13:20 / 28.09.2019
4 128

Jahongir Ortiqxo‘jayev Olmazor tumani «zamhokimi» Abdurasul Vahobovning ishdan ketishiga munosabat bildirdi

Jahongir Ortiqxo‘jayev Olmazor tumani «zamhokimi» Abdurasul Vahobovning ishdan ketishiga munosabat bildirdi
Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobovning ishdan ketishiga Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev munosabat bildirdi. Bu haqda «Togri.uz» xabar bermoqda.

Jahongir Ortiqxo‘jayev Abdurasul Vahobov haqiqatdan ham o‘z xohishiga ko‘ra o‘z vazifasidan bo‘shaganligini tasdiqladi. Abdurasul Vahobovga hech qanday bosim o‘tkazilmaganligini hamda u kelajakda faoliyatini xususiy tadbirkorlik sohasida davom ettirish niyatida ekanligini ma’lum qildi.

Shuningdek, Jahongir Ortiqxo‘jayev Abdurasul Vahobovning oilasiga, ota-onasiga va farzandlariga quyidagi shaxsiy fikrlarini yetkazish niyatini bildirdi:
Ijtimoiy tarmoqlarda sizning o‘g‘lingiz Abdurasul Vahobov to‘g‘risida har xil salbiy fikrlar va izohlar bildirilishi mumkin. Sizlarga sidqidildan bir iltimosim bor, ularga ahamiyat bermang va o‘zingizni qiynamang. Sizning farzandingiz bilan 1,5 yil avval tanishib, shu davr mobaynida men uni fidoyi va jonkuyar, kechayu kunduz xalq dardini yengil qilish maqsadida yurgan qalbi toza inson sifatida ko‘rdim.

Abdurasul Vahobovni mahalliy hokimiyat tizimida uzoq vaqt (15-20 yillar) davomida jonini ayamay el-yurt xizmatida bo‘lib kelgan yuqori malakali mutaxassis, o‘z kasbining ustasi va minglab odamlarga beg‘araz yordam qo‘lini cho‘zgan inson deb mubolag‘asiz ayta olaman. Chunki bu kabi holatlarga shaxsan o‘zim ko‘p marotaba guvoh bo‘lganman.

Xalq manfaatlarini shaxsiy masalalaridan ustun qo‘yadigan va el-yurt uchun kerak bo‘lsa jonini beradigan insonni tarbiyalab voyaga yetkazganingiz uchun sizlarga chuqur minnatdorchiligimni izhor qilmoqdaman.

Abdurasul Vahobovning farzandlariga shuni aytib o‘tmoqchiman. Sizlar o‘z otangiz bilan haqiqatan xam faxrlanib yurishda davom etishingiz lozim! Chunki otangiz insonparvar, o‘ta mehnatkash, hamda xalq muammolarini professional darajada hal qilib kelgan va O‘zbekistonning rivojlanishi uchun o‘z hissasini qo‘shgan insondir!

Internetda bo‘layotgan bo‘hton gaplarga va salbiy izohlarga e’tibor qilmang! Otangizni boshingizda olib yuring va unga bo‘lgan hurmatingizni va ishonchingizni mustahkam qiling.


Avvalroq, «Kun.uz» muxbiriga zo‘ravonlik qilgan Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari o‘z xohishiga ko‘ra vazifasidan ketgani, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bosh direktori Komil Allamjonovning munosabati va Bosh prokuratura boshqa holatlar yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan qo‘shimcha tekshirish harakatlari davom ettirilishi, jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilib, ishni qaytadan ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq bergani xaqida xabar berilgandi.

Olmazor tuman hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov 14 avgust kuni «Kun.uz» xodimlariga tahdid qilgandi. Oradan bir kun o‘tib Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati tomonidan Vahobovning video intervyusi e’lon qilindi va unda hokim o‘rinbosari «Kun.uz» muxbiri Rahmatilla Isroilov muqaddam undan tamagirlik yo‘li bilan yer talab qilgani va buning evaziga katta miqdorda pora taklif etgani haqidagi da’voni ilgari surgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jahongir Ortiqxo‘jayev Olmazor tumani «zamhokimi» Abdurasul Vahobovning ishdan ketishiga munosabat bildirdi