
Rossiyaning Moskva viloyati Shyolkovo shahrida sodir bo‘lgan va jamoatchilikda jiddiy muhokamalarga sabab bo‘lgan og‘ir voqea bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 49 yoshli kar-soqov erkakni kaltaklab o‘ldirib qo‘ygan 26 yoshli O‘zbekiston fuqarosiga atigi 1-yillik shartli qamoq jazosi tayinlandi. Shuningdek, jasadni yashirishda unga ko‘maklashgan sherigi Rossiyadan deportatsiya qilingani xabar qilindi. Bu haqda “Moskva onlayn” ma’lum qildi.
Hodisa joriy yilning 20-iyul kuni ro‘y bergan. Metall qidirib yurgan ikki migrantga marhum imo-ishora orqali xayolsizlik qilmaslikni eslatgan. Biroq erkaklar bu ishorani haqorat sifatida qabul qilgan va ulardan biri kar-soqov erkakni bir necha marta urgan. Jabrlanuvchi yiqilib tushgan va boshiga olgan qattiq jarohatlar tufayli voqea joyida vafot etgan.
Shundan so‘ng ikki shaxs marhumning jasadini chetga sudrab, izlarni yo‘qotishga harakat qilgan. Tez orada ikkalasi ham qo‘lga olingan: biri qotillikda, ikkinchisi esa jinoyat izlarini yashirishda ayblangan.
Dastlab tergov bu harakatni “qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish” deb baholagan. Biroq keyinchalik ayblov “ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sabab bo‘lish” moddasiga yengillashtirilgan. Shu sababli, sud tomonidan ham jazo ancha yumshatilib, shartli ravishda bir yil bilan cheklangan.
Marhumning qarindoshlari ushbu qarorni keskin rad etmoqda. Ularga ko‘ra, marhum janjalga hech qanday sababchi bo‘lmagan, aksincha, tinchlikka chaqirgan. Shu bois tergovning ayblovni yengillashtirishi va sudning “yumshoq” hukmi adolatsizlik sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.