
Samarqand viloyatining Toyloq tumanida bir nechta yuk avtomashinalari qasddan yoqib yuborilgani holati bo‘yicha aybdorlar qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB rasman ma’lum qildi.
28-noyabr kuni soat 21:50 da “Beklar” mahallasida yashovchi 1985-yilda tug‘ilgan K.A. qo‘shni mahallada istiqomat qiluvchi, oldindan tanish bo‘lgan 1990-yilda tug‘ilgan G‘.R. va 1991-yilda tug‘ilgan N.R. bilan kelishmovchilikka borgan. Janjal keskinlashgach, K.A. o‘zining 2005 va 2007-yilda tug‘ilgan o‘g‘illari bilan birga G‘.R. va N.R. boshqaruvida bo‘lgan yuk mashinalariga benzin sepib, ularni ataylab yoqib yuborgan.
Yong‘in tez o‘chirilgani sababli yanada katta zararning oldi olingan. Ammo kuzatuv kameralari va guvohlar ma’lumotiga ko‘ra, dastlab logistika markazidan bir kilometr uzoqlikda saqlangan ikki “Kamaz” yoqilgan, keyin esa markazga qaytib yana bir furaga o‘t qo‘yilgan. Natijada tadbirkor taxminan 600 million so‘m zarar ko‘rgan.
29-noyabr kuni mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi bilan ish qo‘zg‘atilib, aybdorlarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.
Qonunga ko‘ra, mulkni qasddan yoqish yoki katta zarar yetkazish jarima, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.