23:33 / 30.11.2021
3 222

Rasul Kusherbayevning harakatlarini qoralab chiqqan Adliya vazirligi tanqidga uchradi

Rasul Kusherbayevning harakatlarini qoralab chiqqan Adliya vazirligi tanqidga uchradi
Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati
Deputat Rasul Kusherbayev shanba kuni banklar ishlamasligi sabab dollarni “qora bozor”da so‘mga aylantirishga majbur bo‘ldi. Adliya vazirligi uning bu haqdagi videomurojaatini qoralab chiqdi. Buning ortidan vazirlik “Markaziy bankka advokatlik qilish”da ayblandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev 27 noyabr, shanba kuni o‘zining Facebook'dagi sahifasida jonli efir o‘tkazib, banklarning valyuta ayirboshlash shoxobchalari dam olish kunlari ishlamasligi muammosini ko‘tardi.

Odamlarning shanba kunlari ko‘proq bo‘sh vaqti bo‘ladi va narsa xarid qilishga chiqishi mumkin. Turistlar ham vaqti bo‘lsa shu kunlari aylanadi. Lekin banklarimizning valyuta ayirboshlash shoxobchalari shanba va yakshanba kunlari ishlamas ekan. Markaziy bank shu muammoni hal qilib bermay shu paytgacha yurganiga qoyil qolsangiz bo‘ladi”, dedi u.

Kusherbayev Yangiyo‘l shahrida 100 dollarlik kupyuraning faqat 50 dollarini almashtirish uchun bank shoxobchalari topolmagan. Naqd dollarni almashtiruvchi bankomat esa qaytim bermaydi. Banklar deputatga dam olish kunlari ularda tizim o‘chishini ma’lum qilgan.

Shundan so‘ng deputat 50 dollarni qaytim bilan olish uchun qora bozordan almashtiradi va shanba-yakshanba kuni bank kassalari, ayirboshlash shoxobchalarini ishlatib qo‘ymagani uchun Markaziy bankni ayblaydi.

Holatdan xulosa shuki, har qanday vaziyatda ham fuqarolar huquqbuzarlik qilmasliklari uchun ularni shuni qilishga majbur qiluvchi barcha sabablar bartaraf etilishi shart. Bo‘lmasa adolat nuqtayi nazaridan javobgar sharoit yaratmagan tomonning bo‘ynida bo‘ladi”, – deya yozdi Rasul Kusherbayev Telegram-kanalidagi postida.

Keyinroq u dam olish kunlari valyuta almashtirish bilan bog‘liq muammo sababli huquqbuzarlik qilishga majbur bo‘lgani va bunga Markaziy bank rahbarligida banklarning mas’uliyatsizligi sabab bo‘lgani haqida gapirib chiqdi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov deputat duch kelgan bu muammoning yechimi borligini va u butun dunyoda ishlashini, lekin “o‘ta ijtimoiylashgan maqsadlari bor” O‘zbekistonda ishlamasligi haqida yozdi.

Oldindan aytib o‘tish kerak, Kusherbayev yuz foiz haq, iste’molchi, mijoz sifatida ham, saylovchilaridan mandat olgan deputat sifatida ham. Qani endi har bir deputat shunday bo‘lsa”, – deydi u.

Bakirov tijorat banklari shanba-yakshanba kunlari va kechki vaqtlarda ayirboshlash shoxobchalarini ishlatmasligi sabablarini sanab o‘tdi.

Birinchidan, dam olish, bayram kunlari, kechki va tungi vaqtlarda xodimlarni kamida 2 karra haq to‘lab jalb qilish kerak bo‘ladi. Bu kassirlarga ham, nazoratchi, qo‘riqchi va inkassatsiyaga ham taaluqli. Ya’ni shoxobchalarning dam olish, bayram kunlari va tungi vaqtlarda ishlashi mehnat sarfi o‘rtacha 2 barobar yuqori.

Ikkinchidan, dam olish, bayram kunlari va tungi vaqtlarda ayirboshlash operatsiyalari hajmi boshqa vaqtdagiga nisbatan karrasiga kam. Bu – tajriba, amaliyot va kuzatuvlar tarzida aniqlangan holat. Valyuta operatsiyalariga eng asosiy talab hosil qiluvchilari – mokkilar, o‘rta va mayda tadbirkorlar, yosh, texnologik mijozlar operatsiyalarini yo ish kunlari o‘tkazishadi, yoki dam olish kunlari ular onlayn tarzda operatsiya o‘tkazishni ma’qul ko‘rishadi. Chunki ular uchun shu qulay va afzal.

Ko‘ryapsizki, dam olish, bayram kunlari, kechki va tungi vaqtlarda ayirboshlash shoxobchalarining xarajatlari karrasiga ko‘p, daromadlari esa karrasiga kam, moliyaviy natija esa doim manfiy. Ya’ni ularning bu vaqtda ishlamasligi asl sababi sof tijoriy nuqtalarga borib taqaladi
”, – deya tushuntiradi Otabek Bakirov.

Iqtisodchi masalaning yechimi bozor ekanini ta’kidlaydi:
Odatda butun erkin dunyoda va ayniqsa turistik mamlakatlarda ayirboshlashlash shoxobchalari dam olish kunlari va tungi vaqtlarda valyutani juda arzon sotib oladi va juda qimmat sotadi. Shu bilan o‘zining marjinalligini ta’minlaydi. Shartli aytsak, ish kuni dollarni 10750 so‘mdan sotib olayotgan bank shoxobchasi dam olish kunlari dollarni 10650 so‘mdan sotib oladi. Xuddi shunday, ish kuni dollarni 10800 so‘mdan sotayotgan bank shoxobchasi dam olish kunlari dollarni 10900 so‘mdan sotadi. Shu bilan hajm kamligidan yutqazadiganini kurs farqi orqali qoplaydi.

Dunyoning istalgan mamlakatida tunda aeroportdan tushganingizda eng noqulay kurslarga ro‘para bo‘lasiz, mehmonxonalarda ham shunday
”.

Yana bir iqtisodchi Behzod Hoshimov valyuta ayirboshlash huquqi faqat banklarga berilgani to‘g‘ri emasligi, bunday huquqni hammaga berish ham likvidlik berishi, ham raqobat ko‘p bo‘lgani uchun xizmat sifatini oshirishini ta’kidladi.

30 noyabr kuni Adliya vazirligi bayonot tarqatib, Rasul Kusherbayevning harakatlarini qonunni buzishga targ‘ib qilish deb baholadi.
Vazirlik deputatning harakatlarini amaldagi qonunlarni “buzishga qaratilgan namoyishkorona harakatlar” deb atab, buni “qattiq qoralashi”ni bildirdi.

Adliya organi O‘zbekistondagi qonunlar talablarini bajarish barcha uchun “haftaning qaysi kuni ekanidan qat’i nazar” majburiyligini uqtiradi.

Bildirilishicha, “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunning 19-moddasiga asosan, O‘zbekiston hududida chet el valyutasini sotib olish hamda sotish faqat banklar orqali amalga oshiriladi. Valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazganlik uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 170-moddasida javobgarlik belgilangan.

Albatta, Rasul Kusherbayevning yuqoridagi xatti-harakatiga uning deputatlik maqomini e’tiborga olib, faqat tegishli vakolatli organ huquqiy baho berishga haqli va bu jarayon amalga oshmaguncha hech kim uni qonunbuzar deb e’tirof etish mumkin emas”, – deya qo‘shimcha qiladi vazirlik.

Bayonotda deputat o‘z vakolatlari doirasida masalani tizimli hal qilish maqsadida rasmiylarga so‘rov yuborishi yoki sohaga doir qonunlarga o‘zgartirish bo‘yicha tashabbus bilan chiqishi ham mumkinligi eslatilgan.

Adliya vazirligining bu munosabati ijtimoiy tarmoqda tanqid qilindi.

Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov O‘zbekistonda bajarilmayotgan farmon-u qarorlar, qonunlar, noto‘g‘ri talqin qilinayotgan qonun normalari juda ko‘pligini haqida gapirib, bunday amaliyot uchun mas’ul idoralardan biri aynan Adliya vazirligi ekaniga urg‘u bergan.

Adliya vazirligi shuncha ishlardan ortib, deputat Rasul Kusherbayevning “qora bozor”da 50 AQSH dollari sotib olgani, buni Markaziy bank valyuta ayriboshlash shoxobchalarini dam olish kunlari ham tashkil qilmaganiga protest o‘laroq sodir etganini qoralab, uzundan uzoq bayonot e’lon qilibdi, tasanno! Bayonot mazmunidan deputat huquqbuzar, yanayam to‘g‘rirog‘i, potensial jinoyatchi, u javobgarlikka tortilishi kerak.

Ammo “qora bozor” hamon faoliyat yuritib kelayotgani, de-fakto bu hatto qonunbuzarlik ham bo‘lmay qolganini muhtaram adliyachilarimiz yaxshi biladi. Bu boradagi muammoni bartaraf qilishga hukumatning ma’muriy kuchi yetmayotgani, falajlangan vazirliklar, idoralarga esa farqi yo‘qligini tushunib turibmiz
”, – deydi inson huquqlari faoli.

Tashanovga ko‘ra, vazirlik shuncha ishlar qolib, “Markaziy bankka advokatlik qilgandan ko‘ra”, dam olish kunlari ham valyuta ayriboshlash shoxobchalari tashkil qilish foydali ekani va qonunlar bilan taqiqlanmasligini tushuntirishi kerak edi. Shuningdek, u Adliya vazirligining “qilni qirq yoradigan huquqshunoslari” tutgan yo‘l jamoatchilikni muammolardan chalg‘itishga urinishday tuyulganini aytgan.

Adliya bayonotiga munosabat bildirgan iqtisodchi Otabek Bakirov hamma qonunlar ham ijtimoiy kelishuv emasligini ta’kidladi.

Sovet ittifoqida 1937–38 yillarda amalga oshirilgan qatag‘onlar sovet qonunchiligi bo‘yicha qonuniy bo‘lgan. Unga qarshi chiqqanlar jinoyatchi sanalgan. Qonun bo‘yicha.

Gitler Germaniyasida yevreylarni konslagerlarda saqlash va pechkalarda yoqish bilan yo‘qotish uchinchi reyxning Nürnberger Rassengesetze deb atalgan qonuni doirasida amalga oshirilgan. Boshqacha aytganda, reyxning dushmanlari va yevreylar amaldagi qonun doirasida yo‘q qilingan.

Gitler va Stalinni tinch qo‘yaylik. Yaqin o‘tmishimizda amalda bo‘lgan propiska qonunlari ham qonuniy bo‘lgan. Qonun nomi bilan o‘zbekistonliklar poytaxtga kiritilmagan yoki mulk sotib olishiga yo‘l qo‘yilmagan.

Bunday misollarni yana uzoq davom ettirish mumkin. Pulli tonirovka yoki jarimalar ham qonuniy. Budjet sohasida ishlamaydigan ayollarga dekret puli berilmasligi ham qonuniy. Oligarxlarga budjet pullarining taqsimlanishi ham qonuniy. Serveri O‘zbekistonga ko‘chirilmagan ijtimoiy tarmoqlarni bloklash, cheklash ham qonuniy.

Bilasizmi, biz qonuniy deb sanagan yuqoridagi qonunlarni nima birlashtirib turadi? Ular ijtimoiy kelishuv emas
”, – deya yozadi iqtisodchi.

Bakirov yomon qonunlarning ziyonli ekanini aytish va bu haqda mulohaza yuritish jasorat ekanini qo‘shimcha qilgan.

Holatga Markaziy bank izoh bermadi.

Eslatib o‘tamiz, Adliya vazirligi va deputat Rasul Kusherbayev avvalroq avtomobillarning kunduzi fara yoqib yurishi mavzusida ham bahslashishgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rasul Kusherbayevning harakatlarini qoralab chiqqan Adliya vazirligi tanqidga uchradi