
Nilufar Usmonova bu yilgi katta konsert dasturi oldidan muxlislar qiziqqan savollarga javob berdi va sahnada taqdim etiladigan yangiliklar haqida to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, shu mavsum bir nechta mutlaqo yangi duetlar, turli tillardagi kuylar va tomoshabinlarga manzur bo‘ladigan hikoyaviy qo‘shiqlar saxnaga olib chiqiladi.
Avvalo, xonanda Alisher Ro‘zmetovning o‘g‘li, “Sev meni” taronasi muallifi Hojiakbar Ro‘zmetov bilan ona–o‘g‘il muloqoti asosida yaratilgan yangi kuy taqdim etiladi. Qo‘shiq yillar davomida shahrida ishlab, oilasi bag‘riga qaytishi uchun kutilgan yigit va uni intizorlik bilan kutgan onaning ta’sirli hikoyasiga bag‘ishlangan.

Nilufar Usmonova, shuningdek, bu yil Aziz Yo‘ldoshev bilan ham yangi duet tayyorlayotganini aytdi. Uning fikricha, san’atkorlar “pazl” kabi bir-biriga ruhiyat jihatidan mos keluvchi ijodkorni izlab topadi. Yosh yoki tajribali bo‘lishining ahamiyati yo‘q — eng muhimi, musiqa va ruhiyat birlashishi.
Yulduz Usmonova bilan duet masalasi
Har yilgi an’anaviy savol — onasi Yulduz Usmonova konsertga chiqadimi?
Nilufar Usmonovaning javobi oddiy va samimiy:
— Yulduz Usmonovaning o‘z ishlari, o‘z konsert paytlari bor. Ularga hurmat saqlash kerak. Xonanda sifatida kelishlarini xohlardim, lekin qizi sifatida “ayam dam olsin” deyman. Bu konsert — mening konsertim. Meni ko‘rish uchun kelishsin. Ayam meni sahnaga olib chiqib, “mana mening qizim” deb tanishtirmagan. Shuning uchun o‘z muxlislarim uchun o‘zim chiqayapman, — deydi u.

Eng qiyin tayyorlanayotgan qo‘shiq
Uning fikricha, bu yilgi dasturda eng murakkab bajarilishi talab qilinadigan asar — “Kel ikkimiz” qo‘shig‘i.
— Juda og‘ir, juda batafsil ishlanadigan qo‘shiq. Shu sababli sozandalar, raqqosalar bilan uni qayta-qayta takrorlab chiqyapmiz, — deydi Nilufar.
Jamshid Bobojonov bilan duet nima uchun?
Nilufar Usmonova aktyor Jamshid Bobojonov bilan ham duet kuylaydi. Lekin bu u yoki aktyorning tashabbusi emas.
— Jamshid o‘zini xonanda deb o‘ylamaydi. Faqat muxlislar talabi shunchalik ortdiki, har kuni Instagram’da “duet qilinglar” deb yozishadi. Men bu xabarlarni u kishiga ham yubordim. Xalq ko‘rmoqchi ekan, aytamiz dedik. Bizdan nima ketdi? — deb izohlaydi san’atkor.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.