
Toshkentdagi avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamagan 20 mingga yaqin yo‘lovchi jarimaga tortildi. Bu haqda Transport nazorati inspeksiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2025-yilning 11 oyi davomida 19 632 ta qoidabuzarlik holati aniqlandi. Yo‘lovchilarga nisbatan rasmiylashtirilgan bayonnomalar natijasida BHMning 10 foizi — 41 200 so‘m miqdorida jarimalar qo‘llanildi.
Poytaxt jamoat transportida yo‘l haqini to‘lashni kafolatlash maqsadida reyd tadbirlari kuchaytirildi. Endilikda, Toshkent shahrida yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi xodimlariga ham yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarga nisbatan jarima bayonnomalarini rasmiylashtirish huquqi berilgan.
Shuningdek, 2025-yil 1-yanvardan boshlab Toshkentdagi avtobuslarda naqd pulda to‘lov qabul qilinishini to‘xtatishga qaror qilindi. Agar yo‘lovchi yo‘l haqini naqd ko‘rinishda taklif qiladigan bo‘lsa, haydovchi uni qabul qilmasligi shart. Transport inspeksiyasining hududiy inspektorlari tomonidan vaziyatga doimiy nazorat olib boriladi. Birinchi marta ogohlantirish berilsa, agar takrorlansa, haydovchiga ham, yo‘lovchiga ham ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Ma’muriy bayonnoma Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi (transportda chiptasiz yurish) hamda 145-moddasiga (yo‘lovchilarni chiptasiz tashish) asosan rasmiylashtiriladi. Ma’muriy bayonnoma natijasida 41 200 so‘m miqdorida jarima belgilanadi.
“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati barcha avtobuslarga nazorat kameralari o‘rnatgan. Bu esa chiptalarning oldindan to‘lanishi va yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarni aniqlash imkonini bermoqda.
2025-yil 1-yanvardan poytaxt jamoat transportida (avtobus va metropoliten) bir yo‘lovchi qatnovi uchun 3 000 so‘m cheklangan tarif belgilangan. Elektron to‘lov tizimi (transport yoki bank kartasi) orqali to‘langanda esa, yo‘l haqi 1 700 so‘mni tashkil etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.