13:02 / 31.12.2021
2 022

8 ming yevrolik yaxshilik

8 ming yevrolik yaxshilik
Illyustratsiya: «Daryo» / Dilzoda Hamidjonova
Har kimda har doim yaxshilik qilish, kimgadir yordam berish imkoni bo‘ladi. Biz uchun oddiy, arzimasdek ko‘ringan harakatlarimiz ortidan kimningdir mushkuli oson bo‘lishi, qo‘yingki, hayoti butunlay yaxshi tomonga o‘zgarib ketishi mumkin. «Daryo» «Yaxshilik» loyihasi doirasida yaxshilik haqidagi hayotimizda ro‘y bergan real hikoyalar chop etib boriladi. Dastlabki hikoya farg‘onalik jurnalist Sohiba Abdurahmonovaga tegishli.

2015 yil. Qizim nemis tilini o‘rganib yurgan paytlar edi. Farg‘ona davlat universitetiga master-klass o‘tish uchun Germaniyadan bir guruh o‘qituvchilar kelgandi. Ular bir necha oy nemis tiliga qiziquvchi yoshlarga darslar o‘tdi. O‘quvchilar orasida mening qizim ham bor edi.

Bir kuni qizim «Oyijon, o‘qituvchilarim Germaniyaga qaytib ketyapti. Bir o‘qituvchi menga juda yoqib qoldi. O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘rarkan. Shu ayolni uyimizga chaqirib, mehmon qilmaymizmi?», deb qoldi. Men esa «Albatta, shuncha payt tekinga o‘qitishyapti, shuncha narsa o‘rganding, mayli, rahmat sifatida osh qilib beraman», deb rozi bo‘ldim.

Ayol uchun kichkinagina dasturxon yozib, mehmon qildik. O‘shanda turmush o‘rtog‘imning jahli chiqdi.

— Nima keragi bor edi, chet ellikni uyga chaqirish shartmidi, bular davlat nazoratidagi shaxslar bo‘lsa!?

— Dadasi, qo‘yavering, mehmon atoyi Xudo, ertaga bizga ham biror yaxshiligi tegar. Hech bo‘lmaganda qizingiz Germaniyada o‘qiyotganda biror marta tushlik olib qaytarar...

— Bugun bor-u ertaga ko‘rmaydigan odaming bo‘lsa, nima yaxshiligi tegardi?

Suhbatimiz shunday yakunlandi.

Turmush o‘rtog‘imning fe’li o‘zi shunday og‘irroq edi. Keyinroq yana gaplasharman dedim-da, mehmonga qaradim.

Xullas, ayolni chiroyli mehmon qilib kuzatdik, adras sharf sovg‘a qildik. Mehmon Semona bizga rahmat aytib, xursand bo‘lib, o‘z yurtiga qaytib ketdi.

Oradan yillar o‘tdi. Qizim litseyni tamomlash arafasida Berlindagi universitetga grant yutib oldi. Boshqa tarafdan esa fan olimpiadasining respublika bosqichida g‘olib bo‘lib, O‘zbekistondagi (blokida nemis tilisi bo‘lgan) istalgan ta’lim muassasasida grant asosida tahsil olish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

Qizim bolaligidan xorijda tahsil olishni orzu qilardi. Tabiiyki, grant yutgani uchun Germaniyani tanladi. Ammo o‘sha payt bir muammo paydo bo‘ldi. Ya’ni Germaniyaga viza olishi uchun bankda o‘sha fuqaroning hisob raqamida sakkiz ming yevro puli bo‘lishi kerak ekan. Bu mablag‘ talabaning davolanishi, pulga muhtoj bo‘lib qolmasligi uchun zarur ekan, bitirgunicha talabaning hisobida turishi shartligi aytildi. Usiz hech qanday viza berilmas ekan.

Bilasiz, bu o‘sha paytda (hatto hozir ham) kichkina pul emasdi. Tanish-bilishlardan yordam so‘radik, lekin buncha pulni birdaniga topish amrimahol edi. O‘qish esa yaqin orada boshlanar, qizim «Germaniyaga ketolmaymanmi?», deb yig‘lardi.

Bizning bo‘lsa boshimiz qotgandi. Sakkiz ming yevroni endi qayerdan topamiz?

O‘sha paytlari Nexia rusumli mashinamiz bor edi. Dadasidan «Keling, shuni sotib, bankdagi hisob raqamga qo‘yib turaylik», deb so‘radim. Ammo xo‘jayinim «O‘zbekistonga ham grantga kirdi-ku, shu yerda o‘qisa bo‘lmaydimi?» dedi va mashinasini sotishga rozi bo‘lmadi. Oilada ko‘pchilikmiz, mashinaning ham yordami yaxshigina tegib turgandi.

Endi nima qilamiz deb Allohdan yordam so‘rab, yechim izlardik. O‘zining mehribonligini qarangki, o‘sha payt bir yangilikdan xabar topdik. Ya’ni mamlakat qonunlariga ko‘ra Germaniyada yashaydigan oylik maoshga ega inson boshqa mamlakatdan keladigan talabani o‘z qaramog‘iga olsa, pulsiz qolganida mablag‘ beraman, kasal bo‘lsa, davolataman, deb kafolat xati bersa, hech qanday hisob raqamdagi mablag‘ talab qilinmas ekan.

O‘sha ayolga bu haqda yordam so‘rab yozganimizda, u bajonidil rozi bo‘ldi va bizga tilxat yubordi. Biz esa o‘sha hujjat bilan hech qanday ortiqcha mablag‘larsiz qizimni Germaniyaga o‘qishga yubordik. Birgina tushlik sakkiz ming yevro bo‘lib qizimga, oilamizga qaytdi...

Xonzodabegim A’zamova yozib oldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 8 ming yevrolik yaxshilik