15:17 / 27.07.2020
1 761

Poytaxt IIBB bayonoti yoki «yopishmagan gajjak»

Poytaxt IIBB bayonoti yoki «yopishmagan gajjak»
Niqobsizlar jarimaga tortilmoqda
Kecha ijtimoiy tarmoqlarda Olmazor tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi (IIO FMB) mas’ul xodimining ovozli xabari (audio) yangradi. Unda fuqarolarga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzish «ko‘rsatgichlari» pastligi, bu hol yuqori turuvchi rahbarlarni qanoatlantirmayotgani bois yig‘ilishda qattiq gap eshitishayotgani ta’kidlanadi.

Shuningdek, unda bunday kamchiliklarni (?!) zudlik bilan bartaraf etish uchun bugundan boshlab, har bir profilaktika inspektori fuqarolarga nisbatan turli moddalar bo‘yicha 5 tadan ma’muriy bayonnoma tuzish haqida topshirig‘i ichki ishlar xodimlarining «o‘ziga xos, o‘ziga mos» bo‘lgan ohang va jargonda yetkaziladi.

Tarmoqda katta shov-shuv va muhokamalarga sabab bo‘lgan ushbu ovozli xabar Toshkent shahar Olmazor tumani IIO FMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi maxsus topshiriqlar bo‘yicha inspektori podpolkovnik Farrux Xolovga tegishli ekanligi ma’lum bo‘ldi. Buni tan olgan F.Xolov O‘zA muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda aytgan gaplarini o‘xshamagan asoslar bilan izohlashga urinadi ham.

Bugun Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi mazkur holat bo‘yicha tezkor xabar berib, ushbu fakt bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qildi: «...Profilaktika inspektori oldida huquqbuzarliklarni aniqlash va oldini olish, qoidabuzarlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish vazifasi turadi. Ya’ni, mayda bezorilik, maishiy janjallar kabi huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan aholi orasidagi profilaktik ishlar muntazam ravishda olib borilishi zarur, shuningdek kuchli ta’sir qiluvchi va psixotrop preparatlar, giyohvandlik moddalarining noqonuniy savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi o‘z vaqtida chora ko‘rish zarur. Bu kabi huquqbuzarlik va jinoyatlar aniqlangan taqdirda profilaktika inspektori qonuniy chora ko‘rishi, qonunbuzarlik faktini yashirmasdan, holatni qonuniy rasmiylashtirishi zarur.

«Natija» so‘zidan murod – profilaktika inspektorlarining ish sifatidir. Buning ko‘rsatkichi esa aholi huquqiy savodxonligining oshishi, jinoyat va huquqbuzarliklar sonining pasayishida ifoda topib, ko‘rilgan choralarning samarasidan darak beradi.

Rejaga to‘xtalsak. «Reja» so‘zini rasmiylashtirilgan bayonnomalar soni deb tushunish noto‘g‘ridir. Har qanday faoliyatda ish rejasi zarur bo‘ladi. Profilaktika inspektorlarining ish rejasi deganda aholi bilan, fuqarolarning alohida toifasi bilan ishlash rejasi nazarda tutilib, mazkur reja ishonib topshirilgan mahalla hududidagi kriminogen holatdan kelib chiqqan holda muvofiqlashtiriladi.

Shaxsiy tarkibga vazifalarning noto‘g‘ri yetkazilishi munosabati bilan, rahbar bo‘lmagan va shaxsiy tarkib oldiga vazifa qo‘yish vakolatiga ega bo‘lmagan Olmazor tumani IIO FMB xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi belgilandi».

Mana, «tezkor xabar» bilan tanishdingiz. Ushbu munosabat voqelikka xaspo‘shtlash uchun qilingan harakat, obrazli aytganda, «yopishmagan gajjak»ka o‘xshab qolganini bir deganda ilg‘ash qiyinmas. Qarang-da: «Natija» so‘zidan murod – profilaktika inspektorlarining ish sifatidir», deyilyapti. Ya’nikim, ularning ish sifatiga o‘zlari mas’ul bo‘lgan hududda tinchlik-osoyishtalik barqarorligi, jinoyat va huquqbuzarlik soni kamayganiga qarab baho beriladi.

Shunday ekan, Olmazor tumanida huquqbuzaliklar soni kamligidan rahbariyatning noroziligidan shunday xulosa kelib chiqadi: hududda hammayoq rasvo, biroq inspektorlar ishlamayapti, bunga «protokollar» kamligi yaqqol misol! Agar bu xulosa noto‘g‘ri deyiladigan bo‘lsa, «reja» va «rezultat»dan murod ne? Shundoq ham og‘ir ahvoldagi odamlarni battar qiynab, oxir-oqibat norozilik keltirib chiqarishmi?!

Karantin qoidalari ilk joriy etilgan paytda ichki ishlar organining ayrim xodimlari quyushqondan chiqib ketgani haqida ko‘p gapirildi. Bu haqda hatto davat rahbari ularni ogohlantirishgacha borgandi. Shundan keyin ham tegishli xulosa chiqarilmay «rezultat»ga yopishilayotgan ekan, tizimda olib borilayotgan o‘zgarishlar hali natija bermayotgani, aksincha jiddiy islohotlar o‘tkazilishi zaruriyati kun tartibiga chiqaveradi.

Yana bir gap. «Olmazor tumani IIO FMB xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi belgilanishi» bilan muammoga yechim topish qiyin. «Pastdagi»lar — ijrochi, xolos. Mezonni balandroq olish kerakka o‘xshaydi baribir...

...Karantin qoidalariga rioya etish, ichki ishlar organi xodimlarining qonuniy talablariga rioya etish, aks holda bu javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligi haqida gaplar yangraganda negadir IIB xodimlari va xonanda Yulduz Usmonova o‘rtasidagi mojaro yodga tushaveradi, deng. Yurtimizda karantin qoidalari kuchda ekan, uni buzishda ayblanganlar topilishi ehtimoli yuqori. Savol: oddiy fuqaro xonanda qilgan qiliqning o‘ndan birini qilsa, bitta uzr ila qutilib ketarmikan?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)