
Yo‘l bo‘yida, ko‘p qavatli turar joylar kiraverishida, bekatlar oldida pista-saqich, tamaki mahsulotlari, qurt, shirinliklar sotib o‘tirgan “ishbilarmon” xolalarni deyarli har kuni uchratamiz. E’tibor bergan bo‘lsangiz, «tadbirkor» ayollarning aksariyati — keksa, pensiya yoshidagi ayollar. Ba’zan ko‘cha-kuydan o‘tib-qaytayotganda, ularning shang‘illagancha, ko‘cha jargonlarini ishlatayotganlari ham quloqqa chalinib turadi.
Ayrimlarining yuz-ko‘zidagi qahr-g‘azabni ko‘rib, beixtiyor qo‘rquvdan yoqa ushlab ham qolasiz. Ular “savdo” qilayotgan hududdan o‘tib ketayotganingiz uchun albatta pista yoki saqich, yo bo‘lmasa sigareta sotib olishingiz shartdek go‘yo. Eng achinarlisi, anchagina hayotiy tajribaga ega bo‘lgan bunday “ishbilarmon” xolalarimiz, o‘smirlarga, yosh bolalarga tamaki mahsulotlarini hech qanday istiholayu mulohazasiz sotib yuborishadi. Hatto, ayrim holatlarda ko‘cha-kuyda noqonuniy savdo qilayotganlar nos va sigareta kabilarni o‘ziga xos reklama asosida ham o‘smirlarga sotayotganlariga guvoh bo‘lganmiz. Lekin, birorta mard chiqib, sizni ham shu bola yoki shu qizaloq tengi nevarangiz bordir, bu sigareta manavinaqa, unisi anavinaqa, deb bolaga avrab-aldab sotgani uyalmaysizmi, deb tanbeh bermaydi. “Menga nima?! Shu bolani ham o‘z ota-onasi bordir, endi ko‘chadagi yetti yot begona bola uchun ham allakimlar bilan tortishib yuramanmi”, degan o‘y bilan haligi pistachi ayollarga nisbatan ko‘nglimizda uyg‘ongan isyonni bostiramiz. Aslida shaharning allaqaysi bir burchida ana shunday ko‘cha «tadbirkor»lari bizning farzandimizga ham tamaki mahsulotlarini sotayotgan bo‘lishi mumkinligini xayolimizga ham keltirmaymiz.
***
Biroz avval televideniye orqali ko‘rsatilgan bir jinoyat tafsiloti haqidagi ko‘rsatuvda hali yigirmaga ham to‘lmagan, jinoyat ko‘chasiga bilib-bilmay kirib qolgan yigit nadomat bilan shunday degandi: “Maktabdan do‘stlarim bilan qaytayotib, uyimiz yaqinidagi bekat oldida pista, sigaret sotib o‘tiradigan ayoldan tez-tez bir nimalar olib turardik. Bir kuni u bizga donalab ham sigaret sotishini aytib, endi katta bo‘lganimizni, chekib ko‘rsak bo‘lishini aytdi. Avvaliga sigaret menga yoqmadi. Keyin haligi ayolning, qizlarga katta, sigaret cheka oladigan, aroq ichadigan yigitlar yoqishi haqidagi gaplaridan keyin tez-tez chekadigan bo‘ldik. Keyin o‘sha xotin bizga bir tanishi sigaretdan ham yaxshi cheksa maza qiladigan narsa borligini aytganini, agar xohlasak undan bizga ham o‘sha narsadan olib berishini, lekin uning uchun ko‘proq pul kerak bo‘lishini aytdi. O‘shanda birinchi marta otamning cho‘ntaklaridan pul o‘g‘irlaganman. Uydagilar yo bilishmagan yoki bilgan bo‘lsa ham biz bolalarga bildirmagan. Keyin uyimizdagi pul turadigan joyni bilib oldim. Har safar pul o‘g‘irlab, o‘sha xotindan haligi narsani sotib olardik. Keyinchalik uydagilar pulning joyini o‘zgartirishganidan keyin, o‘rtoqlarim bilan kichik do‘konlarga, birovlarning uyiga o‘g‘irlikka tushadigan bo‘ldik…”
Ko‘rsatuvni tomosha qila turib, bo‘lishi mumkin emas, qanday qilib uch-to‘rt quti sigaretayu bir tovoqda pista-qurt sotib o‘tiradigan ayoldan shu darajadagi qabihlik chiqsa, degan istehzoli e’tiroz uyg‘ongandi menda. Aniqroq qilib aytganda, kameradan yuzini yashirgan kuyi tavba tazrarru qilayotgan jinoyatchi yigitning aytganlariga ishongim kelmagani bir bo‘lsa, g‘ashim kelgani bir bo‘ldi. Lekin qaysidir kuni tunda bir do‘stimning qahvaxonada nishonlagan tug‘ilgan kunidan qaytayotib, yo‘l chetida bir savat ashqol-dashqolini uyub yotgan ayolning yonidan o‘tayotganimizda, hamrohlarimizdan biri:
– Yarim tunda shu ayoldan kim pista yoki saqich sotib olarkan?! Bular qanday yo‘l bilan pul topishi ko‘rga hassa-ku! Xudodan ham qo‘rqishmaydi, xilvat-xilvatlarda o‘tirvolib o‘zlarini go‘yo mayda-chuyda narsalar sotadiganday ko‘rsatishadi, - degan edi, beixtiyor televizorda namoyish etilgan ko‘rsatuvni esladim.
Nima majbur qilyapti?
To‘g‘ri, ko‘cha va bekatlarda mayda-chuyda narsalar savdosi bilan shug‘ullanadiganlarning hammasini ham shu toifaga mansub deb hukm chiqarmoqchi emasmiz. O‘ylantirishga undagan holat boshqa. Sigaretayu pista sotib tirikchilik o‘tkazayotganlarning aksariyati davlat tomonidan ma’lum miqdordagi qarilik pensiyasini olishadi-ku! Aksariyati, ko‘rinishidan yoshi anchaga borib qolgan, farzandlaridan tinib-tinchigan onaxonlarga o‘xshaydi. Xo‘sh, ularni ko‘chada tirikchilik qilishga nima majburlayapti ekan?..
Biz ana shunday ayollarni gapga tutishga urindik:
– O‘zim zerikkanimdan, uyda o‘tiraverib siqilganimdan ko‘chada mayda-chuyda sotib o‘tirishni istadim. Aytganingizday, oladigan pensiya pulim o‘zimga yetib ortadi. Lekin baribir tirik jon, bolalarning, kelinu kuyovlar, nevaralarning tug‘ilgan kuni bo‘ladi, to‘yu izdihomlar bo‘ladi, cho‘takda ortiqcha pulning turgani ziyon qilmaydi-da. Nima, bizning birovga zararimiz tegyaptimi?! Hech kimga majburlab sigareta sotmaymiz. Sog‘liqqa zarar bo‘lsa, nega sotishga chiqarib qo‘yibdi?..
Amallab bir xolani suhbatga tortgandik, ana shu javoblarni oldik. Yana bir ko‘cha «tadbirkor»i oilasidagi iqtisodiy qiyinchilikni pesh qildi, yana biri ishlay desa, tuzukroq ish topolmayotganini ro‘kach qildi. Ammo birortasi, “ko‘chada, duch kelgan joyda savdo qilish noqonuniy-ku, bundan xabaringiz bormi» degan savolimizga tayinli javob berolmadi...
Farzandlarining zulmi bilan...
Har gal shahrimizdagi ko‘cha-xiyobonlar, transport bekatlari va ko‘pqavatli uylar hovlisida noqonuniy savdo qiladiganlarga ko‘zim tushganda, o‘quvchilik yillarimda guvoh bo‘lganim bir manzara yuragimga og‘riq soladi. Maktabimiz oshxonasi devori ostida yetmish yoshlardan oshib qolgan nuroniy momo qurt, saqich, semichka va uch-to‘rt quti pechene yoki shokolad sotib o‘tirardilar. Maktab rahbariyati o‘quv muassasi hududida pista va saqich sotish mumkin emasligini aytib, onaxonni maktab hududidan chiqarib yuborishsa, ular mung to‘la ko‘zlari bilan o‘qituvchilarga termula – termula sal uzoqroq ketardilaru, yana biror daraxtningmi, devorning panasidami o‘tirvolib sotiladigan narsalarini yoyib olardilar.
Chamasi, o‘n birinchi sinfda o‘qirdik. Qattiq yomg‘ir yog‘ib pistachi momo (biz ularni shunday atardik) yomg‘irda ivib qoldilar. Sinf rahbarimizning ularga rahmi keldi va ikkita sinfdoshimizga momoni uylariga olib borib qo‘yishni aytdilar. Topshiriqni bajarib kelgan sinfdoshlarimiz bizga pistachi momoning kelini har kuni ularni majburlab, mayda-chuyda narsalarni sotib kelasiz, deb ko‘chaga haydab solishini, momoning o‘g‘li ham indamay xotinining qilg‘iligiga tomoshabin bo‘lib o‘tirishini gapirishdi. Yomg‘irda diydirab uyiga borgan momoni kelini qahr-g‘azab bilan kutib olib, savdodan tushgan pullarni sanab, “nega buncha kam?! Yomg‘ir birovni o‘ldirganmidi sizni o‘ldirsa? O‘tirib, bolalarning o‘qishi tugagancha sotib kelsangiz bo‘lmaydimi?” deb janjal ko‘targan ekan. O‘shanda bir sinf bola xomush bo‘lib qolgandik. Qahri qattiq, tabiati og‘ir sinf rahbarimiz yigitlarga qarab:
Ertaga uylanganingdan keyin sen ham xotiningga onangni xo‘rlatib tomoshabin bo‘lib o‘tirlaring! Agar shunday qilsanglar, bergan ta’lim-tarbiyamga rozi bo‘lmayman! O‘lsam, qo‘llarim go‘rdan chiqib turadi,- deb tanbeh bergandilar. Biz qizlarga esa:
- Senlar ham kelin bo‘lasan bir kuni. Agar turmush o‘rtog‘ingning onasiga pistachi momolaringning keliniday muomala ko‘rsatsalaring, aytib qo‘yayin, ro‘shnolik ko‘rmaysizlar. Bu dunyoning ipi uzun. Hali u xotin ham Xudo loyiq ko‘rsa, bir kuni qaynona bo‘ladi. Hali bir mushtipar onaning xo‘rligi, xorligining uvoli unga qaytadi,- degandilar. Shuning uchunmi yo‘l bo‘yida pista-saqich sotib o‘tirgan keksa onaxonlarni ko‘rganimda o‘sha voqeani, sinfdoshlarimning gaplariyu, sinf rahbarimning kuyinganlarini xotirlayman. Balki ular ham kimningdir qistovi, majburlashi zulmidan ko‘chada mayda-chuyda sotib o‘tirishga majburdirlar. Yana kim biladi...
- Keksa otasi yo onasini sigaretu pista sotib o‘tirishga yoki bozorga chiqishga majburlaganni odam deb atashga tiling bormaydi, kishi. Unday farzandni boqishdan ko‘ra, it boqqan afzal. Harqalay itda rahm-shafqat va vafo bo‘ladi, deyman-da... Nima dedingiz, birodar?
Kubro BUYuK
Manba: Azon.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar