
Lalmi yerlar zaxirasi va soliq imtiyozi
Prezident Jizzax viloyatidagi yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi sohasiga ustuvor ahamiyat berdi. Viloyatdagi umumiy 900 ming gektar lalmi va yaylov yerlarining 110 ming gektari foydalanilmay turgani ta’kidlandi. Bu yerlarda ozuqa, moyli ekinlar ekish va sanoat bog‘larini yaratish orqali kamida 20 ming odamni ishli qilish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi. Yaylovlardan samarali foydalanish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi. Eng muhimi: keyingi yildan boshlab, yuqori daromadli ekin eggan yer egalariga yer solig‘i 2 karra kamaytirib beriladi.
Subsidiyalarni oy boshida to‘lash va Baxmal tajribasi
Shuningdek, aksariyat chorvachilik va fermer xo‘jaliklari ozuqa va meva-sabzavot yetishtirishda suv nasosiga sarflangan elektr uchun subsidiyalarni oy boshida to‘lab berishni so‘ragan. Mutasaddilarga bu tizimni butun respublikada amaliyotga joriy qilish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Baxmaldagi 14 ming gektar bog‘ning 4 ming gektari eskirib, hosili pasaygan. Shu bois, eski bog‘larni intensiv usulga o‘tkazish va qayta ishlash bo‘yicha Baxmal tajribasini joriy qilish zarurligi belgilandi. 2026-yilda 1,5 ming gektar eski bog‘larga faqat sertifikati bor ko‘chatlarni ekish muhim; buni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘chat xarajatining yarmi qoplab beriladi.
Bog‘dorchilik uchun yangi kredit va subsidiyalar
Bog‘dorchilik xo‘jaliklari uchun yana bir qator yangiliklar e’lon qilindi: intensiv bog‘ tashkil qilishda 7-yil muddatga 3-yil imtiyozli davr bilan 14 foizdan kredit beriladi. Mevaning turiga qarab, shpalerlar (ustunlar) uchun 20 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Muzlatkichli omborlar uchun kredit foizining asosiy stavkadan oshgan 8 foizgacha qismi to‘lab beriladi. Meva-sabzavot eksportchilari va bog‘bonlarga ham qadoqlash xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan subsidiya to‘lanadi. Umuman, kelasi yili bog‘dorchilik bo‘yicha Baxmalda tajriba maktabi yaratilib, bu imtiyozlar butun mamlakatga joriy qilinadi.
Yer ijarasi erkinligi va parrandachilik loyihasi
Aniq mahsulot ekish sharti bilan auksionga chiqarilgan 10 ming gektar yer bir yildan buyon savdoga chiqarilmay turgani ma’lum bo‘ldi. Shu bois, keyingi yildan boshlab ekin yerlarini ijaraga berishning yangi tizimi joriy qilinadi. Endilikda yerni ijaraga olgan dehqon unga nima ekishini o‘zi mustaqil belgilaydi. Takroriy savdoga qo‘yilgan yerlarning boshlang‘ich narxi 10 foizgacha pasaytiriladi. Yer ijarasidan tushgan mablag‘lar to‘liq sanoatlashgan bog‘lar uchun infratuzilma obyektlariga (suv, elektr, yo‘l) sarflanadi.
AQSHlik hamkorlar bilan Zominda parranda bo‘yicha yirik naslchilik korxonasi tashkil qilinmoqda. Bu noyob loyiha respublikada parrandachilikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.