23:33 / 21.05.2021
2 151

O‘z mehnatimizni muhofaza qilaylik


Hozirda mamlakatimizda ko‘plab yurtdoshlarimiz davlat tashkilotlarida yoki xususiy korxonalarida ishlasada, lekin ularning aksariyat qismi mehnat munosabatlarini tartibga solish va mehnatni muhofaza qilish qonunchilik bazasi yaratilganini, xususan, Mehnat kodeksi, «Aholi bandligi to‘g‘risida», «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonunlar mavjud ekanligini bilishmaydi.

Bu qonun hujjatlari mehnat bozoridagi dolzarb muammolarning yechimini topishda muhim huquqiy asos vazifasini o‘tashi hayoliga ham kelmaydi. Bugungi kunda ish beruvchi tomonidan mehnatni muhofaza qilish qoidalariga har doim ham qat’iy amal qilinmayotgani turli ko‘ngilsizliklar va og‘ir oqibatlarga olib kelmoqda. Bunga misol tariqasida «Navoiy Hamkor Beton» mas’uliyati cheklangan jamiyatida sodir bo‘lgan voqeani keltirishimiz mumkin.

Ushbu mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari temir-beton mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan. Korxonada yuk ko‘tarish kranida osilib turgan beton plita bexosdan shu yerda ishlayotgan ishchining boshiga tegib ketadi. Og‘ir jarohat olgan ishchini zudlik bilan shifoxonaga olib borishsa-da, shifokorlar uning hayotini saqlab qolisholmaydi.

Xo‘sh, ushbu fojiani oldini olish uchun nimalar qilish kerak edi?
Birinchidan korxona rahbari amaldagi «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonun talablariga rioya etmagan. Xususan, u ishchilarni buyruq asosida ishga qabul qilmagan. Faqat og‘zaki kelishuv asosida ishlagan ishchilar mehnat jarayonida shaxsiy himoya vositalari, maxsus kiyim-kechaklar bilan ta’minlanmagan. Bundan tashqari ishchilar mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qitilmagan, bu boradagi bilimlari sinovdan o‘tkazilmasdan turib, ishlashiga ruxsat berilgan. Xususan, yuk ko‘taruvchi kranni boshqaruvchi, unga yuklarni ildiruvchi va tushiruvchi ishchilar o‘quv tayyorgarligidan o‘tkazilmagani fojiaga sabab bo‘lgan.

Ta’kidlash joizki, baxtsiz hodisalar tufayli vafot etgan ishchining dafn marosimini o‘tkazish uchun oilasiga moddiy ko‘mak berilgan. Qolaversa, qonunchilikda belgilangan tartibda tovon puli ham to‘langan. Xalqimiz orasida «Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi» degan naql bor. Mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya etmasdan, ko‘r-ko‘rona ish tutish kutilmagan fojialarga sabab bo‘ladi. Afsuski, shundan keyingina mehnat muhofazasi qoidalari esga olinadi.

Biz mehnatni muhofaza qilish qoidalariga nafaqat qurilishlarda ishlaydiganlar, balki barcha soha vakillari rioya etishimiz shart. Shuning uchun ham siz qayerda ishlashingizdan qat’iy nazar «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonun bilan tanishib chiqing. Bu o‘zingiz va atrofdagi insonlar uchun foydalidir.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘z mehnatimizni muhofaza qilaylik