00:08 / 20.12.2018
3 846

Bosh prokuratura: Dindorlarning "qora" ro‘yxati endi yo‘q, urg‘u profilaktikaga berilmoqda

Bosh prokuratura: Dindorlarning "qora" ro‘yxati endi yo‘q, urg‘u profilaktikaga berilmoqda
Bosh prokuratura xalq orasida avvallari "qora ro‘yxat" deya tanilgan ro‘yxat endi mavjud emasligini ta’kidladi.

"O‘zbekistonda diniy ekstremizm yo‘liga kirganlar (gumonlanayotganlar – T24 izohi) ro‘yxati yo‘q. Yaqinda qabul qilingan "Ekstremizmga qarshi kurash to‘g‘risida"gi qonun ham terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurash usullari o‘zgarayotganidan, urg‘u profilaktikaga berilayotganiga dalolatdir", degan O‘zbekiston Bosh prokurori o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev 19 dekabr kungi xalqaro press-klubda.

Bu ma’lumot "RIA Novosti" jurnalisti Dmitriy Pivovarovning taqiqlangan diniy-ekstremistik guruhlarga aloqadorlar ro‘yxatida necha kishi qolgani haqidagi savoliga javoban berilgan.

O‘zbekistonda taqiqlangan diniy-ekstremistik guruhlarga aloqadorlar, moyillik ko‘rsatganlar yoki adashib qo‘shilib qolgan kishilarning ro‘yxatini olib borish amaliyotiga 2017 yilda barham berilgan edi. Shu yili prezident Shavkat Mirziyoyev 1 sentyabr kuni Toshkentdagi Xasti Imom masjidi hovlisidagi Baroqxon madrasida imom xatiblar bilan uchrashuvi chog‘ida “diniy-ekstremistik oqim a’zolari ro‘yxati”da bo‘lgan 17 ming odamdan 16 ming nafari ro‘yxatdan o‘chirilgani, ularning “normal hayotga" qaytganini aytgan.

"Diniy oqimda turganlardan 16 mingini yana bir marta ular bilan suhbatlashib, hayotini bilib, bu ro‘yxatdan chiqardik. Lekin ularni tashlab qo‘yish noto‘g‘ri bo‘ladi. Endi shu 16 ming odamni tarbiya qilishimiz, jamiyatimizga kirgizishimiz kerak", deb ta’kidlagan Mirziyoyev imomlar bilan uchrashuvda.

7 dekabr kuni Konstitutsiya kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda prezident Shavkat Mirziyoyev jazoni o‘tayotgan 3 ming 333 nafar, jumladan, faoliyati man etilgan tashkilotlarga kirib qolgan 646 nafar mahkum afv etilib, oilasi bag‘riga qaytarilganini aytgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bosh prokuratura: Dindorlarning "qora" ro‘yxati endi yo‘q, urg‘u profilaktikaga berilmoqda