12:11 / 05.05.2024
384

Ikki toifa odamlar bor: ular hech nimani qo‘lga kirita olmaydi

Ikki toifa odamlar bor: ular hech nimani qo‘lga kirita olmaydi
Siz o‘tgan haftada bajarishingiz kerak bo‘lgan ishni orqaga tashladingiz. Bunday zararli odatdan qutulish mumkinmi? Mumkin ─ shaxsiy tashabbus ko‘rsating! Muvaffaqiyat qozongan insonlar shunday kishilarki, ular o‘zlarining shaxsiy tashabbuslariga muvofiq o‘ylaydilar va ish yuritadilar. Faoliyatning ikki usuli mavjud: o‘z tanlovingiz asosida hamda majburiyat ostida.

Biz shunday mamlakatda yashayapmizki, unda turli-tuman shaxsiy erkinlik va huquqlar boylarga ham, kambag‘allarga ham bab-barobar berilgan. Ehtimol, bu bizning tizimda erkin tadbirkorlik uchun eng muhim shartdir.

Shaxsiy tashabbusning erkinligi bizda shunchalik muhim omil hisoblanadiki, unga bo‘lgan kafolat AQSHning har bir fuqarosi uchun Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan. Bu huquqning qimmatli jihati shundaki, o‘zini hurmat qiladigan har bir xodim firma manfaati yo‘lida shaxsiy tashabbusidan foydalanganida tegishli e’tirof va rag‘batlantirishga sazovor bo‘ladi.

Endryu Karnegi yoshligida Pensilvaniya shtatidagi temir yo‘l kompaniyasida oddiy xodim bo‘lib xizmat qilardi. Bir kuni ishga kelib, shahardan tashqarida juda katta temir yo‘l halokati sodir bo‘lganini eshitib qoldi. U bo‘lim boshlig‘iga qo‘ng‘iroq qilishga behuda urindi va nihoyat umidsizlikka tushib, bir ishga qo‘l urdi. Bu ishi uchun kompaniyaning nihoyatda metin qoidalariga muvofiq o‘z-o‘zidan ishdan haydalib ketishi mumkin edi. Karnegi har bir daqiqasi kompaniyada obro‘siga putur yetkazishini anglagan holda... boshliqning familiyasi bilan konduktorga tegishli ko‘rsatmalarni berdi.

Bo‘lim boshlig‘i ishga kelganida, Karnegining tushuntirish xati va iste’foga chiqish to‘g‘risidagi arizasiga ko‘zi tushdi. Ertasi kuni esa bu ariza Karnegiga «Iste’fo qabul qilinmaydi», deb yozilgan ko‘rsatma bilan qaytarib berildi.

Oradan bir necha kun o‘tgach, boshqaruvchi Karnegini huzuriga chaqirdi va unga shunday dedi:

– Yigitcha, bilasizmi, ikki toifa odamlar bo‘ladi va ular hech baloni qo‘lga kirita olmaydi. Birinchisi – nima buyurilsa, shuni qilmaydi. Ikkinchi toifa odamlar esa nimaiki aytilsa, shundan ortig‘ini qilmaydi.

Alxusus, boshliq Karnegining tashabbusini temir yo‘l boshqarmasi ishidan ustun darajada baholadi.

Bir necha yil muqaddam Jorj Stefek Chikago shifoxonasida faxriylar uchun ajratilgan xonada yotar ekan, kallasida bir g‘oya paydo bo‘ldi. Buni boshqa har qanday odam ham o‘ylab topardi. Lekin shunisi muhimki, Stefek shifoxonadan chiqqandan keyin ham g‘oyasi ustida alohida ishladi.

Tennesi shtatidagi Memfis shahrida yashovchi Klarens Sonders bir kuni o‘z-o‘ziga xizmat qiluvchi kafeteriyda uzundan-uzoq navbatda turgan kishilarni ko‘rdi. U o‘zining tasavvurini ishga soldi va o‘z-o‘ziga xizmat qilish g‘oyasini baqqollik mollari savdosi bilan qo‘shish rejasini ishlab chiqdi. Klarens bu rejasi haqida ish beruvchi mahalliy baqqolga aytganida, u mahsulotlarni o‘rash va yetkazish bo‘yicha pul to‘lashini, amalga oshmaydigan g‘oya uchun pulni behuda sovurishga urinmasligini dangal aytdi. Sonders ishini tashlab, o‘z rejasini «Pigli Vigli» do‘konlarida tatbiq etishga kirishdi. Natijada zamonaviy supermarketlarning izdoshlari orqali millionlarni ishlab oldi.

Yaratgan bizga o‘z fikr-tafakkurimiz ustidan to‘la-to‘kis nazorat qilish qobiliyatini ato etar ekan, shak-shubhasiz, bu imtiyozdan shaxsiy tashabbusimizni namoyon etish yo‘li bilan foydalanishimizni ham istagan.

Kimki vaqtini shunchaki o‘tkazishga odatlangan bo‘lsa, vaqti yetmasligini bahona qiladi. Shuning uchun ham u boshqalarga nisbatan ko‘proq omadsizlikka duchor bo‘ladi. Maqsadiga erishgan odam esa o‘z quyoshining ostidan joy oladi. Bundaylar shaxsiy tashabbuslarini olg‘a suradi, tamaddun uchun zarur bo‘lgan har qanday yo‘nalishga qarab intiladi.

(Napoloyen Xill kitobidan)

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ikki toifa odamlar bor: ular hech nimani qo‘lga kirita olmaydi