14:14 / 11.12.2020
3 934

Andijonliklar endi tomda ham dehqonchilik qilishni boshladi

Andijonliklar endi tomda ham dehqonchilik qilishni boshladi
Andijon viloyatining aholisi zich, yer maydoni kam bo‘lgani uchun har bir qarich yerdan unumli foydalanib, bir yilda to‘rt martagacha hosil olayotganini bilar edigu, biroq tomda dehqonchilik qila boshlashganini eshitmagan ekanmiz. Paxtaobod tumanidagi Sangraobod mahallasida istiqomat qiluvchi Sarvarbek Ma’murov molxonasining 5 sotixdan iborat tom qismida issiqxona tashkil etgani to‘g‘risidagi xabar bizni ham manzil sari chorladi.

— Nega tomda dehqonchilik qilyapsiz? Yerda yer yetishmayapti?, — hazilomuz savol bilan yuzlandik Sarvarbekka.

— Tomorqamda pomidor yetishtirdim,—deydi u suhbat davomida. —Daromadi yangi loyihalarni amalga oshirishimga turtki bo‘ldi. Qarasam, bir qarich ham bo‘sh yer yo‘q. Shuning uchun sigirlar parvarishlanayotgan binoning tom qismida issiqxona barpo etdim.

Sarvarbekning bu loyihaga qo‘l urishi bejiz emas. U Rossiya Federatsiyasining Ulyanovsk shahridagi qishloq xo‘jaligi Akademiyasida besh yil tahsil olib qaytdi. Amaliyot davrida Rossiyada qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan bevosita tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Uning e’tiborini tortgan jihat shundaki, aksariyat qishloqlarda issiqxonalar tomda tashkil etilgan ekan. Buning o‘ziga xos sabablari bor. Masalan, tomdagi issiqxonada yerdagi issiqxonalardagi kabi zaxlik masalasi muammo tug‘dirmaydi.

Qolaversa, isitish oson. Ya’ni, 5 sotixdan iborat yerdagi issiqxonani isitish uchun bir sutkada 300 kg. ko‘mir kukunidan foydalanilsa, tomdagi issiqxona uchun 200 kg. yonilg‘i sarflanadi. Xonani shamollatish jarayoni ham oson kechadi va tabiiy issiqlik yuqorida yerdagiga nisbatan mo‘l bo‘ladi. Demak, issiqxonalar qancha yuqoriga joylashgan bo‘lsa ularni isitish masalasi shunchalik oson hal etiladi.

Bundan tashqari, issiqxona uch qavatdan iborat plyonka ostiga olingani bois quyoshli kunlarda isitish vositalariga hojat yo‘q. Bu sarflanishi lozim bo‘lgan 200 kg. ko‘mir kukunini ham iqtisod qilish imkonini beradi. Mutaxassislarning fikricha, bu kabi maskanlarda parvarishlanayotgan o‘simliklar kasallikka kam chalinib, hosildorligi yuqori bo‘ladi.

Tahsil davomida bu haqida yetarli bilim to‘plagan Sarvarbek Andijonga qaytgach, eng avvalo, issiqxona uchun joy hozirladi. Buning uchun 160 mln. so‘m mablag‘ sarfladi. Ekilgan 2 ming 200 tup qalampir ko‘chatlari 20 kun ichida gullashni boshladi. Agrotexnik qoidalarga rioya qilinsa fevral oyidan to iyul oyiga qadar hosil olish mumkin. Har bir ko‘chat o‘rtacha 5 kg.dan hosil tugadi. Qalampir yig‘ib olingach, o‘rnida pomidor yoki bodring kabi mahsulotlarni yetishtirish imkoni mavjud. Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatmoqdaki, issiqxonani barpo etishga ketgan xarajatlar qalampir hosilidan olingan daromad hisobiga qoplanadi. Keyingi hosil esa sof daromadga xizmat qiladi.

— Shu bilan kifoyalanib qolish niyatim yo‘q,— deydi Sarvarbek Ma’murov. — Issiqxonam ayni paytda bir qavatdan iborat. Kelgusida uni uch qavatga aylantiraman. Shunda ko‘chatlar soni ham, daromad ham uch barobarga ortadi.

Yoshlardagi bilim, izlanuvchanlik mana shunday tajribalarni yuzaga keltirmoqda. Bu esa eng avvalo, mamlakatimizda tadbirkorlik ko‘lamining ortishiga, daromad manbaining kengayishiga va tabiiyki, aholi turmush tarzining yaxshilanishiga sabab bo‘ladi.

Saminjon HUSANOV

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Andijonliklar endi tomda ham dehqonchilik qilishni boshladi