
“Manchester Siti” rahbariyati jamoaning so‘nggi yillardagi asosiy tayanch figuralaridan biri — Fil Foden bilan yangi shartnoma borasida muzokaralarni faollashtirmoqda. Daily Mail ma’lumotiga ko‘ra, manchesterliklar yaqin vaqt ichida 25 yoshli hujumkor futbolchi bilan kelishuvni uzaytirishni rejalashtirmoqda. Uning amaldagi shartnomasi 2027-yil yozigacha amal qiladi, Foden esa klub safida qolishga moyil ekani qayd etilmoqda.
Foden “Siti” akademiyasida tarbiyalangan va keyingi yillarda jamoaning eng barqaror va yorqin o‘yinchilaridan biriga aylangan. Joriy mavsumda u barcha musobaqalarda 14 ta uchrashuvda maydonga tushib, 4 ta gol muallifi bo‘ldi va 3 ta aniq uzatma bilan jamoasiga hissa qo‘shdi. Uning Transfermarkt portalidagi narxi 80 million yevro etib belgilangani ham futbolchining qadri qay darajada ekanini ko‘rsatib turibdi.
“Siti” rahbariyati Fodenni klubning kelajak rejalarida muhim o‘rinda ko‘radi. Jamoa unga atrofida yangi avlodni shakllantira oladigan markaziy o‘yinchi sifatida qaraydi. Mahalliy muxlislar ham uni klub ramzlaridan biri sifatida qabul qiladi — chunki Foden nafaqat yuqori mahoratga, balki klubga bo‘lgan sadoqatga ham ega.
Shartnomani uzaytirish klub uchun ham, o‘yinchi uchun ham foyda keltirishi mumkin. Chunki Foden hozirgi kunda jamoaning bir qator taktik sxemalarida hal qiluvchi o‘rinni egallab turibdi. Unga ishonch bildirilishi, aytilishicha, jamoa ichida barqarorlik va uzluksiz rivojlanishga xizmat qiladi.
Fodenning kelajagi borasida hali rasmiy qaror chiqmagan bo‘lsa-da, manbalarning ta’kidlashicha, taraflar o‘rtasidagi muzokaralar ijobiy ruhda kechmoqda. Muxlislar esa o‘z tarbiyalanuvchisining yana uzoq yillar davomida “Etihad”da harakat qilishini katta kutish bilan kuzatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.