20:43 / 17.04.2021
1 693

«Aviachiptalar narxi haddan ziyod qimmat» – Senatorlar so‘rov yubordi

«Aviachiptalar narxi haddan ziyod qimmat» – Senatorlar so‘rov yubordi

Aholi bilan muloqotlarda fuqarolar tomonidan bildirilayotgan asosli e’tirozlar, joylardagi o‘rganishlar hamda mavjud ahvol ayrim yo‘nalishlar uchun aviachiptalar narxining haddan ziyod yuqoriligini ko‘rsatmoqda, deyiladi Senat xabarida.

Jumladan, bugungi kunda parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo‘lgan Toshkent–Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi faqat bir tarafga 4 mln. 700 ming so‘mni tashkil qilmoqda. Holbuki, parvoz vaqti 3 soat 40 daqiqadan iborat Toshkent–Moskva yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta narxi 4 mln. 200 ming so‘m, Toshkent–Riga yo‘nalishi bo‘yicha 2 mln. 800 ming so‘m (parvoz vaqti – 5 soat 30 daqiqa), Toshkent–Nyu York yo‘nalishi bo‘yicha esa 6 mln. 500 ming so‘m (parvoz vaqti –  12 soat) etib belgilangan. Samolyotlar turlari esa deyarli bir xil.

Ko‘rinib turibdiki, parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo‘lgan Toshkent–Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi undan bir necha soat ko‘p parvoz qilinadigan yo‘nalishlar uchun belgilangan narxlardan sezilarli darajada yuqoridir. Ushbu «tushunarsiz holat» fuqarolarimiz uchun qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.

Aholi bilan joylarda o‘tkazilgan muloqotlar va tegishli tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mas’ullar narx belgilashda fuqarolarimiz tushib qolgan tanlovsiz, murakkab vaziyatdan insofsizlarcha foydalanmoqda. Zotan, Qozog‘istonga chegaradan piyoda yoki avtotransport vositasida o‘tishga Qozog‘iston tomonidan pandemiya sababli taqiq qo‘yilgan va bizning mas’ullarimiz ana shunday sharoitda fuqarolarimiz majburligidan ham qimmat narxda chipta sotib olaveradi, degan ishonch bilan o‘z yurtdoshlarining manfaatlariga zid harakat (yoki harakatsizlik) qilmoqda.

Oqibatda ishlash yoki boshqa maqsadlarda qo‘shni Qozog‘istonga ketayotgan fuqarolarimiz yana asossiz va ortiqcha xarajat qilishga majbur bo‘lmoqda.

«Yuqoridagilarni inobatga olib, Toshkent–Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar haddan ziyod yuqori narxda sotilayotganligini o‘rganib chiqish va natijasi borasida ma’lumotlarni taqdim etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Sh.Sharaxmetovga senator so‘rovi yuborildi», deyiladi xabarda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » «Aviachiptalar narxi haddan ziyod qimmat» – Senatorlar so‘rov yubordi