18:44 / 05.05.2024
365

Turkiyaning kutilmagan qadami: Isroil bilan savdo to‘xtatilgani nimani anglatadi?

Turkiyaning kutilmagan qadami: Isroil bilan savdo to‘xtatilgani nimani anglatadi?
Turkiya G‘azodagi oxiri ko‘rinmayotgan bemisl fojialar sabab Isroil bilan savdo aloqalarini to‘xtatishga qaror qildi. Kun.uz muxbiri bu jiddiy voqea haqidagi savollar bilan Anqara Hoji Bayram Veli universiteti xalqaro aloqalar bo‘limi doktoranti Fazliddin Madiyevga yuzlandi.

— Turkiya G‘azo inqirozining dastlabki oylarida, ya’ni jiddiy qadamlar kutilganida emas, endi kutilmaganda, urushga 7 oy bo‘lganda bu qarorga keldi...
— Bu borada ko‘p tortishuvlar bo‘lyapti. Ikkita faktorni e’tiborga olish kerak: davlatning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy hayotni yurgazish majburiyati bor, ikkinchisi esa fuqarolar munosabatini inobatga olish. Biror bir davlat bilan savdo-iqtisodiy, siyosiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish oson ish emas, Turkiya va Isroil uchun ham oson bo‘lmagan. Muhim faktor yahudiy va musulmonlarning bir necha asrlik tortishuvlari ham bor.

Yaqin Sharqda Turkiya va Isroil demokratik davlatlar bo‘lgani uchun o‘rtadagi tijoriy munosabatlarda ancha liberallik bor edi, yillar davomida rivojlangan, chambarchas bog‘liq iqtisodiy hamkorlik bor edi. Shuning uchun birdan yo‘qotish oson ish emas. Siyosiy, ijtimoiy faktorlardan tashqari o‘sha savdo aloqalarini yurituvchi inklyuziv qatlam bor ikki tomonda ham, bir qanchasi siyosatga bog‘liq bo‘lmagan kanallar. Shu sababdan ham Turkiya uchun oson bo‘lgani yo‘q. Aslida, Turkiya va Isroilda iqtisodiy munosabatlarga davlat aralashmaydi. Endi bu to‘xtatish ikki davlatga ham katta ta’sir qiladi deyilyapti, ayniqsa Isroilda. Umuman, qiziq bir jarayon boshlandi.

— Savdo aloqalarini to‘xtatish nuqtasi qayergacha? Turli manbalarda G‘azoga humanitar yordam eshiklari ochilguncha yoki urush tugaguncha, deyilyapti.
— Bunday ma’lumotlar bayonotlar shaklida ham chiqyapti. Erdo‘g‘an qisqa bayonotiga ko‘ra, G‘arb dunyosi Isroilni qo‘llayapti, qachonki bu ikki xil standartlilik to‘xtamaguncha biz harakatdan to‘xtamaymiz, dedi. Lekin davlatlar doim bir-biri uchun ochiq eshiklar qoldiradi, kelishuvlarga bog‘liq bu. Erdo‘g‘an G‘arb Isroilga yordamni to‘xtatishi kerak, Turkiya iqtisodiy aloqalarni tiklashga ochiq, degan mazmunda gapiryapti. Isroil yon berib, Turkiya manfaatlariga to‘g‘ri keluvchi chiziqda to‘xtasa, Turkiya savdo, siyosiy aloqalarni ham qayta bog‘lashga tayyor ekanini bilish mumkin bu bayonotdan.

Isroil tomondan qarshilik ham bor, lekin Turkiya bilan savdo qilishga xohish ham bor. Chunki ancha arzon olishadi, keyin birlamchi ehtiyoj mahsulotlari. Oziq-ovqat, sanoatda Turkiyaga qaramlik bor Isroilda. Alternativ davlat topib, bu standartlarni tiklaguncha ancha vaqt ketadi. Umuman, ikki davlat ham bir-biriga ochiq eshiklar qoldirgan.

— Isroil o‘zi uchun Turkiyaning o‘rniga alternativlarni qayerdan izlaydi, buni amalga oshira oladimi, Turkiya-chi?
— Bu jiddiy masala bo‘lib turibdi ikki davlat uchun ham. Turkiya aprel boshida ma’lum mahsulotlar savdosini chekladi Isroil bilan, buning ikkinchi bosqichi ham bo‘ladi, deyildi va bunga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi. Isroil OAVda biz tezroq Turkiyaga alternativ bo‘ladigan davlatni topishimiz kerak, lekin qaysi davlat, bu mintaqada Turkiya standartlari bo‘yicha ishlay oladigan davlat bormi, degan masala qo‘yilyapti. Menimcha, alternativ davlat Saudiya bo‘lishi mumkin. Chunki so‘nggi vaqtlarda Saudiyaga G‘arbning ishtiroki ko‘paymoqda, investitsiyalar kirityapti, Saudiya ham bu sarmoyalarga xayrixoh. Lekin rivojlangan texnologiyalar bo‘yicha Turkiyaning Isroil bilan manfaatli hamkorligi bor, ikki davlat bir-biriga doim yordam bergan bu borada. Isroil bu hududda erkinroq harakat qilish uchun Turkiyaga tayangan.

Lekin Turkiya tomonidan Isroilning o‘rniga alternativ davlat topish to‘g‘risida bayonotlar ko‘rinmadi.

— Turkiya jamiyati, tadbirkorlar qanday qabul qildi bu voqelikni?
— Turkiya Isroilning beshinchi savdo hamkori, Isroil esa Turkiya tashqi savdosida o‘tgan yili 13-o‘rinda bo‘lgan, ya’ni bunday qaror qilish oson bo‘lmagan. Isroildagi tadbirkorlar juda norozi bo‘lishyapti, Turkiyaga qaram bo‘lib qolishdan ogohlantirgandik, deyishyapti. Lekin Turkiyadagi munosabatlarda ikki xil qarash bor. Davlat bu qarorni qabul qilishga juda qiynaldi, 7 oy chidab keldi. Lekin oxirgi saylovlardagi boshqaruvga bo‘lgan munosabat jiddiy qadamlar tashlashga majbur qildi.

Davlatning o‘z intellekti bor, doim ham xalq xohishiga ko‘ra ish ko‘rolmaydi. Xalq emotsiyalarga beriladi, davlat esa aql bilan ish tutishi kerak. Akademik doirada iqtisodchilarning bu ish yaxshi bo‘lmagani haqida ham tahlillar bor. Lekin G‘azodagi holat insoniyat darajasidagi fojia bo‘lyapti.

— Isroil bilan savdo aloqalarni to‘xtatish faqat ikki tomonlama munosabatlarga asoslanadimi yoki Jeyhun energetika yo‘lagi kabi uch tomonlama kelishuvlarni ham o‘z ichiga oladimi?
— Ozarboyjon va Turkiya xalqi juda yaqin, bir-biriga bo‘ladigan tahdidlar ikki davlatni birday bezovta qiladi. Ozarboyjon va Isroil munosabati yaxshi, Turkiya bilan esa bu holatga keldi. Bu borada Ozarboyjon faktori tilga olingani yo‘q Turkiyada, Ozarboyjonda ham bu haqida gapirilgani yo‘q. Demak, ichki kelishuvlarga ko‘ra Ozarboyjonning Isroil bilan savdo-iqtisodiy munosabatlariga daxl qilinmaydi. Turkiya tranzit sifatida turaveradi, menimcha. Agar bunga qarshilik qilinsa, Ozarboyjon bilan munosabatlar yomonlashishi mumkin. Isroil ham bizning Ozarboyjon bilan savdo-iqtisodiy aloqalarga aralashmang, degan qattiq bayonotlar berishi mumkin. Bu vaziyatda ham Ozarboyjon va Isroil munosabatlari ko‘rilgan, bunday payt uchinchi o‘tkazuvchi davlatlarning ta’sir qilishi mumkinmas degandir balki. Turkiyaning ta’sir qilish imkoni bo‘lganda bu bo‘yicha tahlillarni kuzatgan bo‘lar edik.

— AQSH va Yevropa Ittifoqidan qanday reaksiya bo‘ladi?
— Rasmiy munosabatlar yo‘q, lekin tahliliy bayonotlar uchrayapti G‘arb tomonidan ham. Tahlillar umumiy xulosasiga qarasak, yaxshi ish bo‘lmadi, deyilmoqda.

— Isroilga bu qanday ta’sir qiladi va Isroilning javobi qanday bo‘ladi?
— Birinchi bosqichda Turkiya savdo mahsulotlarini cheklagach, Netanyahu AQSH Turkiyaga savdo-iqtisodiy sanksiyalar qo‘llashi kerak, dedi ochiqcha. AQSH bilan Isroil bir butunligini ko‘rish mumkin bu yerda.

Isroil tomonidan richaglar bor. Lekin Turkiya ham bu qarorga kelguncha o‘ziga bufer hudud yaratgan, yumshatish yo‘llarini qoldirgan bo‘lsa kerak. Umuman, Isroil va Turkiya munosabatlari juda murakkab. Siyosiy tomondan keskin bayonotlar berilsa-da, savdo hajmi 7 mlrd dollar ekanini ko‘rdik.

Isroil tomonidagi tahlillarda Turkiyaga nisbatan tahdid bor, ya’ni Turkiyaning o‘rniga boshqa alternativ davlat topamiz, deyapti. Isroil savdo vaziri boshqa alternativ davlat topish bo‘yicha buyruq ham imzolaganini aytyapti.

Turkiyaning ham Isroilga nisbatan richaglari bor. Harbiy uchuvchilar Turkiyada tayyorlanadi. Turkiyada harbiy mashg‘ulot poligonlari bor, u yerda Isroil harbiylari ham mashg‘ulotlardan o‘tadi, shunday kelishuvlar bor. Shu tomondan ham foydalanish mumkin. Lekin bular haqida hech qayerda o‘qimadim, oldinroq to‘xtatilgandir ham balki. Lekin harbiy uchuvchilar tayyorgarlikdan o‘tishi haqida ma’lumotlarim bor.

— Nega alternativ davlat aynan Saudiya bo‘lishi mumkin deyapsiz, detallar bilan aytolasizmi?
— Mintaqada 3 ta raqobatchi paydo bo‘ldi. Birinchi o‘rinda Turkiya, uning harbiy, iqtisodiy qudrati, «yumshoq kuchi», Yevropaga nisbatan siyosiy, iqtisodiy harakatlari ham ko‘zga ko‘rinayotgan edi. G‘arbda, arab dunyosida, ayniqsa, Saudiyada Turkiyani raqib sifatida olish paydo bo‘ldi va kutilmaganda Saudiyada katta modern o‘zgarishlar boshlandi.

Saudiyada akademik maydonda ishlayotgan mutaxassislarning maqolalariga qarasak, Saudiyada katta potensial bor. G‘arb uchun, kapitalizmi uchun alohida hududlar yaratilgan. Faqat neft bilan uzoqqa borolmaymiz, degan tafakkur paydo bo‘lgan.

Saudiyaning ko‘p yoshlari dunyoning eng yaxshi oliygohlarida o‘qiyapti, xotin-qizlar ham ko‘p ular ichida. Bir qancha xotin-qizlar Turkiyada tajriba orttirib ham ketyapti. Bu narsa ularning mintaqada Turkiya bilan raqobatga kirishganini bildiradi, 10-20 yil ichida Turkiya bilan keskin raqobat qila olamiz, degan maqsad ham qo‘ygan.

Qatar faktori ham bor. Lekin u kichik davlat, ehtiyojlarni qondira olmasligi mumkin. Lekin Saudiyada jiddiy harakat bor. Shu ma’noda Saudiyani alternativ davlat sifatida G‘arb bosimi yoki Isroilning o‘z harakati bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi mumkin, Turkiya bosim uchun ham bo‘ladi bu. Mintaqada eng ko‘zga ko‘ringan alternativ Saudiya bo‘lyapti.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkiyaning kutilmagan qadami: Isroil bilan savdo to‘xtatilgani nimani anglatadi?