13:16 / 28.11.2019
2 741

Qashqadaryoda qoʻngʻir ayiqning oʻldirilishi boʻyicha tafsilotlar maʼlum qilindi

Qashqadaryoda qoʻngʻir ayiqning oʻldirilishi boʻyicha tafsilotlar maʼlum qilindi
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan Chiroqchi tumani Beshchashma qishlogʻida “Ij” rusumidagi ov miltigʻi bilan Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qoʻngʻir ayiq otib oʻldirilgani haqidagi xabarlar va tegishli videolavha yuzasidan oʻrganish oʻtkazildi.

Davlat ekologiya qoʻmitasi axborot xizmatiga koʻra, videolavhada ismi tilga olingan “Nurobod” mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi fuqaro B.S. bilan suhbat oʻtkazilganda, holat 2016-yil may oyida sodir boʻlgani, fermer xoʻjaligida ishchilar ishlayotgan vaqtda nomaʼlum ayiq kelib qolgani hamda ukasi T.S.ga hamla qilib, qorin qismidan tishlab 40-50 metrlar chamasida sudrab ketayotganida T.S. va T.I. ketmon bilan urib oʻldirgani, soʻng jarohatlangan T.S. kasalxonaga olib ketilgani maʼlum boʻldi. Yozib bergan tushuntirish xatida ayiqni ishchilar uyiga olib ketgani, terisini shilib ichki ishlar boʻlimiga olib kelingani bayon qilingan.

Shu bilan birga, voqeaning bevosita ishtirokchilari – T.S., T.S. va T.I. bilan suhbat davomida ular chorva mollariga xashak yigʻayotgan vaqtlarida, ayiq T.S.ga hujum qilganligi, u esa xushidan ketganligi, ular ayiqni ketmon bilan urib oʻldirganliklari, T.I. T.S.ni kasalxonaga olib ketganligi maʼlum boʻldi. Ulardan olingan tushuntirish xatlarida T.S. oʻlgan ayiqni uyiga olib kelib, terisini goʻshtidan ajratib olganligi va 2 oylardan keyin ayiq terisini tuman IIBga olib kelinganligini koʻrsatib oʻtishgan.

Bildirilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan qoʻngʻir ayiqni ovlash taqiqlangan va u muhofaza ostiga olingan. Oʻzbekiston Respublikasi hududida yoʻq boʻlib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish konvensiyasining 1-ilovasiga kiritilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisida”gi 2014-yil 20-oktyabrdagi 290-son qarori 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 14-ilovasi “Hayvonot dunyosidan foydalanish tartibining buzilishi sababli yetkazilgan zarar hajmini hisoblash uchun toʻlovlar” miqdori boʻyicha yoshi, kattaligi, ogʻirligi va jinsidan qatʼiy nazar har bir hayvon (kallasi, terisi, shoxi va boshqalar) uchun jismoniy va yuridik shaxslar uchun eng kam oylik ish haqiga nisbatan 100 koeffitsiyent miqdorida zarar hisoblanishi belgilangan.

Yuqorida bayon etilgan holat yuzasidan toʻplangan maʼlumotlar Qashqadaryo viloyati prokuraturasiga taqdim etilgan. Qoʻngʻir ayiq noqonuniy tartibda oʻldirilgan boʻlsa, aybdor shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda chora koʻriladi va yetkazilgan zarar undirib olinadi, deyiladi maʼlumotda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryoda qoʻngʻir ayiqning oʻldirilishi boʻyicha tafsilotlar maʼlum qilindi