Mahmudxo‘ja Behbudiy.
Foto: Google Photos
Turkistonda jadidchilik harakatiga asos solgan buyuk ziyoli Mahmudxo‘ja ko‘plab sohalarda qimmatli fikrlarini aytgan. Uning publitsistika, teatr, adabiyot, bosma ishi, turkistonliklarning siyosiy ongi borasidagi qarashlari va amaliy ishlari yaxshi o‘rganilgan. Lekin Behbudiy til haqida ham fikrlarini aytib o‘tgan. Uning o‘zbek tili, umuman mintaqadagi til siyosati borasidagi fikrlari bugungi kunga qadar eskirmagan.
Mashhur jadidshunos, falsafa doktori, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti prorektori Zaynobiddin Abdurashidov Behbudiyning til borasidagi qarashlarini tahlil qiladi.
Turkistonlik ziyolilar orasida birinchi bo‘lib Behbudiy Gasprinskiyning til birligi g‘oyasini keng targ‘ib qildi va quvvatladi. Dastlab u o‘sha davrning aksariyat musulmon ziyolilari kabi Rossiya musulmonlarining yagona tili bo‘lishi kerakligi haqidagi g‘oyaga qiziqish bildirdi. Behbudiy bu masala yuzasidan Turkiston shaharlarida o‘ziga xos so‘rovnoma va tajriba ham o‘tkazdi. Bu jihatdan biz Behbudiyni turkistonliklar ichidagi birinchi sotsiolog sifatida ham kashf etamiz.
Behbudiy bu sotsiologik tadqiqot davomida umuman gazeta o‘qimagan, boshqa turkiy xalqlar tilidan xabari yo‘q oddiy odamlarga turli gazetalarni o‘qitib eshittirdi va shu yo‘sinda Turkistonning turli hududlaridan o‘qib eshittirilgan gazetalarning «tili» bo‘yicha fikrlarni jamladi, umumiy xulosa berdi. Behbudiy o‘tkazgan tajriba va so‘rovnoma asosida turkistonliklar uchun Gasprinskiyning «Tarjimon» gazetasi, sibirlik, asli buxorolik tujjorning avlodidan bo‘lgan, XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida Abdurashid qozi nomi bilan tanilgan Abdurashid Ibrohimovning «Mir’ot» jurnali hamda «Ulfat» gazetasining tili ko‘proq tushunarli, degan xulosaga keldi.
Va «chorak asrdan beri millatimizga tili, qalami, qalb quvvati bilan xizmat qilgan, yangi matbuotimiz raisi ham otasi janob Ismoilbek hazratlariga til bobida ergashmoq Rossiyadagi hamma muharrirlarga lozim» ekanini tavsiya qildi. Bu bilan Behbudiy ham Gasprinskiy kabi Rossiya musulmonlari birligining asosi va negizida til birligi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Behbudiy yagona, umumadabiy til borasida fikrlarini davom ettirib, «...til birligining foydalari juda yaxshi ma’lum. Zero, til birligi do‘stlik, muhabbat, bir-biriga yordam va jipslashuvning asosi», degan amaliy xulosaga keldi.
Behbudiy Turkiston uchun turkiy bilan bir qatorda forsiy tilning «o‘rta sheva»sini ilgari surdi. Bu taklifning amaliy natijasi sifatida 1913–1915 yillarda Samarqandda Behbudiy nashr etgan «Oyina» jurnalini ko‘rsatish mumkin. Baldauf Behbudiyning bu tashabbusini o‘z o‘quvchilari bilan hamfikr va hammaslak ekanini bildirish va ko‘rsatish deb baholadi.
Turkistonda ikki tillilik masalasini Behbudiy «Oyina»ni chiqarmasidan ancha ilgari, 1909 yili «Tarjimon»ga yo‘llagan «Turkistonda maktab lisoni» nomli maqolasida ko‘targan edi. Behbudiy turkiy va forsiy tillarning turkistonliklar uchun ahamiyatli ekaniga e’tibor qaratmoqchi bo‘ldi va ikkala tilning maktab tahsiliga kiritilishi tarafdori ekanini ilgari surdi. Behbudiy fikrlarini quyidagi argumentlar bilan isbotlashga harakat qildi:
- Turkistondagi aksariyat shahar aholisi turkiy va forsiyda bemalol muloqot qiladi;
- Ba’zi hududlarda bu ikki tilning qorishiq shakli ishlatiladi;
- Rasmiy idoralarga arizalar turkiyda yoziladi;
- Shar’iy fatvolar forsiyda yozilib, turkiyda qayd qilinadi va bu usulga butun Turkistonda amal qilinadi.
Behbudiy maqolasining so‘ngida keltirgan isbot va dalillariga tayangan holda Turkiston maktablarida ham turkiy, ham forsiy birga o‘qitilishi maqsadga muvofiq degan xulosa berdi.
Behbudiy (umum)turkiy tilni «Tarjimon» gazetasi vositasida o‘zlashtirganini bayon qilar ekan, «ona tilim forsiydir, yozgan turkchamni ruhoniy hojam ‘Tarjimon’ sahifalaridan tahsil etdim», degan fikri bilan o‘rtoqlashadi. Bu esa Gasprinskiy taklif qilayotgan (umum)adabiy yoki (umum)turkiy til yaratilganidan darak beradi. Shuningdek, Gasprinskiy nashr etgan «Tarjimon» gazetasining Turkiston o‘lkasidagi e’tiborini «usuli jadida nomi bilan isloh qilingan va ochilgan maktablar muhtaram ‘Tarjimon’ ta’sirida alifbodan oxiriga qadar turkcha dars berib, Turkistonda turkchaning yoyilishiga xizmat qilgan»ida ham ko‘rish mumkin. Bu so‘zlar ham Behbudiyga taalluqli.
Begali Qosimov imperiya musulmonlari, xususan, Turkiston o‘lkasining taraqqiy etgan millatlar qatoriga qo‘shilishi va oxir-oqibat mustaqillikka erishishi yo‘lidagi kurashda Behbudiyni Gasprinskiy bilan bir maslakda bo‘lganini ta’kidlaydi. Bu maslak Gasprinskiy taklif etgan «murosa yo‘li» bo‘lib, ruslarning hamda ularning madaniyati yutuqlari yordamida ma’rifatga erishish, eng asosiysi, bu yo‘lda milliy xususiyatlarni yo‘qotmaslikni talab etadi. Behbudiyning rus tilini o‘rganish va rus madaniyatidan istifoda etish borasidagi fikrlarini uning ko‘plab maqolalarida uchratish mumkin.
Foto: Google Photos
Xususan, uning «Oyina» jurnalining ilk sonida chop qilingan «Ikki emas, to‘rt til lozim» maqolasida turkistonliklar zamon bilan hamnafas bo‘lishi, zamona ilmlaridan, fikrlaridan bahramand bo‘lishi uchun «turkiy, forsiy, arabiy va rusiy» tillarini bilishi, ularda bemalol muloqot qilish darajasiga etishishi lozimligi ta’kidlanadi. Behbudiy bu maqolada «turkiy» til deganda mahalliy xalqning aksariyati so‘zlashadigan «o‘zbakiy» tilni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, to‘rt tilning o‘rganishga sabablar quyidagilardan iborat:
1) «turkiy, ya’ni o‘zbakiy» – Turkiston xalqining aksariyati so‘zlashadigan til;
2) «forsiy» – «madrasa va udabo tilidur. Bu kungacha Turkistonni har tarafindagi eski va yangi maktablarinda forsiy nazm va nasr kitoblari ta’lim berilib kelgandur»;
3) «arabiy» – madrasalarda o‘qitiladigan barcha shar’iy kitoblar ushbu tilda;
4) «rusiy» – «zamon tijorat ishi, sanoat va mamlakat ishlari, hatto dini islom va millatga xizmat» qilishga yararlik zamona ilmini o‘rganish uchun.
Behbudiy til o‘rganishga sabab bo‘ladigan omillarni ko‘rsatar ekan, turkiy va forsiy mahalliy xalq uchun ikkisi birday ona tili bo‘lgani uchun «bizg‘a saodat» ekani va ushbu tillarni har bir turkistonlik «tahsilsiz» ham yaxshi bilishini ta’kidlaydi. Ushbu tilni mukammal bilganlar forschada bitilgan «Firdavsiy, Bedil, Sa’diy, ‘Masnaviy’dan qanday lazzat olsa», buning barobarida turkiyda yozilgan «Fuzuliy, Navoiy, Boqiy, Somiy, Abdulhaq Homid, Akrambek, Sanoyi, Nobiy, Nojiylardan, yana To‘lsto‘y, Jul Vern va ulamoi zamoniy asarini turkiy tarjimasidan» shunchalik bahramad bo‘lishi mumkinligiga urg‘u beradi.
Behbudiy nima uchun rus tilini o‘rganishga turkistonliklarning diqqatini qaratmoqchi edi? Unga ko‘ra, millat butunlay yo‘q bo‘lib ketmasligi uchun ular ham tijorat, ham sanoat, ham siyosatda boshqa taraqqiy etgan xalqlar bilan bir qatorda, yonma-yon harakat qilishi kerak. Turkistonliklar orasida hatto millat va vatan manfaati uchun g‘arb tillarida, jumladan, rus tilida yuqori minbardan turib gapirishga qodir biror kishi topilmaydi. Bu qusurlarni yo‘q qilish uchun esa rus tilini o‘rganish, Rossiya universitetlarida tahsil olish hamda barcha qonunlardan xabardor bo‘lmoq kerak. Behbudiy til o‘rganish masalasini siyosiy masala sifatida ko‘tarib chiqdi va vatan manfaati yo‘lida xizmat qilishga qodir ziyolilarni shakllantirishga yo‘l ochishi to‘g‘risida yozdi.
Behbudiy ayni masalani, ya’ni rus tilini o‘rganish turkistonliklar uchun ne qadar muhim ekanini Abdurauf Fitratning «Munozara» asariga yozgan taqrizida ham ko‘targan edi. Mutaassib bo‘lgan turkistonliklarga Behbudiy xorijiy tillarni o‘rganishni payg‘ambar ham buyurganlari haqida hadisi sharif ham keltiradiki, bu aholi «kofir bo‘lmasligiga» eng asosiy dalil edi.
Behbudiyning adabiy til borasidagi qarashlari uning 1915 yili yozgan «Til masalasi» nomli maqolasida aks etgan. Ushbu maqola ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismda Behbudiy turkiy tilning shevalari xususida fikr yuritadi. Unga ko‘ra, turkiy tilning Turkiston o‘lkasida tarqalgan sheva va lahjalari yuz yillar davomida fors madaniyati va adabiyoti ta’siri ostida bo‘lgani sabab ushbu tildan juda ko‘plab so‘zlarni o‘zlashtirgani, tub turkiy so‘zlar ushbu vaqt davomida iste’moldan chiqib, unutilib ketgan. Shuningdek, 14 asrdan beri muqaddas islom dini hamda Qur’on tili bo‘lgan arabchadan ham turkiy til shevalariga son-sanoqsiz so‘zlar kirib kelganki, ularni sheva yoki lahjalardan chiqarib tashlashning iloji yo‘q. Chunki bunday so‘zlarning muqobili mavjud emas.
Behbudiy turli mintaqalarda yashaydigan turkiy xalqlarning tili ham turkistonliklarning tilidan qolishmaydigan darajada fors va arab tili ta’siriga tushgani, hatto ayrimlari «forsiy va arabiyni u qadar ko‘p oldilarki, tillari turkiy, forsiy va arabiydan qo‘shulub ‘usmonli tili’ ataldi». Behbudiy usmonili tili haqida gapirar ekan, ushbu tilda ravon yozmoq va o‘qib tushunmoq uchun «uch tilning adabiyot va qoidalaridan boxabar» bo‘lish kerakligi, aks holda «usmonli shevasinda yozilgan asarlarning aksarini» nafaqat usmonli turklarning «kamsavodi», balki ayrim ziyolilari ham anglamas darajaga kelib qolganini ta’kidlaydi.
Samarqanddagi Mahmudxo‘ja Behbudiy haykali.
Foto: Google Photos
Behbudiy Turkiston shevalari borasida yozar ekan, u o‘zini yetuk tilshunos sifatida namoyon etadi. Behbudiy turkistonliklarning yashash mintaqasiga qarab sheva va lahjalar qay darajada fors va arab tili ta’siriga tushgani va bu jarayon «barcha erda bir holda bo‘lmay, balki mavqe’i jug‘rofiyasig‘a qarab har nav» ekanligini tadqiq etdi. Va turkiy til qanchalar boshqa til ta’siriga tushib o‘zgargan bo‘lmasin, barcha «lahja ila so‘ylayturgonlarning har biri boshqasini so‘zig‘a tushunadurlar», degan xulosa beradi.
«Til masalasi» maqolasining ikkinchi qismi turkiy xalqlar uchun yagona, soddalashtirilgan adabiy til yaratish masalasiga bag‘ishlangan. Behbudiyning ta’kidlashicha, u ushbu masalani yoritishda «betarafona» yondashishga harakat qilgan. Behbudiy sheva va lahja bilan «adabiy til» o‘rtasidagi farqni ko‘rsatish uchun Volgabo‘yi tatarlari, Kavkaz xalqlari bosib o‘tgan yo‘lni tahlil qilishdan boshlaydi. Unga ko‘ra, tatarlar va ozarbayjonlar nashr qilayotgan matbuot «tili» «ko‘cha tili»dan «necha daraja oliy» ekani har bir gazeta o‘qiydigan ziyoliga ma’lum. Hatto «Vaqt» gazetasi va «Sho‘ro» jurnalining tili ular nashr bo‘la boshlagan yildan, ya’ni 1908 yildan 1915 yilga qadar «jaridalarining avvalgilari ila hozirgisini taftish qilinsa, hozirgilarini adabiyligi zohir» bo‘lib, tobora «oliylashmoq» yo‘lida harakat qilmoqda edi.
Yuqorida aytilgandek, Behbudiy bu kabi xulosaga kelish uchun sotsiologik so‘rovnomalar o‘tkazgan va qay matbuot tili turkistonlik oddiy odam uchun tushunarli ekanini aniqlash bo‘yicha qilgan izlanishlari natijasi «Til masalasi» maqolasining ikkinchi qismida o‘z aksini topgan. Albatta, Behbudiyning bu kabi izlanish va tadqiqotlar olib borganini o‘sha vaqtda o‘ta muhim masalalardan biri bo‘lgan (umum)adabiy til yaratish yoki qabul qilish borasidagi qarashlarini bildirish, o‘z pozitsiyasini ko‘rsatish bilan bog‘liqlikda qarash kerak.
Behbudiy (umum)adabiy til masalasida tilni soddalashtirish, omma tushunadigan shaklga olib kelish fikrini qo‘llab-quvvatlasa-da, tilni soflashtirish, ya’ni arabcha, forscha so‘zlar o‘rniga muqobillarini qidirib topish va tilga tatbiq etish masalasini «ijrosi mumkin emas, quruq xayoli fosidgina» deb baholaydi. Shu bilan bir qatorda, Behbudiy gazeta va jurnallarda boshqa tillardan yangi kirib kelayotgan so‘zlar istalgan shaklda qo‘llanilishi masalasiga to‘xtalar ekan, buni «bu zamonda fan va hunar taraqqiy etgani uchun va yangi chiqg‘on begona lug‘atdagi ismlik nimarsalarg‘a turkiy ism taqadurgon jamiyatlar barpo etib, turkiy tilimizg‘a xizmat etaturgon kishilarni bizg‘a yo‘qligi»dan deb ta’kidlaydi. Bu bilan Behbudiy tilga yangi o‘zlashmalarni tartibga keltiradigan ilmiy jamiyat tashkil etish masalasini ham kun tartibiga chiqaradi.
Tilni soflashtirish masalasida «Sadoyi Turkiston» gazetasida berib borilayotgan maqolalarni tahlil qilar ekan, Behbudiy gazetaning bu harakatiga «ijrosi mumkin emas orzu» deb qaraydi. Sabab, asrlar davomida arab va fors tili ta’sirida qolgan turkiy tilni «yana bir necha ming sanada bularni ta’siridan chiqarmoq» ishiga berilsak, «ma’nan va moddatan va fannan mahkum millatlarni(ng) tili (qatorida) bo‘lgan tilimizg‘a yana taraqqiy etgan millatlarni(ng)» tilidan yangi so‘zlar kirib kelaveradi. Behbudiy til soflashtirish masalasida mana shunday pozitsiyani egallagan edi.
Behbudiy tilni soddalashtirish borasida fikrlar ekan, arabcha ko‘plikdagi so‘zlarni imkon qadar turkiy ko‘plik shaklda, masalan, «ulum, funun, ulamo, quzzot va ...demoq erinda fanlar, ilmlar, olimlar, qozilar va... lar» kabi yozilishini hamda gazetalarda berilayotgan «kurrayi arzda yashamakda bo‘lgan har millatni o‘ziga maxsus bir lisoni milliysi vordur» kabi gaplarni imkon qadar turkiychalashtirishni taklif qiladi. Lekin, yuqorida yozilganidek, Behbudiy butun tilni soflashtirish masalasida «butun fanniy va ilmiy va diniy istiloh va iboratlarg‘a muqobil turkchadan ism ta’yin qilmoq fikrig‘a cho‘mmoq o‘zni charchatib va matbuotnn zoye’ qilmoqdan boshqa nimarsa emas» degan fikrda qat’iy turdi.
Behbudiy sodda til «atrofindagi qavm-u qarindoshi ilan so‘ylashmoq» uchun kerak bo‘lsa, adabiy va ilmiy til «mavjud ilm-u fan va tarixni bilmoq va alardan foydalanmoq» uchun zarur deb hisoblaydi. Uningcha, sodda til, ya’ni sheva yoki lahja mintaqaga ko‘ra turli bo‘lishi hisobga olinsa, bu tilni adabiy deb bo‘lmaydi va uni istifodaga olib kirishdan ham hech qanday ma’ni yo‘q. Bundan tashqari, Behbudiy Turkiston sheva va lahjalari adabiy til bo‘lishga hozircha «qodir emas» deb hisoblaydi.
Foto: Google Photos
Behbudiyning bunday xulosaga kelishiga sabab «ilmiy va adabiy tilni har bir qishloq va ko‘ydagi onalarni tilinda bo‘lmoqligi» uchun boshqa taraqqiy etgan millatlar onalari kabi «qorindan qoring‘acha» o‘qimishli bo‘lishi kerak. Shunday ekan, Behbudiy (umum)adabiy til masalasida «modomiki, bizg‘a ilm-u fan kerak va modom(iki), turk tilining ba’zi sho‘’ba va lahjalarig‘a zamoniy, fanniy, diniy, tarixiy har nav’ kitoblar bordur, ani o‘qub fahmlamoqig‘a g‘ayrat etishimiz lozimdur» degan xulosaga keladi.
Yuqorida qayd etilganidek, Behbudiy Turkistonning avom xalqi qay gazeta tilini yaxshi tushunishi va qabul qilishi borasida o‘tkazgan sotsiologik so‘rovnomasi va tadqiqotining asosiy sababi ham «Tarjimon» yoki «Ulfat» gazetasi tilini (umum)adabiy til darajasiga ko‘tarish edi. Behbudiy o‘zining bu qarashini quyidagicha izohlaydi: «Dunyomizni ilm-u fanidan xabardor bo‘lmoq uchun rus, nemis, fransaviy, anglis, itoliyoli, arabiy, jopuniy tillaridan birini bilmoq kerak va alarni bilmaganda Kafkoz va yo Qrim lahjayi adabiyasini bilgan kishini dunyodan xabarlik bo‘lushig‘a vosita bo‘lur».
Behbudiyning adabiy til borasidagi bu kabi qarashi o‘z davrida ham katta qarshiliklarga sabab bo‘lgan. Uning eng yaqin safdoshlaridan bo‘lgan Hoji Muin Behbudiyning adabiy til borasidagi fikrlariga qarshi chiqqan edi. Hoji Muni mahaliy tilni soflashtirish va begona (arabcha va forscha) so‘zlardan tozalash orqali uni adabiy til sifatida shakllantirish tarafdori edi. Bundan tashqari, Hoji Muin Behbudiy taklif qilgan ikkitillilik, ya’ni butun Turkistonda turkiy bilan bir qatorda forsiyni ham ishlatish fikrini ham ma’qullamaydi. Ingeborg Baldaufning ta’kidlashicha, Hoji Muin o‘z qarashlarining amaliy tatbiqini Behbudiy safarga chiqqan vaqtda «Oyina» jurnaliga vaqtincha muharrir bo‘lgan vaqtda amalga oshirishga qisman muvaffaq bo‘lgan. Baldaufga ko‘ra, Hoji Muin qisqa muddat ichida ikki tilli bo‘lgan «Oyina» jurnalini sof turkiy tildagi jurnalga aylantirishga ulgurgan edi.
Behbudiy «Til masalasi» maqolasining oxirida hech qaysi bir til faqatgina o‘z so‘z boyligi bilan taraqqiy eta olmasligi, boshqa tillardan yangi so‘zlar qabul qilish hisobiga rivojlana olishini ta’kidlash bilan bir qatorda, tilni soflashtirish bilan vaqtni bekor sarflamasdan uning o‘rniga «kelar zamon uchun hozirlanayluk, o‘tgan zamon uchun emas» degan qat’iy fikrni o‘rtaga tashlaydi. Bundan tashqari, u Turkistonning turli mintaqalari shevalari orasida farq bo‘lgani uchun ushbu shevalarda adabiy asarlar yozish ham maqsadga muvofiq emasligini ta’kidlaydi.
Behbudiy (umum)adabiy til yaratish borasidagi asosiy muammo va to‘siq sifatida millat onalarning savodsizligini ko‘radi. Adabiy til yaratmoq uchun, Behbudiyga ko‘ra, birinchi navbatda «biz avval onamizni o‘qutub, anga til o‘rgatmoqimiz kerak». Adabiy tilning hamda ilm-fanning rivoji millat onalarining bilimiga bog‘liq ekanini ta’kidlagan Behbudiy, birinchidan, qiz bolalarni maktablarga ko‘proq berish, ularni savodli qilish masalasini ko‘targan bo‘lsa, ikkinchi tarafdan, bir adabiy til yaratish uchun imkon qadar arabcha va forscha so‘zlardan kam ishlatish, sodda, boshqa turkiy tillardan keng istifoda qilgan holda yozishni taklif qiladi.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning tilshunoslik borasida e’lon qilgan maqolalari orasida «sart» so‘zi bilan bog‘liq fikrlari ham bugungi tilshunoslik nuqtai nazaridan katta ahamiyat kasb etadi. Ushbu maqolalarning tahlili Behbudiy o‘z zamondoshlari safidan birinchilardan bo‘lib so‘z etimologiyasi bilan shug‘ullangan, so‘zning qo‘llanilish doirasi, turli xalqlarda bir so‘zning qay ma’noda ishlatilishi, so‘zning tarixiy, adabiy manbalarda uchrab uchramasligi borasida izlanishlar olib borgan, zamonaviy til bilan aytadigan bo‘lsak, madaniy antropologiya fani bilan ham shug‘ullanganligi ko‘zga tashlanadi.
«Sho‘ro» jurnalida e’lon qilingan «Sart so‘zi majhuldir» maqolasida Behbudiy ruslar tarafidan mahalliy o‘troq xalqqa nisbatan qo‘llay boshlagan «sart» so‘zining ishlatilishi, turli lug‘atlarda mavjud yoki mavjud emasligi, yon-atrofdagi ko‘chmanchi xalqlar bu so‘zning nima ma’noda qo‘llashi va hokazo dalilardan 24 tasini keltiradi va so‘ngida «sart» so‘zi Turkistonning mahalliy o‘troq xalqiga nisbatan ishlatilishi noo‘rin ekanligini isbotlab bergan. Behbudiy ushbu maqolada «sart» so‘zi bilan bog‘liq keltirgan dalillarini tahlil qilinsa, muallif tarixiy kitoblardagi faktlardan tortib turli lug‘atlarda, ko‘chmanchi xalqlar nutqidagi ma’nosigacha izohlashga harakat qilgan. Bu esa, o‘z navbatida, «sart» so‘zining etimologiyasiga oid katta izlanish olib borilganligi va Behbudiyning bu boradagi iqtidorini ko‘rsatadi.
Foto: Google Photos
Behbudiy barcha dalillarni bir-bir keltirgandan keyin maqolasi so‘ngida «sart» so‘zining tarixi ham «majhul» bo‘lganini hamda turkistonlik o‘troq aholiga nisbatan «sart» atamasini ko‘chmanchi qozoqlar tarafidan ishlatilgani bois ulardan so‘ralsa, balki biror tayinli javob chiqishi haqida ruslarga tavsiya beradi.
«Sart» so‘zi bilan bog‘liq «Oyina»da berilgan maqolalarning birinchisi «Sho‘ro» jurnalida e’lon qilingan maqola nomi bilan bir xil «Sart so‘zi majhuldir» nomlangan bo‘lsa, ikkinchisi «Sart so‘zi ma’lum bo‘lmadi» sarlavhasi bilan e’lon qilingan. Behbudiy bu maqolalarda «Sho‘ro» jurnalida o‘zi hamda boshqa mualliflar tomonidan bu borada e’lon qilingan maqolalarni tahlil qiladi. Behbudiy barcha mualliflarning fikrlarini jamlagan holda «sart» atamasini Turkiston o‘troq aholisiga nisbatan qo‘llash «haqorat» sifatida ekanligini yozadi.
Behbudiy o‘z fikrlarini dalillash sifatida bir vaqtlar «Xun»lar bo‘lgani, ular butun Evropani zabt etgani va o‘sha erda qolib hozirda nomi yo‘q bo‘lib ketgani bilan evropaliklarni sizlar «xun»sizlar deb atash qanchalar o‘rinli bo‘lishi borasida fikrlarni keltiradi. Behbudiy fikrlarini xulosalar ekan, Evropa xalqlari o‘zlariga nisbatan «xun» atamasini haqorat deb qabul qilganidek, ayrim tarix kitoblarida Turkiston hududida qachonlardir «sart» atalgan bir qabila bo‘lganligi yozilgani bilan erli aholini bugungi kunda sen «sart»san deb atash ham haqorat, millatni erga urish bilan barobar ekanligini ta’kidlaydi.
Behbudiyning Turkiston jadidchiligida tutgan o‘rni, uning bu harakat g‘oya va fikrlarining yoyilishida, ijtimoiy-siyosiy sohaning turli jabhalarida islohotlarni amalga oshirishdagi faoliyatini baholashda, tabiiyki, u yozib qoldirgan fikrlar, asarlar katta ahamiyatga ega. Shu ma’noda uning (umum)adabiy til, til normalari, imlosi, so‘zlar etimologiyasi borasidagi fikrlari, qarashlari ma’lum ma’noda Behbudiyning tilshunoslik sohasidagi faoliyatiga ham muayyan baho berishga, uning bu yo‘nalishdagi harakatlariga xolisona xulsa berishga imkon tug‘diradi.
Behbudiyning Turkistonda keng tarqalgan turkiy tilning sheva va lahjalarini mukammal bilishi, zamonasining nisbatan taraqqiy etgan turkiy shevalarda nashr etilgan vaqtli matbuot tilini davrlashtirish, ularga muayyan baho bera olish, tahlil qila olish kabi qirralari uning Turkistonlik ziyolilar orasidan yetishib chiqqan ilk tilshunos deb atashimizga dalil bo‘la oladi.
Shuningdek, so‘zlarning tarixi, ularning kelib chiqishiga oid izlanishlarini inobatga olib Behbudiyni hozirgi zamon atamasi bilan madaniy antropologiya sohasida ham muayyan yutuqlarga erishgan, bu sohada ham birinchilardan bo‘lib izlanishlar olib borgan olim deb xulosa berishga asos beradi. Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, Behbudiy o‘zbek tilining adabiy til sifatida shakllanishi borasida samarali faoliyat olib borgan tilshunos, sotsiolog, shevashunos, etnograf, madaniy antropolog sifatida gavdalanadi.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp Yevropa Ittifoqiga ultimatum qo‘ydi
Jakartada "Imom Buxoriy: O‘zbekiston islom san’ati" ko‘rgazmasi ochildi
Germaniyada Rojdestvo yarmarkasida terakt sodir etildi
Ilon Mask: “Yevropa davlatlari yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida”
Mask Ukrainaga yordam berishni AQSHning eng yomon qarorlaridan biri deb atadi
Rossiyalik harbiylar Kiyevga ballistik raketa bilan hujum qildi
Fransiya kubogi. "Lans" PSJga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘ldi, Husanov gol urdi!
Prognoz: kim g‘alaba qozonadi, Usik yoki Fyuri?