date

Uyni salqin saqlaydigan "aqlli bo‘yoq" ixtiro qilindi

Uyni salqin saqlaydigan "aqlli bo‘yoq" ixtiro qilindi
Ilm-fan va texnologiya yana bir jadal qadam tashladi — AQSH, Xitoy, Singapur va Shvetsiyadan bo‘lgan olimlar sun’iy intellekt yordamida xona haroratini pasaytirishga qodir bo‘lgan yangi avlod bo‘yog‘ini yaratishdi. Innovatsion formula asosida tayyorlangan bu bo‘yoq binolarni oddiy bo‘yoqlarga nisbatan bir necha barobar samarali salqin saqlaydi.

Nature jurnalida chop etilgan maqolaga ko‘ra, ushbu material xonalardagi haroratni 5 dan 20°C gacha pasaytirishga yordam beradi. Bu nafaqat energiya iste’molini kamaytiradi, balki iqlim o‘zgarishiga qarshi global kurashda ham muhim vosita sifatida baholanmoqda.

Loyiha rahbarlaridan biri, Texas universiteti professori Yuebin Chjenning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt butun jarayonni keskin tezlashtirgan:

“Oylar davomida kutiladigan natijalarni bir necha kun ichida oldik”, — deydi u.

Innovatsion bo‘yoqning asosiy ustunligi — uning tarkibida nanofotonik va meta materiallar mavjud. Ushbu moddalar quyosh nurlarini aks ettirib, issiqlikni devorlar orqali binoga kirishidan to‘sadi. Bu esa uy ichidagi haroratni izchil nazorat qilish imkonini beradi.

Hozircha mahsulot bozorda sotilmayapti, biroq ilmiy jamoalar, shaharsozlar va muhandislar orasida katta qiziqish uyg‘otgan. Maxsus laboratoriyalarda o‘tkazilayotgan sinovlar bu bo‘yoqning ekologik xavfsiz va uzoq muddatli ekanini ham tasdiqlamoqda.

Mutaxassislar ushbu texnologiya kelajakda qurilish sohasi, shahar iqlimi va barqaror arxitektura uchun yangi davrni boshlab berishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Uyni salqin saqlaydigan "aqlli bo‘yoq" ixtiro qilindi