12:58 / 21.01.2021
1 610

DXX 3 mln. 720 ming AQSH dollari olgan firibgarni ushladi (video)

DXX 3 mln. 720 ming AQSH dollari olgan firibgarni ushladi (video)
Bugun mamlakatimizda yerdan unumli foydalanish, fermer va tadbirkorlar uchun yetarli sharoitlar yaratish masalasiga katta e’tibor qaratilyapti. Biroq, ayrim qo‘shtirnoq ichidagi ishbilarmonlar bunday imkoniyatlarni suiste’mol qilib, davlat tomonidan ajratilgan yerlarni boshqa birovga noqonuniy sotishga harakat qilishmoqda.

Qibraylik tadbirkorning bog‘dorchilik va chorva mollariga yaylov uchun yer ajratilishini so‘rab, o‘zi yashayotgan tuman hamda Toshkent viloyatining boshqa tumanlari xokimliklariga qilgan murojaatlari kutilgan natijani bermaydi.

Shunda uning muammosidan xabar topgan Toshkent viloyatida faoliyat yurituvchi chorvachilikka ixtisoslashgan «Asiyan Milk Best» mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari “T.Q.” ushbu jamiyatga tegishli Quyichirchiq tumanidagi 360 gektar sug‘oriladigan yerni va hozirda norasmiy foydalanib kelayotgan tuman zahirasidagi 100 gektar yerni uning nomiga o‘tkazib berishini aytib, evaziga 3 mln. 700 ming AQSH dollari so‘raydi. Shuningdek, bu ishlarni rasmiylashtirib berish uchun Quyichirchiq tumani xokimligidagi mansabdor shaxsga berishini aytib, yana 20 ming AQSH dollari talab qiladi.

DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “T.Q.” tadbirkordan jami 3 mln. 720 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)