahvoli o‘rtacha og‘ir ekani aytildi.

Bosh shifokorning so‘zlariga ko‘ra, bemorlardan biri jarrohlik amaliyotiga muhtoj. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazidan kelgan travmatolog hamda neyroxirurglar bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan. Tez orada viloyat shifokorlari jarrohlik amaliyoti o‘tkazadi.

Voqea «Bek klaster» MChJga qarashli paxta dalasida yuz bergan. Jabrlanuvchilarning aytishicha, bitta mahallaning ayollaridan tuzilgan guruh har kuni klasterga qarashli avtobusda paxta terimiga olib kelingan. Shu kuni ham terimchilar avtobusda kelgan, biroq avtobus haydovchisi kun oxirigacha turmay qaytib ketgan. Tushgacha hosil ancha siyraklashib qolgan dalada paxta terilgach, terimchilarni boshqa dalaga olib borish uchun traktorga ulangan tirkamaga chiqazishgan. Yana ikkita tirkamaga paxta terimiga jalb etilgan harbiylar chiqishi aytilgan.

«Terimchilar qirq nafarcha edik, – deydi bemorlardan biri. – Biz tirkamaga chiqqan vaqtimizda harbiylar ovqatlanayotgan ekan. Ularning yoniga borish uchun tor zovurdan o‘tish kerak edi. Voqea qanday bo‘lganini bilmay qoldim. Biz o‘tirgan tirkama ag‘darilib hammani bosib qoldi. Barcha mening ustimga qulabdi. Kim tez yordam chaqirganini ham bilmayman».

«O‘zimizda ham ayb bor. Hayot uchun xavfliligini bilsak ham «Tirkamaga chiq!» deyishsa indamay chiqaveribmiz, – deydi bemorlarning yana biri. – Uchta farzandim bor. Kichigi ikki yarim yoshda. O‘zim ishsizman. Paxta mavsumining boshidan terimga chiqayapman. Mahallamizga kelib, kim paxtaga chiqsa, ish staji yoziladi deb targ‘ib qilishdi. Shungayam qiziqib chiqqandim. Hodisa tufayli qo‘lim sindi. Qo‘limni gips qilishdi».

«Qizimning qo‘li uzilib ketgan, – deydi jarrohlik amaliyotiga muhtoj bemorning onasi. – Tirkama ag‘darilganda eng tagida qolib ketibdi. U o‘g‘lini yolg‘iz o‘zi katta qilayapti. Bugun operatsiya qilishmoqchi. Qoni kamligi uchun xavotirdaman».

Bemorlarning aytishicha, «Bek klaster» MChJ mutasaddilari barcha tibbiy xarajatlarni to‘lab berishni va’da qilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sirdaryoda terimchi ayollarni olib ketayotgan tirkama ag‘darilib ketdi