14:00 / 19.02.2020
2 998

Hayot tegirmoni...

Hayot tegirmoni...
Tegirmon gurullab ishlaydi. Hali – hozir bunkerga to‘kilgan bug‘doy oppoq un bo‘lib xampaga quyuladi. Rahmatjon bilan gurungimiz qo‘r oladi.
Rahmatjon hamqishlog‘im. Bir yilcha oldin uzoq “safar”dan qaytdi. O‘zi ham o‘n olti yil “o‘tirdi”. Bu orada qizi qiz bo‘lib, u yoqqa ketayotganda tug‘ilgan o‘g‘lining mo‘ylabi sabza urib, ovozi durullab qoldi. Kelasi yili maktabni bitiradi.

– Prezidentimizga ming rahmat! – deydi Rahmatjon. – Arizamni inobatga olib, afv etdilar. Muddatidan oldin yorug‘likka chiqdim. Ota-onam, oilam, farzandlarim bag‘riga qaytdim...

Yigitning rangpar, ajindor yuzlariga, qordek oqarib ketgan sochlariga zimdan razm tashlayman. Inson peshonasida nimalar bor, “yozug‘i” ne bilmas ekan-da. Qandoq yigit edi-ya, Rahmatjon... Qishlog‘imizga tutash ishchilar shaharchasidagi katta bir korxonada ishlardi. Kompyuter ustasi, “programmist” edi. Nima ham bo‘ldi-yu, uzoq yili “qamalibdi”, “diniy oqimga qo‘shilib qolgan ekan”, degan gap chiqdi. O‘shanda biz hamqishloqlar unga achingandik. “Nahot, o‘qigan-netgan, oliy ma’lumotli yigit shunchalikka borgan bo‘lsa?!”deya o‘ylaganimiz ham rost.

– O‘zi nega bunday bo‘lgandi? – biroz noqulay bo‘lsa-da, savolga tutaman tegirmonchi yigitni.

– He, qo‘yaverasiz, – deydi u. U paytda endi kompyuterlar sanoqli, ommalashmagan paytlar edi. Xonada ishlab o‘tirganimda bir notanish kishi kirdi. Salomlashdi. Ko‘rinishidan binoyi odam. Boshida do‘ppi. O‘ziga yarashgan kaltagina mo‘rti-mo‘ylabi ham bor. “Ukajon kechirasiz, sizni shu soha ustasi ekaningizni eshitib atayin uzoqdan istab keldim, – dedi qo‘lidagi kichkina kitobchani ko‘rsatib. Iloji bo‘lsa shuni bir necha nusxaga ko‘paytirib bersangiz-chi? Soddalik qursin. “Kimsiz? Qayerdansiz? Bu o‘zi qanday kitob?” deb so‘ramabman ham. “Uzoqdan kepti, atayin kepti” deb o‘ylab ishini bajarib beribman-da... Keyin bilsam qandaydir diniy oqim maqsad-muddaosini targ‘ib etuvchi kitob ekan... Haligi kishi qo‘lga olinib, tergovchilar “qayerda chiqartirganding?” deyishsa meni aytibdi... Shu bilan “qulog‘imni ushlab” ketdim...

“Boshingga ne balo kelsa, birovdanmas, o‘zingdan ko‘r”, deb shunga aytishsa kerak-da...
Axir, soddalik, ko‘ngilchanlik ham evi bilan-da...

– Meni u yoqda ko‘p qiynagan, sochlarimni butkul oqartirib, tishlarimni to‘kib, qaddimni bukkan narsa nima bilasizmi? – deydi xayolimni uqqandek Rahmatjon. – Hozirgi zamonda gap yotadi, deysizmi? Oilamda bo‘layotgan o‘zgarishlardan xabardor edim. Maktab direktori bo‘lib ishlayotgan otamni ham, zavodda sex boshlig‘i bo‘lgan ukamni ham ishdan olishgani, onam sho‘rlik bunga chidamay yotib qolganini ham bilardim. Matematikadan nuqul “a’lo”ga o‘qiydigan qizimni “otasi qamalgan” deb olimpiadaning tuman bosqichiga o‘tkazishmaganidan ham xabardor edim. Bular meni yigirma-o‘ttiz yoshga qaritib yuborgan, yuragimni har dam qiymalab turardi. Bechora dadamning mahalla-kuyga aralasholmay qolgani, Haj ibodatiga bormoqchi bo‘lganda qaytarganlarini eslasam... Nima ayb, ular nega bunchalar xo‘rlanishi, kamsitilishi kerak?” deb o‘ylardim nuqul...

Shukur, beadad shukur! Bularning hammasi ortda qoldi...

Rahmatjon “u yoqdan” qaytgach, o‘zini mehnatga urdi. Bankdan kredit olib ana shu tegirmonni qurib ishga tushirdi. Tomorqasida mo‘’jazgina issiqxona tashkil etib, hamqishloqlariga arzon narxda limon, mandarin, pomidor, bulg‘or qalampiri, baqlajon ko‘chatlari yetishtirib berishni yo‘lga qo‘ydi. Qisqa fursatda oilasini, xo‘jaligini tiklab oldi. Yaqinda bo‘lsa keksayib qolgan ota-onasini muborak Haj ibodatiga yubordi...

Bugun tumanda tadbirkor sifatida uning o‘z o‘rni, obro‘-e’tibori bor.
Tegirmon gurullab ishlaydi. Dimoqqa yangi yanchilgan bug‘doyning isi uriladi.

Ortiqali NOMOZOV

Manba: Xs.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hayot tegirmoni...