10:30 / 05.02.2021
1 532

Buxorodagi ko‘p qavatli uy portlashi oqibatida 12 kishi jarohatlangan

Buxorodagi ko‘p qavatli uy portlashi oqibatida 12 kishi jarohatlangan
Foto: Buxoro viloyati prokuraturasi
Buxoro shahridagi Islom Karimov ko‘chasida qurilayotgan 9 qavatli binoda sodir bo‘lgan portlash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Buxoro viloyati prokuraturasi ma’lum qildi.

Xabar berilishicha, 2021 yil 4 fevral kuni 17:30 da Buxoro shahar Islom Karimov ko‘chasida joylashgan White Group Trading MCHJ tomonidan qurilgan 9 qavatdan iborat bo‘lgan ko‘p qavatli uyning 3-qavatida tabiiy gazni ulash jarayonida gazning quvurdan sizib chiqishi natijasida portlash yuzaga kelgan.

Buxoro viloyati hokimligi hodisa oqibatida 6 kishi jabrlanganini ma’lum qilgandi. Prokuraturaning xabar berishicha, jami 12 kishi jabrlangan.

Ko‘p qavatli uyda bo‘lgan A.Mirzayev, N.Samadov va I.Sotiboldiyevlar, portlash jarayonida yo‘ldan transport vositalarida yo‘lovchi sifatida ketayotgan F.Jo‘rayeva, Sh.O‘rinova, N.Roziqova, B.Jo‘rayev, M.Mahmudova, B.Sobirova, Sh.Idiyeva, F.Yuldasheva va Sh.Asadovalar turli darajadagi tan jarohatlari olib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filialiga olib kelingan.

A.Mirzayev og‘ir, Sh.Asadova yengil va qolgan barcha fuqarolar o‘rta og‘ir tan jarohati olishgan. Hozirda ularga shifokorlar tomonidan tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.

Viloyat hokimligi xabarida Ahad Rizoyevning ahvoli og‘irligi ma’lum qilingandi. Prokuratura ma’lumotida esa bunday ism-sharifli odam haqida axborot berilmagan. Prokuratura jabrlanuvchilardan faqat A.Mirzayevning ahvoli og‘irligi haqida yozgan. Katta ehtimol bilan davlat tashkilotlaridan biri jabrlanuvchining familiyasini adashtirib yuborgan.

Foto: Buxoro viloyati prokuraturasi
Yetkazilgan tan jarohatlari bo‘yicha sudga oid tibbiyot va zarar yetkazilganligi bo‘yicha sudga oid baholash hamda sudga oid qurilish texnikaviy ekspertizalar tayinlandi.

Holat yuzasidan viloyat IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi «b» bandi (og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ushbu modda bo‘yicha aybdor deb topilganlar muayyan huquqdan mahrum qilinib, 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini oladi.

Dastlabki tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingani va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanishi ta’kidlangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Buxorodagi ko‘p qavatli uy portlashi oqibatida 12 kishi jarohatlangan