19:38 / 14.02.2020
2 936

Bosh prokuror o‘rinbosari: Mening idoram — prokuraturaning ham vakolatlari jiddiy qisqardi

Bosh prokuror o‘rinbosari: Mening idoram — prokuraturaning ham vakolatlari jiddiy qisqardi
Erkin Yo‘ldoshev
Foto: «Harakatlar startegiyasi» markazi

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar faoliyatining huquqiy asoslari xalq manfaatlariga bo‘ysundirildi. Bu haqda 14 fevral, juma kuni, bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Murojaatnomasi: Harakatlar strategiyasining 3 yillik samarasi va 2020 yilga belgilangan ustuvor vazifalar» mavzusidagi xalqaro forumda bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev aytib o‘tdi.

«Daryo» muxbiri Musulmonbek Ibrohimovning xabar berishicha, forum ishida bosh prokuror o‘rinbosari «Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish»ning ikkinchi yo‘nalishidagi vazifalarning aksariyati bajarilganini ma’lum qilgan.

- «Harakatlar strategiyasi« asosida mamlakatning huquqiy qiyofasini yangilashga, yangicha bir yondashuvga erishishga muvaffaq bo‘ldik. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning qiyofasi yangilandi, ular faoliyatning huquqiy asoslari xalqning manfaatlariga bo‘ysundirilib, inson huquq va erkinliklari ustuvor, degan faoliyat ko‘rsatishga yo‘naltirildi.

Mana shu tadbirlar jarayonida mening idoram — prokuraturaning vakolatlari jiddiy qisqardi. Boshqa idoralarda ham shunday faoliyat amalga oshirildi va bu jarayon davom etmoqda. Tergov va odil sudlov bilan bog‘liq bo‘lgan protsessual normalar jiddiy o‘zgardi va o‘zgaryapti.

Ayrimlari haqida aytib o‘taman. Ushlab turish va dastlabki tergovni amalga oshirish muddatlari qisqartirildi. Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlarni tergov qilish protsedurasi o‘zgartirildi va mamlakatda birinchi marta surishtiruv instituti joriy etildi.

Yillar davomida biz uchun mamlakat taraqqiyotiga jiddiy to‘g‘onoq bo‘lib kelayotgan masalalar bor edi. U ham bo‘lsa, dalillar maqbulligi bilan bog‘liq bo‘lgan muammolardir. Dalillar maqbulligi bilan bog‘liq normalar konkretlashtirildi. Noqonuniy tergov usullari qo‘llanilgani uchun javobgarlik kuchaytirildi va yangi bir norma «dalillarni soxtalashtirish uchun javobgarlik» joriy etildi.

Inqilobiy o‘zgarishlardan birini alohida ta’kidlamaslikning iloji yo‘q. Bu ham bo‘lsa, ayrim protsessual harakatlarni sanksiyalashtirish vakolatlari prokuraturadan olinib, sudlar vakolatiga — ixtiyoriga o‘tkazildi. Sudning o‘zida ham odil sudlovni haqiqatdan ta’minlab berishga qaratilgan juda katta protsessual o‘zgarishlar ro‘y berdiki, ulardan bittasi: taraflarning tengligi va himoya bilan bog‘liq bo‘lgan prinsiplarning kuchayishi, desam xato bo‘lmaydi.

Endilikda prokuraturaning vazifasi nimadan iborat bo‘ladi? Bugungi prokuratura chinakamiga xalq prokuraturasiga aylanishi kerak. Bu jarayon davom etmoqda. Bugungi vazifasi — inson huquq va erkinliklari, xalq manfaatlarini himoya qilishdir.

O‘tgan uch yil davomida sudlar tomonidan 1910 ta oqlov hukmi chiqarilgan bo‘lsa, shundan 566 tasi prokurorlarning protestlari bilan bo‘lgan. Bu bizning mamlakatning huquqiy hayotidagi o‘zgarishlardagi ishtirokidan dalolat beruvchi bir omildir, - deydi bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bosh prokuror o‘rinbosari: Mening idoram — prokuraturaning ham vakolatlari jiddiy qisqardi