12:20 / 03.02.2021
3 492

Koronavirus pandemiyasi sharoitida O‘zbekiston aholisining daromadlari qanday o‘zgardi?

Koronavirus pandemiyasi sharoitida O‘zbekiston aholisining daromadlari qanday o‘zgardi?
O‘zbekistonda 2020 yilning yanvar—dekabr oylari holatiga ko‘ra, aholining umumiy daromadlari 401,5 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan hisobotda keltirilgan.

Aholining umumiy daromadlari — majburiy to‘lovlar va boshqa ajratmalarni amalga oshirgunga qadar bo‘lgan yalpi daromadni ifoda etadi. Aholining umumiy daromadiga pul daromadlari va natural shaklidagi daromadlar kiradi hamda doimiy asosda, takrorlanuvchi xususiyatga ega bo‘lgan, yillik yoki undan kam vaqt oralig‘idagi davrda uy xo‘jaligi yoki uning alohida a’zolariga tushadigan tushumlardan tarkib topadi.

«Aholi daromadlari bo‘yicha real o‘sish sur’atlarini hisoblashda narx omillari ta’sirini chiqarib tashlash maqsadida inflyatsiya ko‘rsatkichlarining asosiy turlaridan biri — iste’mol narxlari indeksidan (INI) foydalaniladi. Iste’mol narxlarining o‘zgarishi sababli o‘tgan yilning mos davriga nisbatan aholi umumiy daromadlarining real o‘sish sur’ati 2,6 foizni tashkil etdi (o‘tgan yilning uchta choragi bo‘yicha pasayish 0,3 foizga teng edi)», — deyiladi Statqo‘m xabarida.

2020 yilning 12 oyi davomida aholi jon boshiga umumiy daromadlar 11,7 million so‘mni tashkil etgan, real o‘sish — 0,7 foiz, bu 2019 yilgi ko‘rsatkichlardan sezilarli darajada past (5 foiz).

2020 yilning yanvar—dekabr oylarida aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmi Toshkent shahrida (23,5 million so‘m) hamda Navoiy (19,2 million so‘m), Buxoro (14,4 million so‘m), Toshkent (12,5 million so‘m) va Xorazm (12 million so‘m) viloyatlarida respublika bo‘yicha o‘rtacha darajadan yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilganligi kuzatilgan.

Aholi jon boshiga umumiy daromadlar hajmi eng quyi ko‘rsatkichlari Farg‘ona (8,7 million so‘m) hamda Namangan (9 million so‘m) viloyatlarida va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (9,1 million so‘m) qayd etilgan.

Skrinshot: Davlat statistika qo‘mitasi
Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Navoiy viloyati (6 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (4 foiz), Samarqand (3,7 foiz) va Toshkent (3,4 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.

Shu bilan birga, aholi jon boshiga real daromadlarning pasayishi quyidagi viloyatlarda kuzatilgan: Sirdaryo — 2,4 foiz (2019 yilda o‘sish 7,1 foiz), Andijon — 2,2 foiz (+4,5 foiz), Farg‘ona — 1,7 foiz (+1 foiz) viloyatlarida va Toshkent shahrida — 1,2 foiz (+13,2 foiz).

Skrinshot: Davlat statistika qo‘mitasi
Davlat statistika qo‘mitasining 2000—2020 yillardagi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent va Farg‘ona, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida aholi jon boshiga umumiy daromad 20 yil ichida birinchi bor pasaygan, Xorazm viloyatida — 2003 yildan buyon birinchi bor, Andijon viloyati — 2015 yildan, Sirdaryoda — 2017 yildan beri.

Skrinshot: Davlat statistika qo‘mitasi
Aholining umumiy daromadlari tarkibida mehnat faoliyatidan olingan daromadlar (yollanma ishchilarning va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar) sezilarli ulushni tashkil etmoqda. 2020- yilning yanvar—dekabr oylari ma’lumotlariga ko‘ra, mehnat faoliyatidan olingan daromadlarning umumiy daromadlar tarkibidagi ulushi 69,3 foizni tashkil etgan. Mehnat faoliyatidan olingan daromadlarning nominal o‘sish sur’ati 2019 yilning mos davriga nisbatan 115,1 foizni tashkil etdi hamda aholi umumiy daromadlari nominal hajmining 10,5 foizga o‘sishi ta’minlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning aprelida Xalqaro valyuta jamg‘armasi iqtisodiy prognozini e’lon qilgan va unda jahon iqtisodiyotida YAIMning yil oxiriga borib 3 foizga tushishi mumkinligini bildirgandi. Bu 2009 yildan beri kuzatilgan birinchi retsessiya bo‘ladi, 11 yil avval global iqtisodiyot 0,08 foizga qisqargandi.

«2020 yilda dunyo iqtisodiyoti Buyuk tushkunlik davridan (1929—1933 yillar) buyon kuzatilmagan chuqur retsessiyani boshidan o‘tkazishining ehtimoli baland», — deya ta’kidlagan edi XVJning bosh iqtisodchisi Gita Gopinat.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirus pandemiyasi sharoitida O‘zbekiston aholisining daromadlari qanday o‘zgardi?