
O‘zbekiston terma jamoasining Misr va Eronga qarshi o‘yinlarida Fabio Kannavaro shtabiga qo‘shilib ishlagan “Bunyodkor” klubi tahlilchisi Karlo Alberto Bertone o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, milliy jamoa safida olingan tajriba uning futboliga yangi ruh va yangi qarash olib kirgan.
Bertone ijtimoiy tarmoqdagi murojaatida jamoa va murabbiylar shtabiga chuqur minnatdorchilik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Kannavaro bilan bir maydonda ishlash, uning taktik qarashlari va ish uslubini yaqindan kuzatish har bir tahlilchi uchun qimmatli maktabdir.
“Keyingi kun avvalgisidan go‘zalroq bo‘ladi. Milliy terma jamoa bilan ishlash imkoniyati uchun Fabio Kannavaro va O‘FAga minnatdorlik bildiraman. Bu onlar hech qachon yoddan chiqmaydi. Endi klubimga qaytib, mavsumni yuqori kayfiyatda yakunlashga bel bog‘ladim”, — deb yozdi u.
Futbol tahlilchilari orasida Bertonening ish uslubi ancha yuqori baholanadi. O‘zbekiston termasining Misrga qarshi qudratli o‘yini va Eronni kamchilik bo‘lib mag‘lub etishida uning taktik ko‘magi va raqib tahlili ham o‘rin tutgani aytiladi.
Kannavaro uchun esa qo‘shimcha mutaxassislar bilan ishlash — jamoaning har bir jihatini yaxshiroq ko‘rish va o‘yin ssenariylarini teran tahlil qilish imkoniyati. Shu jihatdan Bertonening milliy jamoaga qo‘shilgani, ayniqsa o‘rtoqlik uchrashuvlari arafasida, murabbiylar shtabi uchun kerakli qadam bo‘ldi.
Bertone endi “Bunyodkor” safida mavsumning qolgan o‘yinlariga tayyorlanmoqda. Uning milliy jamoada orttirgan tajribasi klub foydasiga ham ishlashi shubhasiz. Muxlislar esa tahlilchi kelajakda yana terma jamoa shtabida ko‘rinib qolishi mumkinligini qo‘llab-quvvatlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.